Home / MAQOLALAR / SIYOSAT, FAN VA ADABIYOT TILI

SIYOSAT, FAN VA ADABIYOT TILI

18 dekabr – Xalqaro arab tili kuni

Jahon tillaridan biri hisoblangan arab tili insoniyat tamaddunida, ilm-fan taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etgan. Bu tilda yaratilgan ilmiy asarlar koʻplab ixtirolarga, kashfiyotlarga sabab boʻlgan.

Bu til faqatgina arab diyorlari aholisining muloqot vositasi boʻlibgina qolmay, butun dunyo musulmonlarining ham umumiy tilidir. Chunki, musulmonlarning muqaddas kitobi – Qurʼon aynan shu tilda nozil qilingan. Koʻplab islomiy ibodat va marosimlarni bajarishda shu muqaddas tildan foydalaniladi. Arab tili, shuningdek, arab dunyosidagi bir qator nasroniy cherkovlarning asosiy marosim tilidir. Ayni paytda Oʻrta asrlardagi yahudiylikka oid diniy asarlarning koʻpchiligi shu tilda yozilgan. Arab tilining mavqei islom dinining dunyo miqyosida keng tarqalishi tufayli koʻtarildi, chunki u koʻp asrlar davomida musulmonlar hukmronlik qilgan oʻlkalarda siyosat, fan va adabiyot tiliga aylandi.

Arab tili asrlar davomida ilm-fanda, aholi orasida ishlatilgan boʻlsa-da, XX asrga kelibgina dunyo doirasida rasmiy til sifatida eʼtirof etildi. U Birlashgan Millatlar Tashkilotining olti rasmiy tilidan biri hisoblanadi. 1973 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasi sessiyalarida arab tilini ilk bor ishlatishga muvaffaq boʻlindi. Shu yili arab tilini rasmiy tillar qatoriga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. BMT va uning tarkibidagi boshqa tashkilotlar 1973 yil 28 dekabrda boʻlib oʻtgan Bosh Assambleya sessiyasining 3190-sonli qarorini eʼlon qildi. Unda arab tili rasmiy tillar qatoriga qoʻshilgani belgilab qoʻyilgan edi.

2012 yil oktyabr oyida YUNESKO Ijroiya kengashining 190-sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda 18 dekabrni “Xalqaro arab tili kuni” deb eʼlon qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan va ilk bor bu sana oʻsha yili YUNESKOda nishonlangan.

2011 yilda “Bloomberg Businessweek” nashri arab tilini biznes uchun eng foydali tillar qatoriga qoʻydi. 2013 yilda Britaniya Kengashi Birlashgan Qirollikda eng koʻp talab qilinadigan tillar boʻyicha “Kelajak tillari” sarlavhasi ostida katta hisobot eʼlon qildi. Tashkilot maʼlumotlariga koʻra, arab tili Buyuk Britaniyada eng koʻp daromad keltiradigan tillar roʻyxatida ikkinchi oʻrinda turadi.

Arab tili somiy tillar oilasiga mansub boʻlib, unda 467 milliondan ortiq kishi soʻzlashadi. Bu til arab dunyosidan tashqari boshqa koʻplab yaqin hududlar aholisi orasida ham keng tarqalgan. Jumladan, Turkiya, Chad, Mali, Senegal, Eritreya, Efiopiya, Janubiy Sudan va Eronda. Shunday qilib, u dunyodagi eng keng tarqalgan tillar orasida toʻrtinchi oʻrinni egallaydi. Rasmiy til sifatida tan olingan mamlakatlar (jami 27 ta) soni boʻyicha uchinchi oʻrinda turadi. Internetda eng koʻp qoʻllaniladigan toʻrtinchi til hisoblanadi.

Dunyo sivilizatsiya rivojiga munosib hissa qoʻshgan Buxoriy, Termiziy, Xorazmiy, Beruniy, Forobiy, Ibn Sino va boshqa koʻplab yetuk alloma ajdodlarimiz aynan arab tilida ijod qilgan. Buyuk tilshunos bobokalonimiz Mahmud Zamaxshariyning arab tili grammatikasi va tilshunosligi boʻyicha “Unmuzaj” va “Mufassal” asarlari nafaqat oʻsha davrning muhim manbasi boʻlgan, balki hozir ham zarur qoʻllanma vazifasini bajarmoqda. Movarounnahr mutafakkirlarining boy ilmiy merosini oʻrganish va kelajak avlodga yetkazish uchun bu tilni oʻrganish ayni muddaodir.

Bahodir MIRZAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

MAVLONO MUHAMMAD QOZINING “SILSILATUL-ORIFIN VA TAZKIRATUS-SIDDIQIN” ASARIDAGI TARIXIY-TASAVVUFIY GʻOYALAR

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida dunyoga mashhur allomalarimiz maʼnaviy merosini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Biz …