Home / MAQOLALAR / “SAHIHUL BUXORIY”DA TILSHUNOSLIK SABOQLARI

“SAHIHUL BUXORIY”DA TILSHUNOSLIK SABOQLARI

“Sahihul Buxoriy” asariga koʻp taʼrif berilgan. Tadqiqotchi olim, umuman, har qanday daho avval juda yuqori ilmiy-ijodiy martabaga erishadi, barcha dovonlardan oshib oʻtgach esa uning nomining oʻzi martabaga aylanadi. Masalan, Navoiyni “xalq shoiri” desak, u zotni quyiga tushirib yuborgan boʻlib qolamiz, Eynshteynni akademik atasak ham shunday. Bunday insonlar hech qanday martabaga muhtoj emas, ularning nomi – martaba. Yaxshi sheʼr yozgan kishiga “Navoiy boʻlib keting-a!” deyishimiz, fizika yo matematikada yutuqqa erishgan olimni “Eynshteyn” atashimiz bejiz emas.

Imom Buxoriy toʻgʻrisida ham, u zotning shoh asari haqida ham shu yoʻsinda fikr bildirish mumkin. Bu benazir alloma toʻgʻrisida koʻp-koʻp iqtiboslar borki, ulardan oʻtkazib biron yangi gap aytish mushkul.

Shunday esa-da, mavzuga kirishdan avval “Sahihul Buxoriy” toʻgʻrisida ilohiyot, hadis va din ilmlari boʻyicha taniqli olim, Turkiyaning Islom tafakkuri instituti rahbari, professor Mehmet Goʻrmezning quyidagi soʻzlarini keltirib oʻtishni joiz topdik:

– Davlat organlaridagi faoliyatim davomida rasmiy delegatsiya vakillari qatorida koʻplab mamlakatlarda boʻlganman. Marokashga borganimda mamlakat maʼmuriy markazidan olisroqdagi qishloqlardan birida juda obod qilib qoʻyilgan bir maqbarani koʻrdim. “Bu yerda qanday zot yotibdi?” deb soʻradim. Shunda bu maqbara qachonlardir “Sahihul Buxoriy”ni birinchi boʻlib shu yerlarga keltirgan inson xotirasi uchun bunyod etilganini aytishdi.

Mehmet Goʻrmez bu hodisani joriy yil 29 aprel kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy jamoasi bilan oʻtkazilgan onlayn seminarda tilga olgan edi.

“Sahihul Buxoriy”ni keltirgan inson shunchalik eʼzoz topgan boʻlsa, muallifning oʻzi va asariga munosabat qanaqa ekanini har kim tasavvuri tahammul etganicha oʻylab koʻraversin.

Bevosita mavzuga kelsak, bundan koʻzlangan maqsad Imom Buxoriy asarining olimlar tadqiqoti qamroviga toʻliq olinmagan jihatiga eʼtibor qaratishdir. Muhaddis yashab, ijod etgan davrda arab dunyosi bilan ajam oʻrtasida ilmiy integratsiya hali yaxshi rivojlanmagan edi. Arablarning oʻzlari ham qorishiq lahjalar, habashiy va badaviy kabi turli xalq va elatlarning taʼsiri tufayli arab tilini yaxlit andozaga solib ulgurmagandi.

Buyuk muhaddis shunday sharoitda “Sahihul Buxoriy”ni bitar ekan, oʻrni kelganda ayrim soʻzlarga izohlar qoldirib ketgan. Buning uchun esa roviylar, ustozlar, shorihlardan qolgan merosni, oʻsha paytlar mavjud boʻlgan lugʻatlarni batafsil oʻrgangan.

(Izohlar “Oltin silsila” turkumida nashr etilgan 8 jildlik “Sahihul Buxoriy” asaridan olindi. Qulaylik uchun hadis raqami keltirilib, jild va sahifa raqami qavs ichiga olindi.)

Masalan, quyosh tutilganida Rasululloh sollalohu alayhi vasallamning namoz oʻqiganlari toʻgʻrisidagi 1047-hadis [2-jild, 111-112] ““Quyosh toʻsildi” deydimi yo “tutildi”mi?” deb nomlangan bobga kiritilgan. Bu bob

وَ قَالَ اللهُ تَعَالَى : ﴿وَ خَسَفَ الْقَمَرُ﴾

Alloh Taolo: “Va oy tutilsa…” degan. (Qiyomat surasi, 8-oyat.)

soʻzlari bilan boshlanadi. Gap shundaki, arablar odatda quyoshga “kasafa” (toʻsildi), oyga “xasafa” (tutildi) feʼlini ishlatadi. Lekin bu feʼllar oʻrin almashib ham keladi. Mazkur hadisda shunday boʻlgan. Imom Buxoriy Qurʼoni karim oyati bilan bunga izoh beryapti.

“Tuya minish haqida”gi bob avvalida [2-jild, 504-505] Haj surasining 36-37-oyatlari keltirilib, “badana” deb qurbonlikka atalgan tuyaga aytilishi xabar qilinadi.

“Mujohid aytadi: “Tuya jussador boʻlgani uchun “badana” deb nomlangan””, deb yozadi Imom Buxoriy hamda mazkur oyatlar va bobda keladigan shu mazmundagi hadislar tushunarli boʻlishi uchun “qoniʼ” (tilanchi), “muʼtarr” (tuya qurbonlik qilingan joyga kelib, uning goʻshtidan soʻramay turgan boyu kambagʻal), “shiorlar” (tuyani katta qilib semirtirish va goʻzallashtirish) kabi soʻzlarni ham izohlab oʻtadi.

“Chanqoq kasaliga uchragan yoki qoʻtir tuyani sotib olish haqida”gi bob (3-jild, 115) “Al-hoim – har bir narsada maqsadga ters boʻluvchi” soʻzlari bilan boshlanadi. Ushbu bobda keladigan 2099-hadisda “chanqoq kasaliga uchragan tuya” arabcha matnda هِيم shaklida berilgan boʻlib, koʻplikdagi soʻzdir. Uning birligi (هَائِم) hoim boʻladi. Maqsadga ters boruvchi odamlarni shunday atagan arablar chanqoq kasaliga uchragan besaranjom tuyaga nisbatan ham ushbu soʻzni qoʻllagan. Imom Buxoriy هِيم soʻzining asl kelib chiqishini koʻrsatib, “hiym”ning birligi “hoim” emas deganlarga raddiya bermoqda.

“Ichimlik ichish haqida”gi bobda [3-jild, 299] Voqiʼa surasining 69-70-oyatlaridagi الْمُزْنُ (bulut) va اُجَاجاً (achchiq), “Nabiy sollalohu alayhi vasallamning “Qullar birodarlaringizdir, ularga yeganlaringizdan yediring”, deganlari haqida”gi bobda [3-jild, 457-458] Niso surasining 36-oyatidagi ذِي الْقُرْبَي (qarindosh), الْجُنُب (gʻarib) va الْجَارُ الْجُنُبِ (safardagi hamroh) soʻzlariga izoh beriladi.

“Vasiyatlar va Nabiy sollalohu alayhi vasallamning “Kishining vasiyati huzurida yozilgan (boʻlishi lozim)” degan soʻzlari haqida”gi bobda [4-jild, 3-4] Baqara surasining 181-oyatidagi  جَنِفاً (moyil boʻlish) soʻzi izohlanib, bu izoh Moida surasining 3-oyatidagi  مُتَجَانِف (moyil boʻluvchi) kalimasi bilan qoʻshimcha ravishda qoʻllab-quvvatlanmoqda.

“Alloh yoʻlida jihod qiluvchilarning darajalari haqida”gi bobda [4-jild, 50] muallif yoʻl soʻzi muzakkarda ham, muannasda ham ishlatilishiga ishora qiladi: يُقَالُ هَذِهِ سَبِلِي وَ هَذَا سَبِلِي (ikki shaklda ham “bu mening yoʻlimdir” maʼnosida).

Gʻazotda Alloh yoʻlida soqchilik qiladiganlar toʻgʻrisidagi 2887-hadis ostidan طُوبَى (har qanday xush narsa) soʻziga izoh berilib, qaysi vaznda kelgani (فُولَى) xabar qilinmoqda. “U aslida “ya”lik boʻlib, “vov”ga oʻzgartirilgan  يُطِيبُ (xush boʻldi feʼlidan)”, deb yozadi Imom Buxoriy.

Muallif “Tez yurish haqida”gi bobda (4-jild, 185)  النَّصُّ (tuyani choptirish) va الْعِنَقُ (yoʻrttirish) soʻzlariga hamda “Alloh Taoloning “U oʻz rahmati oldidan shamollarni tarqoq qilib yuborgan zotdir”, degan soʻzi xususida kelgan xabarlar haqida”gi bobda (4-jild, 343-344) Isro (69-oyat), Hijr (22-oyat), Baqara (266-oyat), Oli Imron (117-oyat) va Anʼom (57-oyat) suralarida kelgan shamol sifatlariga –  قَاصِفاً (hamma narsani tepkilab, bosib ketadigan),  لَوَاقِحَ (urchituvchilar, changlatuvchilar),  إعْصَارُ (olovi ustun shaklida yerdan osmonga qarab esadigan quyun, uyurma),  صِرٌّ (sovuq) va  نُشُرًا (tarqoq holda) kalimalariga izoh beradi.           Davomi bor…

Anvar BOBOYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …