Home / XALQARO YANGILIKLAR / ISLOM OLAMIDAGI NUFUZLI NASHRNING EʼTIROFI

ISLOM OLAMIDAGI NUFUZLI NASHRNING EʼTIROFI

Islom hamkorlik tashkiloti Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRSIKA)ning yangi nashrdan chiqqan “Newsletter” axborot byulletenida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan “Sahihul Buxoriy” asarining jahon kutubxonalarida saqlanayotgan qadimiy va nodir qoʻlyozma nusxalari” mavzusida oʻtkazilgan xalqaro konferensiya tafsilotlariga oid maqola eʼlon qilindi. Anjuman ishi keng yoritilgan materialda xalqaro miqyosdagi mutaxassislar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar, ilgari surilgan gʻoya va takliflar ham oʻrin olgan.

Maqola yakunida yetakchi sharqshunos va dinshunos olimlarning Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida islom madaniy merosini oʻrganish va ommalashtirish yuzasidan koʻp tomonlama xalqaro hamkorlik asosida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot va tarjima ishlari hamda maʼrifiy yoʻnalishdagi faoliyat samaralarini inobatga olib, ushbu muassasani buyuk muhaddis merosini tadqiq qilish boʻyicha tizimli muloqot va maʼlumot almashuv maydoni sifatida eʼtirof etgani bayon qilingan.

IRSIKAning “Newsletter” axborot byulleteni 1984 yilda taʼsis etilgan. Yiliga uch marta Islom hamkorlik tashkilotining rasmiy uch tili – ingliz, fransuz va arab tillarida chop etiladi. 130 davlatda 8 mingga yaqin obunachisi bor. Nashrda jahonda sodir boʻlayotgan voqealar va islomshunoslik, xususan, musulmon davlatlari va jamoalarining madaniy hayoti bilan bogʻliq maʼrifiy, akademik va badiiy faoliyatga oid xabarlar, shuningdek, IHT va IRSIKA faoliyati yangiliklari bilan birga, dunyo boʻylab oʻtkazilayotgan yirik konferensiyalar, simpozium va koʻrgazmalar haqida maʼlumotlar va kitoblar sharhlari beriladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …