Home / FOTO LAVHALAR / MARKAZ XODIMLARI “YASHIL MAKON” UMUMMILLIY LOYIHASIDA ISHTIROK ETDI

MARKAZ XODIMLARI “YASHIL MAKON” UMUMMILLIY LOYIHASIDA ISHTIROK ETDI

Shu kunlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimiz boʻylab davom etayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi mazmun-mohiyati jihatidan kelajak avlod taqdiriga daxldorligi bilan ahamiyatlidir. 10 dekabrga qadar koʻchat oʻtqazish boʻyicha eʼlon qilingan dolzarb 40 kunlik doirasida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi rahbarligida Payariq tumani Xoʻja Ismoil shaharchasida “Imom Buxoriy avlodlari bogʻi” asos solindi.

Shu munosabat bilan viloyat hokimligi mutasaddilari, diniy tashkilot va idoralar xodimlari, jamoatchilik vakillari, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi, Hadis ilmi oliy maktabi pedagog-xodim va talabalari ishtirokida tashkil etilgan marosimda Samarqand viloyat hokimining diniy va jamoat tashkilotlari bilan aloqalar boʻyicha oʻrinbosari D.Mamadqulov va viloyat bosh imom-xatibining oʻrinbosari X.Sattorov soʻzga chiqib, kelajakka bebaho sarmoya tariqasida yoʻnaltirilgan ezgu tashabbus – “Yashil makon” umummilliy loyihasining global murakkab ekologik vaziyatni yumshatish va atrof-muhit musaffoligini taʼminlash hamda inson salomatligini mustahkamlashdagi yuksak ahamiyatini qayd etdi.

Taʼkidlanganidek, mazkur loyiha doirasida yaratilayotgan bogʻ aholi hayoti farovonligini oshirishga, buyuk muhaddis nomi bilan ataluvchi shaharchaning yanada koʻrkam boʻlishiga, bu yerda kishi koʻzini quvnatadigan yana bir yangi manzara hosil etishga xizmat qiladi.

Marosimdan soʻng bogʻ uchun ajratilgan hududda koʻchat oʻtqazishga kirishildi. Jarayon davomida 600 nafarga yaqin ishtirokchi 1 gektardan ziyod maydonga 1500 dan ziyod mevali daraxt koʻchati oʻtqazdi.

 

Ushbu jarayonda tuproq unumdorligiga alohida eʼtibor qaratilib, avval yer haydaldi, maydon sugʻorishga tayyor holatga keltirildi. Bogʻda oʻtqazilgan koʻchatlarni parvarish qilish boʻyicha alohida chora-tadbirlar belgilandi va masʼullar biriktirildi. Ularga umuman hudud obodligini taʼminlash vazifasi yuklatildi.

Mamlakatimiz boʻylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi amaliy tadbirlar qizgʻin davom etmoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Mashgʻulotlar amaliyot bilan bogʻlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan oʻtgan davr mobaynida qator xalqaro nufuzli tashkilot va ilmiy …