Home / FOTO LAVHALAR / SAMARQANDDA YIRIK XALQARO ANJUMAN BOSHLANDI

SAMARQANDDA YIRIK XALQARO ANJUMAN BOSHLANDI

Kuni kecha Samarqandda viloyat hokimligi, Turkiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi, Turkiyaning madaniyat va turizm vazirligi, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligining Toshkentdagi vakolatxonasi hamkorligida “Turk dunyosida taʼlim, ilm-fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik va oʻzaro taʼsir” mavzuida xalqaro ilmiy simpozium ish boshladi.

Unda Samarqand Davlat Universiteti, Qozogʻiston, Moldova va Turkiyaning qator nomdor universitetlari professor-olimlari, oʻqituvchilar, mustaqil tadqiqotchilar, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.

  

Simpozium Yevroosiyo mintaqasida fan va texnika sohasida erishilgan yutuqlarni keng ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan boʻlib, uning dastlabki kunida Turk-islom olamidagi tarixiy dinamika, ilm-fan va texnika ravnaqi, taʼlim va tarbiya uzviyligi, turkiy tillar davlatlarida sivilizatsiya va tarixiy taraqqiyot masalalari, shuningdek Oʻzbekiston-Turkiya munosabatlarining ilmiy va madaniy jihatlari, ikki davlat oʻrtasidagi hamjihatlik va hamkorlik aloqalari xronologiyasi batafsil tahlil qilindi.

Simpozium ishida Istanbul universiteti rektori maslahatchisi, professor Murtaza Bedir taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari nomzodi, dotsent Sh.Yunusov ham qatnashdi va anjumanning shoʻba yigʻilishlari faol ishtirokchilariga tashkilotchilarning sertifikatlarini topshirdi.

Sh.Yunusov xalqaro ilmiy anjuman doirasida Turkiyaning nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri – Istanbul universiteti rektori, professor Maxmud Ak janoblariga Abu Mansur Moturidiy “Taʼvilot Al-Qurʼon” asarining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tarjima qilinib nashr ettirilgan 30-juzini taqdim etdi. Kitob oʻz navbatida mazkur universitetning Ilohiyot fakulteti kutubxonasida saqlash uchun ushbu fakultet dekani, professor Ramazon Musluga topshirildi.

Simpozium bugun oʻz ishini davom ettirmoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Hashar uyushqoqlik bilan oʻtdi

Xalqimizga xos goʻzal urf-odat, anʼana va qadriyatlarimiz orasida hashar birdamlik, hamjihatlik ramzini ifodalaydi. U tufayli …