Home / FOTO LAVHALAR / OʻZBЕK TILIGA TARJIMA QILINGAN “TAʼVILOT AL-QURʼON” ASARI TAQDIMOTI QASHQADARYODA

OʻZBЕK TILIGA TARJIMA QILINGAN “TAʼVILOT AL-QURʼON” ASARI TAQDIMOTI QASHQADARYODA

Avval xabar qilinganidek, shu kunlarda respublikamiz viloyatlarida Imom Moturidiy “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tarjima qilinib nashr ettirilgan 30-juzi taqdimoti tadbirlari oʻtkazilmoqda. 

Shunday tadbirlardan biri Qashqadaryo viloyatida boʻlib oʻtdi. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Qashqadaryo viloyati vakilligi va “Xoja Buxoriy” oʻrta maxsus bilim yurti bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbirda markaz xodimlari, hamkor tashkilotlar va ilmiy doiralar vakillari, viloyatdagi nufuzli ulamolar va faol imom-xatiblar, diniy yoʻnalishdagi taʼlim muassasalari talaba yoshlari hamda mustaqil tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Taqdimot avvalida buyuk ajdodlarimiz xotirasi yodga olinib, Qurʼon tilovat qilindi.

Tadbirni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori oʻrinbosari O.Muhammadiyev kirish soʻzi bilan ochib, soʻnggi yillarda jahon ilm-fani rivojiga bebaho hissa qoʻshgan allomalarning hayoti va boy ilmiy merosini oʻrganish, ularning ilmiy-maʼnaviy merosini aholiga yetkazish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani, ayniqsa islom olami tarixida oʻz oʻrni va nufuziga ega Imom Moturidiyning nurli hayot va ilm yoʻli bugun munosib qadr topayotganini taʼkidladi.

Abu Mansur Moturidiyning barcha asarlari shu kungacha islom ilmi rivojiga munosib hissa qoʻshib, musulmonlar uchun dasturilamal boʻlib kelmoqda. “Taʼvilot al-Qurʼon” uning bugungi kungacha yetib kelgan asarlaridan eng mashhur va ilmiy qiymati jihatidan eng ahamiyatlisidir.

Taqdimot ochilishida soʻzga chiqqan Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi R.Usmonov va “Xoja Buxoriy” oʻrta maxsus islom bilim yurti mudiri Oʻ.Gʻuzarovlar buyuk ajdodimiz ilmiy merosini oʻrganishning dolzarbligi va muhim jihatlari haqida soʻzlab, moturidiya taʼlimoti asosi hisoblangan “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining oʻzbek tiliga tarjima qilinishi uni yanada koʻproq tadqiq etishga asos boʻlishini qayd etishdi. Chunki ushbu ilmiy tadqiqot yurtimizda tafsir va kalom ilmi boʻyicha tarixiy asl manbalarga tayangan holda qilingan ilk islom ilohiyotiga oid yangilik boʻlib, kitobda Qurʼoni karimning Fotiha surasi hamda 30-juzi tarjimasi va tafsiri oʻrin olgan.

Taqdimotning asosiy maʼruzachilari asarning tarjima qilinib, nashr etilgan mazkur qismi islom ilmiy merosi va musulmonlar uchun yuksak ahamiyat kasb etib, islomga eʼtiqod qilguvchilar uchun uning asl mohiyatini anglashga, Qurʼon oyatlarini maʼnosini yanada yaxshiroq tushunishga xizmat qilishini taʼkidlashdi.

Tadbir savol-javoblar asosida qizgʻin munozaralarga boy boʻldi.

Asarning respublikamiz viloyatlaridagi taqdimoti tadbirlari davom etmoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Hamkorlik istiqbollari yuqori baholandi

Kuni kecha Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Qozon shahrida joylashgan Abdulla Apanayev nomidagi madrasa va …