Home / FOTO LAVHALAR / DЕLЕGASIYA AʼZOLARI IRCICA MЕHMONI

DЕLЕGASIYA AʼZOLARI IRCICA MЕHMONI

Ayni kunlarda Turkiya safarida boʻlgan Imom Buxoriy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari delegatsiyasi Islom hamkorlik tashkiloti (OIS)ning Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA – IRSIKA) ga tashrif buyurib, markaz Bosh direktorining oʻrinbosari Prof. Dr. Abu Bakar Senghore, Bosh direktor maslahatchisi Prof. Dr. Sadiq Unay va markazning tadqiqotlar va nashrlar boʻlimi boshligʻi Said Kasimogʻlu bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Markazlar faoliyati hamda birgalikda amalga oshirilgan loyihalar, shuningdek, oʻrnatilgan hamkorlik aloqalarining hozirgi holati haqida soʻz bordi. Darhaqiqat markazlar tashkil etilganidan buyon oʻtgan qisqa vaqt davomida IRSIKA bilan hamkorlikda turkum xalqaro anjumanlar oʻtkazilib, ilmiy toʻplamlar nashr etildi.

Muloqot davomida oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va yangi istiqbolli qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan muzokaralar olib borildi. Xususan, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda IRSIKA tashkiloti bilan birgalikda xalqaro simpozium tashkil etish, IRSIKA kataloglaridan foydalanish, tashkilot bilan hamkorlikda nashrlarni amalga oshirish, Imom Moturidiy va Imom Buxoriy ilmiy merosi yuzasidan yozilgan asarlar katalogini yaratish, Oʻzbekistonda islom sanʼatlari, shu jumladan, hattotlik, qogʻozchilik va miniatyura kabi islom amaliy sanʼatlari boʻyicha koʻrgazma va konferensiya oʻtkazish, shuningdek, oʻzaro tajriba almashish hamda IRSIKA yordamida oʻzbekistonlik tadqiqotchilarning malaka oshirish dasturlarini tashkil etish kabi masalalar muhokama qilindi.

Tashrif davomida ikki Markaz tomonidan nashr qilingan kitoblar taqdimoti ham oʻtkazildi hamda mazkur kitoblar IRSIKA kutubxonasiga topshirildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Yuta shtati delegatsiyasi – Markaz mehmoni

Bugun, 26-aprel kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga ayni kunlarda mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan Amerika …