Home / MAQOLALAR / ALISHЕR NAVOIYNING HAYOTI VA IJODIY FAOLIYATIGA SAMARQAND MAʼNAVIY-MAʼRIFIY MUHITINING TAʼSIRI (tarixiy-sinergetik tahlil)

ALISHЕR NAVOIYNING HAYOTI VA IJODIY FAOLIYATIGA SAMARQAND MAʼNAVIY-MAʼRIFIY MUHITINING TAʼSIRI (tarixiy-sinergetik tahlil)

Alisher Navoiy 1464-1469 yillarda yirik ilmiy-maʼrifiy va madaniy markazlaridan hisoblanmish Samarqandda boʻlib, zamonasining mashhur olimu fuzalolari bilan uchrashadi va ulardan saboq oladi. Hazrat Navoiyning Samarqanddagi hayoti va ijodiy faoliyati atoqli navoiyshunos olimlar V.Abdullayev [1], B.Valixoʻjayev [2] asarlarida atroflicha yoritiladi. Alisher Navoiyning Samarqandda boʻlishi tasodifmi, zaruratmi? Navoiy uchun zarurat edi. Samarqand uchun tasodif edi. Bu buyuk soʻz sanʼatkorining yetishib chiqishiga zamin boʻldi. Bu tasodif sinergetik tasodif, aniqrogʻi bu tarixda boʻlib oʻtgan tarixiy tasodif edi. Bu tushunchani olimlar “tasodifdagi zaruriyat” deb ataydi.

Samarqand va Hirotda Temuriy shahzodalarning taxt uchun davomli kurashlari, Movarounnahr va Xuroson davlatlari oʻrtasidagi betoʻxtov janglardan soʻng 1459 yilda Sulton Abusaid Hirotni egallaydi.

Bu vaqtda Mashhadda boʻlgan Alisher Navoiy (1441-1501) uch-toʻrt yil davomida Hirotga, tahlikali shart-sharoitlarga koʻra, qadam bosa olmadi.  Oradan toʻrt yil oʻtib, beshinchi yil deganda (1464) Hirotga borganida “Abusaid Sultonning… ostoni mulozamatida… oʻzining holiga rioyat va tarbiya topa olmadi” [1: 3-4]. Alisher Navoiyning Hirotdan Samarqandga qilgan safari haqida Zahiriddin Muhammad Bobur “Bilmam, ne jarima bila Alisherbekni Sulton Abusaid mirzo Hiriy (Hirot)dan ixroj (surgun) qildi” [3: 153], – deb yozadi.

Alisher Navoiyning Hirotdan Samarqandga chetlatilishiga (tasodifni qarangki, bu chetlashtirish shoir uchun ilm olamida katta imkoniyatlar eshigini ochdi – B.T.), uning otasi Kichkina Bahodirning Xurosonning sobiq hokimi Abulqosim Boburning Sabzavordagi namoyandasi boʻlgani, Alisher Hirotga kelgan paytlarda (1464) badahshoniylarning Sulton Abusaidga qarshi isyonlari avjida edi. Abusaid tomonidan mol-mulki talon-taroj qilingan badaxshoniylarga Alisherning xayrixohligi, maktabdosh doʻsti Husayn Boyqaroning 1460-1464 yillarda Abusaidga qarshi olib borgan janglarida shoirning togʻalari Mirsaid va Muhammad Alilar Husayn  qoʻshinlari safida turib, Abusaidga qarshi janglarda qurbon boʻlgani, Sulton Abusaidning hukmdor sifatida nojoʻya tadbirlari, oʻzining qon-qarindoshlari boʻlgan Sulton Ulugʻbekning oila aʼzolarini qirib tashlashi kabi hunrezliklar sabab boʻlgan [1: 5-7]. Adolat va tinchlik tarafdori boʻlgan Navoiyda Abusaidning ichki siyosatiga nisbatan yuzaga kelgan keskin norozilik tugʻyoni sabab, bundan keyin uning Hirotda qolishi mumkin emas edi.

Shuningdek,  shoir 1466-1467 yillarda Sayid Hasan Ardasher nomiga bitilgan sheʼriy maktubida shoir Hirotni tark etib Samarqandga ketish sabablarini bayon etar ekan, shoirlik iqtidori yetarli qadrlanmagani, ijod qilish uchun durustroq sharoit boʻlmaganini koʻrsatib oʻtadi [1: 28].

Alisher Navoiyning “Mahbubul qulub” [5]  (1501) asaridan maʼlum boʻladiki, shoirning Samarqandga safari oson kechmagan, togʻlar osha, sahrolarda qiynala-qiynala, gʻariblik mashaqqatlarini tortib manzilga yetib keladi.

Mazkur pandnomada: “Nochor va notavonlik paytlarimda, falokatli zamonlarda va noumid yurgan paytlarimda goho ilm madrasalarida oxirgi saflardan joy oldim”, – deya bayon etilishidan shoirning Sulton Abusaid hukmronligi davrida kechgan tahlikali va umidsiz hayotini hamda musofirlik sabab Samarqandda kechirgan qiyinchiliklarni his etish mumkin.

Shuningdek, shoir – “Goho ulamolar majlislarida ularning qadami tekkan yerga yuzimni qoʻydim va koʻp sajda tufayli peshonam shilinib ketdi. Goho poklar xonaqosi ahlining obdastalariga suv qoʻydim, va ularning hurmatini qozondim. Goho pastkashlar oldida xor boʻldim va razillar oldida beeʼtibor boʻldim. Goho majnunlik (telbalik-B.T.) mahallasida razil kishilar boʻynimga shapaloq urdilar va yosh bolalar boshimga tosh yogʻdirdilar va goho shahrim eli tomonidan jabr koʻrib, gʻurbat tortib, gʻariblarga qoʻshildim. Va togʻlar choʻqqisida orom topdim va sahro etagi panohim boʻldi. Goho gʻurbatda bemor boʻlib, gʻariblar ichida ham xor boʻldim. Goho bu azoblarga chidolmasdan azmi vatan qildim (vatanga yoʻl oldim-B.T.)”, [5:10] deb yozadi.  Demak, musofirlikda duch kelgan aʼzob-uqubatlar va xorliklar Navoiydek insonparvar, xalqparvar, hokisor va bardoshli zotni ham qiynagani anglanadi. Bu mashaqqatlar Alisher Navoiyni toblaydi, chiniqtiradi.

Ammo Samarqandga kelish uning uchun katta baxt edi. Qadimiy shahar bilan tanishmoq, Ulugʻbek madrasasida ilm olmoq, uning tashabbusi bilan qad koʻtargan meʼmorchilik yodgorliklarini koʻzdan kechirmoq, rasadxona va madrasalarda bunyod etilgan nodir asarlarni muhokama etmoq, zabardast olimlar bilan yuzma-yuz koʻrishib, dars olib, ahlu ilmu shuaro bilan bahslashmoq, ilmiy va madaniy saviyada baland qoyalarga koʻtarilmoq uning eng muhim va ezgu orzularidan edi.

Muhammad Olim Samarqandiy, Hoja Xisrav, Alon Shoshiy, Jaloliddin Lutfullo Buxoriy, Qutbiddin Samarqandiy, Mavlono Fozili Samarqandiy, Mavlono Soili Nasafiy va nihoyat falsafa, huquqshunoslik hamda arab tili bilimdonligida shuhrat taratgan mudarris Fazlulloh Abulaysiylar muhitiga tushib qoladi. Alisher Samarqandda Fazlulloh Abulaysiy va Ulugʻbek hamda Ahmad Hojibek madrasalarida tahsil oladi [1: 7].  Samarqanddagi Firuzshoh madrasasi, Bibixonim madrasasi, madrasai Safidining olim va ilm toliblari bilan yaqin aloqada boʻldi, Ulugʻbek qurdirgan mashhur rasadxonani koʻrdi, falakiyot ilmi sohasida qoʻlga kiritilgan ilmiy kashfiyotlar bilan tanishadi [2].

Mashhur shoir Maqsud Shayhzoda “Navoiyning Samarqandda kechirgan kunlari” nomli maqolasida “Umuman, buyuk shoirimizning Samarqandda kechirgan kunlari uning dunyoqarashining kengayishiga, xalq hayoti va maishatini  yaqindan oʻrganishga koʻp yordam berdi. Bu ikki yillik hayot (adib Alisher Navoiy Samarqandda ikki yil boʻlgan deb hisoblaydi – B.T.) Alisher Navoiyning buyuk ijodida ham oʻzining chuqur izlarini qoldirdi. Oʻzining eng kuchli va realistik asarlaridan biri boʻlmish “Majolisul nafois”ni yozar ekan, Navoiy Samarqandda tekshirgan va toʻplagan materiallaridan  foydalandi va oʻz “tazkira”sini yuzlab faktlar va nomlar bilan boyitdi. “Farhod va Shirin” dostonining oxirida Ulugʻbek haqida Navoiy zoʻr ixlos bilan yozgan madhiyasiga, shu mashhur olimning oʻlmas xizmatiga bagʻishlab yaratgan taʼrifiga, albatta, shoirning Samarqanddan olgan taassuroti katta ilhom berganini alohida taʼkidlaydi [6:17].  Ulugʻ shoir Ulugʻbek va jahonning zeb-ziynati boʻlgan rasadxonasi haqida ushbu ajoyib misralarni bitadi:

Temurxon naslidin sulton Ulugʻbek,
Ki, olam koʻrmadi sulton aningdek.
Aning abnoyi jinsi boʻldi barbod
Ki, davr ahli biridin aylamas yod.
Valek ul ilm sori torti chun dast,
Koʻzi ollinda boʻldi osmon rast.
Rasadkim bogʻlamish – zebi jahondur,
Jahon ichra yana bir osmondur.
Bilib bu navʼ ilmi osmoniy
Ki andin yozdi “Ziji Koʻragoniy” [7].

Taniqli navoiyshunos olim Ibrohim Haqqulning eʼtirof etishicha – “Navoiyga oʻxshash dohiy shoirlar tasodifan dunyoga kelmaydi. Buning uchun juda yaxshi shakllangan ijtimoiy-madaniy muhit va rivojlangan iqtisodiy-siyosiy sharoit zarurdir. Navoiy oʻn beshinchi asr farzandi. Lekin uning ijodiy shaxsiyati Amir Temur asos solgan buyuk saltanat bilan, shu saltanatdagi maʼrifiy-maʼnaviy koʻtarilishlar bilan chuqur bogʻliq. Shuning uchun Amir Temur hukmronligi davrlarida shakllangan va ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy hayotning deyarli barcha jabhalarida ibratli natijalar bergan davlatchilikdagi birlik tuygʻusi Navoiyni koʻp ilhomlantirar edi. Shu boisdan ham Navoiy fikri ochiq,  ruhoniyati sogʻlom, toʻgʻrilik, rostlik va haqiqatni umr mohiyati, deb bilgan el uchun ijod qilish zaruriyatini chuqur his etgan” [8:1]. Shubhasiz, temuriylar hukmronligi davrida Xuroson va Movarounnahrda, xususan, Samarqandda shakllangan yuksak maʼnaviy-maʼrifiy muhit Alisher Navoiy hayoti va ijodiy faoliyatida muhim rol oʻynadi. Kim bilsin, balki, bu tasodif boʻlmaganida u dunyoga Navoiy boʻlib tanilmasmidi, Hirotning toj-taxt talashishlar bilan toʻla gʻurbatli muhitida halokatga uchrarmidi. Xullas, Navoiyning Samarqandga kelishi uning hayotidagi tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan bir bifurkatsiya nuqtasi boʻldi.

Adabiyotshunos olim Omonulla Madayev Alisher Navoiyning lirik asarlari, dostonlaridagi ilmiy mukammallik haqida Amonillo Valixonovning “Gʻazal nafosati” kitobidan shunday  keltiradi: “Navoiy oʻz asarlarida arqomi mantuq – “gapiruvchi”, yaʼni ratsional sonlar; arqomi asam – “soqov”, yaʼni irratsional sonlar; jazr – daraja asosi yoki ildiz; majzur daraja yoki ildiz chiqariladigan son, xatti mustaqim – perpendikulyar kabi sof matematik terminologiyadan foydalanadi” [9:53]. Olimning taʼkidlashicha, shoir aniq fanlar sohasidagi bilimlarini oʻrnida amaliyotga ham tatbiq etgan. Uning fikricha, aylana uzunligining diametriga nisbatidagi aniqlik darajasi minoralar va gumbazlarni qurishda juda muhim hisoblangan. Gʻiyosiddin Jamshid ibn Masʼud Koshiy nisbatning anchayin aniq qiymatini ishlab chiqqan. Koshiy bu raqamlarni eslash uchun bayt ham tavsiya etib, matnini keltiradi. Amonillo Valixonov yozadi: “Koshiy tubandagi arabcha sheʼrni tavsiya qiladi: Va bah sha haji saza zattahhavhu, Muhitun li qutrin huva – siani minhu. Bu ikki misraning birinchisi – yuqoridagi oʻn yetti raqamni abjad jadvali vositasida ifodalovchi harflardangina iborat boʻlib, ikkinchi misrasi mazmunan: “Aylana uzunligining diametrga nisbati bundan ikki barovar kichikdir”, degan tushunchani beradi. Navoiy Samarqandda olgan bilimlari asosida meʼmorlarga π ning qiymati uchun mazkur sonni tavsiya qilgan va yuqoridagi sheʼrni yod olishni maslahat bergani maʼlum” [9:53].

Xullas, Alisher Navoiy Samarqandda ilm oʻrganish, shahar obidalarini koʻrish, odamlari bilan tanishish jarayonida oʻzining badiiy ijodini ham yuksak ilhom bilan davom ettirib, oʻzbek va fors-tojik tillarida gʻazalu muammo, qasidayu masnaviylar yaratdi, mushoiralarda qatnashdi, oʻqish-oʻrganish barobarida sheʼr ijodi bilan ham mashgʻul boʻldi. Bu davrda Navoiy tomonidan yaratilgan asarlarni koʻzdan kechirar ekanmiz, ularning usluban yanada tiniqlashganini, mazmunan teranlashganini, mantiqan asoslanganini sezish qiyin emas. Bunday asarlar keyinchalik Navoiyning oʻzi tuzgan birinchi devoni “Badoeʼul bidoya”ga va “Devoni Foniy”ga kiritilgan edi. Shunindek, Aʼloyi Shoshiy va toʻn tikuvchi hunarmand Bobur haqidagi muammolarni, otaxoni Sayid Hasan Ardasherga yoʻllagan masnaviy – nomasini, bir necha gʻazallarini, Husayn Boyqaroga bagʻishlangan “Hiloliya” qasidasini eslatish mumkin [2]. Bu asarlar Hirotda yaratilgan ijod namunalaridan keskin farq qilib turadi. Demak, Alisher Navoiyning Samarqandga borishi, uning hayotida muhim sifatiy oʻzgarishni vujudga keltirgan. Betartiblik (xaos)ning tartibga, murakkablikning oddiylikka, kelajakning bugunga taʼsiri sinergetikaning muhim qonuniyatlari bu jarayonda roʻy berganini Navoiy ijodi misolida yaqqol kuzatish mumkin.

Alisher Navoiyning Samarqand safaridan oldingi va keyingi hayotining nisbatan osuda kechganini eʼtiborga olgan holda, shuni alohida taʼkidlash joizki, mazkur safar davomida shoir tomonidan jamlangan ilm, orttirilgan hayotiy tajriba izsiz ketmadi, balki yanada boyitilib, uning soʻngi asari boʻlmish “Mahbubul qulub”da turli ijtimoiy toifalarning axloqi va feʼl-atvoriga doir noyob pandu nasihatlar sifatida avlodlarga vasiyat qilib qoldirildi.

Alisher Navoiy temuriylar davlatining isteʼdodli kadrlar zaxirasi uchun tashabbus koʻrsatib, isteʼdodli yoshlarni izlab topadi, ularga homiylik qilib, har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi. Navoiy umrining soʻngi yilida gʻoyibona ravishda Boburni eshitib, unga qiziqadi va maktub bilan aloqa bogʻlash tashabbusini oʻzi boshlaydi. Oʻn toʻqqiz yashar fargʻonalik (Fargʻona davlati nazarda tutilmoqda — B.R.)  yosh shoirning koʻtarilayotgan yulduzini uzoq Hirotdan koʻra olgan Navoiy hamma genial shoirlarga oʻxshab bir ajoyib xususiyatga ega edi, u ham boʻlsa, haqiqiy talantni topa va koʻra bilishdir [6:18].

XV asrning ikkinchi yarmida Hirotdagi madaniy taraqqiyot markazida ulugʻ shoir Alisher Navoiy faoliyati yetakchi oʻrin tutgan. Xondamirning guvohlik berishicha, Samarqandda Amir Temur kutubxonasining vorisi sifatida Mirzo Ulugʻbek kutubxonasi faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, Hirotda Boysungʻur mirzo, Sulton Husayn Boyqaro, Alisher Navoiy kutubxonalari boʻlgan [10:26]. Saroy kutubxonalaridan farqli ravishda Navoiyning shaxsiy kutubxonasidan keng kitobxonlar ommasi foydalanish imkoniyatiga ega boʻlgan. Mashhur olim Mirxond (vaf. 1498), uning nabirasi Xondamir (1475-1535), boshqa koʻpgina tarixchi va adabiyotchilar oʻz tarixiy asarlarini yaratishda mazkur kutubxonada jamlangan tarixiy manbalar va oʻtmish muarrixlarining asarlaridan foydalangan. Alisher Navoiy shaxsiy kutubxonasi oʻsha davr madaniy hayotida sezilarli rol oʻynagan. Uning kutubxonasida Kamoliddin Behzod, Shoh Muzaffar va boshqa naqqoshlik sanʼatining mohir ustalari ham samarali ijod qilgan [10:32].

Saroy kutubxonasi yoki hukmron sulola vakillariga tegishli boʻlgan xususiy kutubxonalardan farqli ravishda, oddiy fuqarolar ham foydalanish imkoniyatiga ega boʻlgan kutubxona tashkil etish gʻoyasi Alisher Navoiyda Samarqanddagi Mirzo Ulugʻbek kutubxonasining taʼsiri  va undan  olgan taassurotlari natijasida paydo boʻlgan boʻlsa, ajab emas. 

Xulosa qilib aytganda, Alisher Navoiy hayoti, faoliyati va ijodida Samarqandga amalga oshirilgan ilmiy safarning ilmiy-amaliy ahamiyati katta boʻlgan. Chunki tarixiy jarayonlar har bir shaxs hayotida oʻz aksini sinergetik qonuniyatlarga binoan namoyon qiladi. Buyuk shoir ijodidagi bifurkatsion jarayon uning kelajakdagi ulugʻvor bunyodkor faoliyati uchun asos boʻlib xizmat qilgan, deb ayta olamiz. Shu tufayli shoirning ijodiy faoliyati evolyutsiyasiga tarixiy-sinergetik uslubda yondashuv uning ijodidagi hali bizga nomaʼlum boʻlgan qirralarini aniqlash imkonini beradi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

  1. Abdullayev V.A. Alisher Navoiy Samarqandda. –T.: Bilim, 1967.
  2. Valixoʻjayev B. Navoiy Samarqandda (1988)//Elektron resurs// https://ziyouz.uz/matbuot/qayta-qurish-davri-matbuoti/1988-6/ (murojaat sanasi 11.07.2020)
  3. Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. –T.: Yulduzcha, 1989.
  4. Abdugʻafurov A. Buyuk ijodkor. Oʻzbekistonda ijtimoiy fanlar jurnali. 1991, № 2.
  5. Alisher Navoiy. Mahbubul qulub. (Qalbga mahbub hikmatlar va hikoyatlar). Hozirgi oʻzbek tiliga tabdil. –T.: Sano-standart, 2018.
  6. Burobiya Rajabova. Boburnomada Navoiy siymosi// “Bobur va dunyo” jurnali, 2020 yil №3 soni.
  7.  Alisher Navoiy. Farhod va Shirin. Elektron resurs // http://n.ziyouz.com/books/alisher_navoiy_asarlari/Alisher%20Navoiy.%20Xamsa.%20Farhod%20va%20Shirin%20(nazm).pdf (murojaat sanasi 11.07.2020)
  8. Ibrohim Haqqul. Navoiyga qaytish. –T.: Fan, 2007. -33 b. 1 b.// (Elektron resurs) http://n.ziyouz.com/books/tasavvuf/Ibrohim%20Haqqul.%20Navoiyga%20qaytish.pdf (murojaat sanasi 11.07.2020)
  9. Madayev O. Navoiy dahosi va zamonamiz kashfiyotlari. Jahon adabiyoti jurnali. 2014, №2.
  10. Azizjon Sharipov. Amir Temur va temuriylar davrida kutubxonalar faoliyati tarixidan // “Bobur va dunyo” jurnali, 2020 yil №3 soni.
Baxtiyor TURSUNOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

SALAVOT aytishning 40 ta FOYDASI

1) Salavot aytishda Alloh taoloning amriga itoat, boʻysunish bor. 2) Paygʻambarimiz alayhissalomga Alloh taoloning salavot …