Home / XALQARO YANGILIKLAR / HAMKORLIK SARI ILK QADAM

HAMKORLIK SARI ILK QADAM

Kuni kecha Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Malayziya Islom ilmiy universiteti (Universiti Sains Islam Malaysia – USIM) oʻrtasida oʻzaro hamkorlikka oid onlayn uchrashuv oʻtkazildi.

Oʻzbekistonning Malayziyadagi elchixonasi koʻmagida tashkil etilgan uchrashuvda Markaz direktori Shovosil Ziyodov va universitet direktori professor Adnan Muhammad Yusof mazkur universitet huzuridagi Xalqaro markaz direktori Mohd Saupi Pauzi va boshqa mutasaddi xodimlar ishtirokida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish masalalarini muhokama qilishdi.

1998 yilda tashkil etilgan Islom ilmiy universiteti Malayziyaning nufuzli oliy oʻquv muassasalaridan biri boʻlib, bu yerda taʼlim modeli diniy fanlarni dunyoviy fanlar bilan integratsiyalash tamoyiliga asoslanadi. Jami 32 ta yoʻnalish, jumladan, islom ilohiyoti va huquqi, aniq, ijtimoiy va gumanitar fanlar boʻyicha taʼlim beriladigan mazkur universitetda bugungi kunda 13 mingdan ortiq talaba, shu jumladan 750 dan ortiq chet el fuqarosi tahsil olmoqda.

Uchrashuv avvalida universitet faoliyatiga oid taqdimot hamda Markaz yutuqlari haqidagi rolik namoyish etildi.

Muhokamada asosiy eʼtibor hamkorlikni samarali tashkil etishga oid muhim masalalar, jumladan, islom merosini birgalikda ilmiy tadqiq qilish, “Imom Buxoriy ilmiy merosining yoshlar tarbiyasidagi oʻrni” mavzusida xalqaro konferensiya, shuningdek, Movarounnahr olimlarining ilmiy merosiga bagʻishlangan onlayn-seminarlar, vebinar va maʼruzalar oʻtkazish, elektron kitoblar, qoʻlyozmalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish hamda Oʻzbekiston va Malayziya nashrlarida ilmiy materiallar chop etish ishlariga qaratildi va tomonlar ikki ilmiy dargoh oʻrtasida ishlab chiqilayotgan Hamkorlik memorandumi loyihasinining mazmundorligi va amaliy ahamiyatiga oid masalalarni koʻrib chiqdi.

Muzokaralar davomida shuningdek, Imom Buxoriy xalqaro tadqiqot markazining xalqaro stipendiya dasturida Malayziya olimlari va ekspertlarining ishtiroki masalalari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha Memorandum loyihasini belgilangan muddatda imzolash uchun ekspertlar darajasida muzokaralarni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …