Home / MAQOLALAR / MAʼNAVIY QADRIYATLAR RIVOJIDA ANʼANAVIY ISLOMNING OʻRNI

MAʼNAVIY QADRIYATLAR RIVOJIDA ANʼANAVIY ISLOMNING OʻRNI

Maʼnaviy va diniy qadriyatlarimiz tarixan uygʻun holda rivojlanib takomillashib borgan.  Ayniqsa, maʼnaviy qadriyatlar rivojida anʼanaviy islomning oʻziga xos oʻrni bor. Insoniy fazilatlarning eng yuqori choʻqqisi, shubhasiz, odob durdonalaridir. Xususan, bugungi kunda komil insonni kamol toptirishda maʼnaviy qadriyatlarning ahamiyati beqiyos. 

Bu borada, millatimizning maʼnaviy qadriyatlari haqida gap ketganda uzoq asrlar qaʼrida yuzaga kelgan, vatanparvarlik, doʻstlik, tinchliksevarlik, mehmondoʻstlik, mehnatsevarlik, muruvvat, andisha, or-nomus, halollik, mehr-oqibat, birodarlik va ahil qoʻshnichilik munosabatlari kabi ezgu insoniy fazilatlarni alohida ayd etish lozim. Mintaqamizda oʻn asrdan ortiq mavjud boʻlib kelayotgan islom dini xalqimizning ana shunday beqiyos maʼnaviy qadriyatlarida chuqur aks etib turadi.  

Shu oʻrinda bitta nozik nuqtaga eʼtibor qaratish zarur. Nafaqat yurtimizda, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida deyarli ming yildan beri islom dini bilan bogʻliq qadriyatlarimiz hanafiy mazhabi asosida shakllanib kelgan. Hanafiy mazhabining bagʻrikenglik tamoyillari shariatga zid boʻlmagan milliy urf-odat va anʼanalarni saqlanib qolishdagi oʻrni beqiyos. Biz hozirda faxrlanib yodga oladigan ajdodlarimizning aksari mana shu mazhab vakillari boʻlganlar. Demak, ayta olamizki, milliy va diniy qadriyatlarimiz qatorida hanafiy mazhabi anʼanalari ham oʻziga xos oʻringa ega. Hozirda, yurtimizga chetdan kirib kelayotgan, xalqimizning asrlar davomida shakllangan eʼtiqodiga zid boʻlgan turli begona diniy oqim va firqalar nafaqat muqaddas dinimizga, balki, bevosita maʼnaviy qadriyatlarimizga ham tajovuz ekanini anglab yetishimiz kerak. Yurtimizda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari kabi buyuk ajdodlarimizning bebaho maʼnaviy merosini, xususan, hanafiy mazhabi ulamolarining merosini hamda moturidiylik aqidaviy taʼlimotini oʻrganish va targʻib qilish markazlari faoliyatiga bejiz asos solinmadi. Demak, toʻlaqonli ishonch bilan ayta olamizki, hanafiy mazhabi va moturidiylik taʼlimoti – xalqimizning maʼnaviy qadriyatlari bilan mujassamdir. Nafaqat bizning, balki mintaqmizdagi qardosh va dindosh xalqlarning ham muqaddas qadriyatidir. Hanafiy mazhabi anʼanalariga zid oqimlar va firqalarning gʻoyalarini tarqatish milliy maʼnaviyatimiz va qadriyatlarimizga tahdid, deb qaraladi. 

Taʼkidlash jozki, mehmondoʻstlik, oʻzaro hurmat-ehtirom, ota-onaning haqlarini ado etish, ijtimoiy hamkorlik, qarindosh-urugʻ, qoʻni-qoʻshnilar, xususan, jamiyatdagi ehtiyojmand qatlamlarga koʻmaklashish xalqimizga xos  ezgu fazilatiga aylangan. Jahonda kechayotgan koronavirus pandemiyasining eng ogʻir pallasida xalqimizning jipsliligi va ahilligi, oʻzaro yordamlashishga doimo tayyorligining jonli guvohi boʻldik. Agar biz gʻarbdan kirib kelayotgan individualizmga yon berib, millatimizga xos boʻlgan jamoaviylik tamoyillarini yoʻqotib qoʻyganimizda natija qanday boʻlar edi?

Demak, bugungi rivojlangan jamiyatda, xususan, globallashuv davrida maʼnaviy qadriyatlarning oʻrni beqiyos. Bu isbot talab qilmaydigan haqiqat. Maʼnaviy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, targʻib qilish bugungi jamiyatning dolzarb va ustivor vazifalaridan ekanligi bejiz emas. Ammo, kezi kelganda aytish kerak – bugun ijtimoiy hayotda mavjud ayrim illatlarni “oʻzbekchilik” deb xaspoʻshlanishi mutlaqo oʻrinsiz holatdir. Dabdabavozlik, moddiyatparastlik, har qanday ishda kimoʻzarga berilib ketish, riyokorlik, xoʻjakoʻrsinchilik, jinoyat botqogʻiga botirib yuboruvchi tanish-bilishchilik va korrupsiya kabi illatlar millatni va xalqni tanazzulga yetaklaydi. “Topayaptimi qandini ursin” deyish, “uzumini yeb, bogʻini surishtirmaslik” milatning ofati boʻlib xizmat qiladi. Pul topgan, mol topgan obroʻli boʻlavermaydi, qayerdan qay yoʻsinda topgan, nimaga sarflayapti, birovning haqqini yeb, oʻzini harom-harishga urgan kimsa kabi kishilardagi salbiy illatlar yuzasidan jamoatchilik nazorati oʻrnatilishi darkor. Xususan, fuqarolik jamiyatining muhim asoslaridan biri jamoatchilik nazoratining mavjud boʻlishidir. Odamlar bunday holatlarga befarq va loqayd boʻlmasliklari, eng asosiysi xayrixoh boʻlib qolmasliklari shart. 

Koʻrinib turibdiki, globallashuv jarayonida texnologik rivojlanish bilan birga maʼnaviy qadriyatlar ham jamiyat aʼzolari uchun suv va havodek zarur. Zero, bugungi rivojlangan davrda jamiyat maʼnaviy qadriyatlarsiz ruhan va maʼnan kemtik holatga tushib qoladi. Har qanday jamiyatda axloqiy meʼyorlarning ahamiyati beqiyos. 

Globallashuv sharoitida moddiy chegaralar tobora nisbiylashib, maʼnaviy qadriyatlar asta-sekin umumiylashib borishi kuzatiladi. Bunday davrda milliy oʻziga xoslikni saqlab qolish, miliy oʻzlikni anglash va qadriga yetish tushunchalari ustivor maqsadga aylanadi. Milliy oʻzlikni anglash va qadrlash jarayoni maʼnaviy qadriyatlarimizning poydevori boʻlib xizmat qiladi. 

Jahongir Tohirov
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi
Manba: motirudiy.iiau.uz

Check Also

BUJAYRIY NISBALI ROVIYLAR SILSILASI

IX-XII asrlar islom olamida ilm-fan rivojining oltin davri sifatida eʼtirof etilgan. Koʻplab manbalarda ayni oʻsha …