Home / ALLOMALAR / FAN TARAQQIYOTIDA MOVAROUNNAHRLIK ULAMOLARNING OʻRNI (8-qism)

FAN TARAQQIYOTIDA MOVAROUNNAHRLIK ULAMOLARNING OʻRNI (8-qism)

Sakkokiy (XV asr). Toʻliq ismi, tugʻilgan va vafot etgan yillari nomaʼlum. Samarqandda Xalil Sulton (1405-09) va Ulugʻbek hukmronligi davrida yashab, ijod etgan. Alisher Navoiy Sakkokiy ijodiga yuksak baho bergan: “Turkiy alfozining bulagʻosindin Mavlono Sakkokiy ham Lutfiylarkim, birining shirin abyotining ishtihori Turkistonda bagʻoyat va birining latif gʻazaliyotining intishori Iroq va Xurosonda benihoyatdudur” (“Xutbai davovin”).

Sakkokiy xalqning boy ogʻzaki ijodi, salaflar asarlarini puxta oʻrgangan va ijodiy oziqlangan. Turkiy tilda asarlar yaratish, uning boy ichki imkoniyatlaridan foydalanish borasida koʻp ish qilgan. Asarlarida inson muhabbati, orzu-tilaklarini, dard-alamlarini, tabiat goʻzalliklarini tasvirlagan. Gʻazallarida maʼno va shakl birligini saqlab, soʻz oʻyinlari va qochirimlardan unumli foydalangan. Uning lirikasida jaholat va nodonlikka qarshi adolatparvarlik gʻoyalari ilgari surilgan. Bunday gʻoyalar Sakkokiyning qasidalarida ochiqroq namoyon boʻlgan.

Sakkokiy oʻzbek adabiyotida qasida janriga asos solgan shoirlardan. Xoja Muhammad Porso, Xalil Sulton, Ulugʻbek va Arslon Xoja Tarxonga bagʻishlab qasidalar yozgan. Ulardan birida Ulugʻbekni xalqning mehribon hukmdori, maʼrifatparvar va buyuk olim sifatida ulugʻlaydi. Shunday maʼrifatparvar podshoh bilan zamondosh boʻlganidan faxrlanadi va

“Falak yillar kerak sayr etsayu keltirsa ilkiga,

Meningdek shoiri turku seningdek shohi dononi”,

degan misralarini yozgan.

Sakkokiyning adabiy faoliyati zamondoshlari Lutfiy, GadoiyAtoiy kabi Navoiy ijodiga ham katta taʼsir koʻrsatgan; oʻzbek dunyoviy lirikasini ham mazmun, ham shakl jihatdan boyitgan. Shoir gʻazallari va qasidalari devon qilib toʻplangan boʻlsa-da, toʻliq nusxasi bizgacha yetib kelmagan. Sakkokiy devoni Londonda, Britaniya muzeyida va Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

Professor Baxtiyor TOʻRAYEV – falsafa fanlari doktori,
Anvar BOBOYEV

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …