Home / ALLOMALAR / IMOM BUXORIYGA ENG SOʻNGGI XIZMATNI KOʻRSATGAN SAXOVAT SOHIBI

IMOM BUXORIYGA ENG SOʻNGGI XIZMATNI KOʻRSATGAN SAXOVAT SOHIBI

Tarixiy manbalardan Abu Mansur Gʻolib ibn Jabroil Xartangiy Samarqandiyni qidirganimizda, albatta, Imom Buxoriyning Xartang qishlogʻiga kelgani va umrining oxirgi kunlarini shu yerda oʻtkazgani haqidagi maʼlumotlarga duch kelamiz. Demak, Gʻolib ibn Jabroilni Imom Buxoriyning mana shu qishloqda oʻtkazgan kunlari haqidagi maʼlumotlarsiz oʻrganib boʻlmaydi.

Imom Buxoriy Buxorodan chiqqanda, samarqandliklar unga maktub yozib, Samarqandga chaqirdi. Alloma shu shaharga qarab yoʻlga chiqdi. Samarqanddan uch farsax masofadagi Xartang qishlogʻiga yetganda, samarqandliklar orasida ixtilof chiqqani haqidagi xabar keldi. Bu qishloqda uning qarindoshlari bor edi. Shu sababli ish aniq boʻlguncha qarindoshlarinikida qoldi.

Abu Mansur Gʻolib ibn Jabroil Xartangiy Imom Buxoriyning qarindoshlaridan biri boʻlgan.

Ibn Adiy aytadi: “Abdulquddus ibn Abdujabbor Samarqandiyning bunday deganini eshitdim: “Muhammad (ibn Ismoil Buxoriy) Xartangdagi qarindoshlarinikiga kelganda, bir kecha namozni oʻqib boʻlib: “Ey Allohim! Keng yer menga torlik qilib qoldi. Mening jonimni qabz qilib, Oʻz huzuringga olgin”, deb duo qilganini eshitdim. Bir oy oʻtmasdan vafot etdi. Uning qabri Xartangdadir” [1].

Shundan faraz qilish mumkinki, Imom Buxoriy Xartang qishlogʻiga kelganda, qarindoshi Abu Mansurning uyida mehmon boʻlgan va chamasi bir oycha yashagan.

Xatib Bagʻdodiy “Al-Muttafiq val muftariq” asarida Abu Mansurning tarjimai holini keltirgan. Xatib Bagʻdodiy aytadi: “Azhariy menga: “Bizga Abu Saʼd Idrisiy aytib bergan edi”, deb xabar qildi: “Gʻolib ibn Jabroil Xartangiy Samarqandiy, kunyasi Abu Mansur boʻlgan shayxdir. Muhammad ibn Ismoil uning uyiga mehmon boʻlib tushgan va uning xonadonida vafot etgan. Gʻolib ibn Jabroil uning dafn marosimini oʻtkazgan. Muhammad ibn Ismoilning nusxa koʻchiruvchisi Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy oʻshani Gʻolib ibn Jabroildan hikoya qilgan”.

Idrisiy aytadi: “Uning musnad hadisi borligini bilmayman. U ilm ahlidan boʻlgan, deyiladi. Undan Muhammad ibn Ismoilning fazilatlari haqidagi hikoyalar rivoyat qilingan. Menga Gʻolib ibn Jabroil Imom Buxoriydan ozgina keyin vafot etdi va uning yoniga dafn etilishini vasiyat qildi, deb aytildi” [2].

Abdulkarim Samʼoniy “Ansob” asarida bunday deydi: “Xartang Samarqanddan uch farsax masofada joylashgan qishloq. Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy shu yerda vafot etgan. Ziyorat qilish uchun u yerga toʻrt marta borganman. Ushbu qishloqqa nisbat berilgan mashhur kishilardan biri Abu Mansur Gʻolib ibn Jabroil Xartangiydir. Muhammad ibn Ismoil Buxoriy Xartangga kelganda, uning uyiga tushgan va xonadonida vafot etgan. U Imom Buxoriyning dafn marosimini oʻtkazgan. Aytilishicha, u (Abu Mansur Gʻolib ibn Jabroil Xartangiy) ilm ahlidan boʻlgan. Undan Imom Buxoriyning fazilatlari haqidagi hikoyalar rivoyat qilingan. U Imom Buxoriydan ozgina keyin vafot etgan va qabri yoniga dafn etilishini vasiyat qilgan. Imom Buxoriy 256/870 yili Ramazon hayitiga oʻtar kechasi vafot etgan” [3].

Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy aytadi: “Uyiga Abu Abdulloh Buxoriy mehmon boʻlib tushgan Abu Mansur Gʻolib ibn Jabroilning bunday deganini eshitdim: “U kishi biznikida bir necha kun yashadi. Soʻng betob boʻlib, ahvoli ogʻirlashdi. Hatto Muhammad ibn Ismoil Buxoriyni olib ketish haqida Samarqand shahriga elchi yuborilgan edi. Elchi yetib kelishi bilan safarga tayyorgarlik boshlandi. U kishi ikki mahsisini kiyib, sallasini oʻradi. Men uning bir qoʻli (yelkadan tirsakkacha boʻlgan qismi)dan ushladim va ikkinchi qoʻlidan ushlab olgan odam bilan birga uloviga mindirish uchun yetaklab bordik. U chamamda yigirma qadam yoki shunga yaqinroq yurdi. Shunda u (Imom Buxoriy) rahimahulloh: “Meni qoʻyinglar, men zaiflashib qolibman”, dedi-da, bir necha bor duo qildi. Soʻngra holsizligi yanada kuchayib, yerga chalqancha boʻlib yotdi-da, rihlat qildi.

U kishining badanidan taʼrifga til ojiz boʻladigan darajada koʻp ter chiqdi. Kafanlaganimizgacha shu ter toʻxtamadi. U kishi bizga: “Meni qomis (koʻylak) va imoma (salla)si boʻlmagan uchta oq kiyim bilan kafanlang”, deb vasiyat qilgan edi. Biz aytganidek qildik. U kishini dafn qilganimizda, qabri tuprogʻidan mushkdan-da xushboʻyroq oʻtkir hid atrofga tarala boshladi va bu holat bir necha kun davom etdi. Soʻng osmonda Imom Buxoriy qabri uzra oppoq choʻziq doira koʻtarildi. Odamlar ixtilofga tushdi va ajablandi. Afsuski, ular qabr tuprogʻini olib keta boshladi. Hatto qabr ochilishigacha bordi. Biz harchand qabrga qoʻriqchilik qilishga urinmaylik, buning uddasidan chiqa olmadik.

Shunda qabrga hech kim tegmasligi uchun atrofiga yogʻochdan panjara oʻrnatdik. Soʻng bidʼatchilar marqad atrofidagi tuproqlarni olib keta boshladi, lekin qabrning tuprogʻiga tegina ololmadi. Xushbuy hid taralashi ancha vaqtgacha davom etdi. Shahar aholisi ajablanib, buni gapirishdan toʻxtamadi. U kishining martabasi vafotidan keyin dushmanlarining nazdida ham aniq-ravshan boʻldi. Baʼzi dushmanlari qabriga kelib, qilgan yomon ishlaridan pushaymonini aytdi va tavba qildi”.

Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy aytadi: “Abu Mansur Gʻolib ibn Jabroil Xartangiy Imom Buxoriydan keyin juda kam umr koʻrdi. Vafotidan keyin oʻzini Imom Buxoriyning yoniga dafn etishni vasiyat qildi” [4].

Ushbu maʼlumotlardan Imom Buxoriyning kotibi va xos shogirdi Abu Jaʼfar Varroq Buxoriy ustozi bilan birga Samarqandga kelmaganini bilib olish mumkin. Chunki u Imom Buxoriyning Xartang qishlogʻiga kelgani, qarindoshlarinikida qolgani, shu yerda betob boʻlib, vafot etgani va shundan soʻng sodir boʻlgan ajoyib voqealar haqidagi maʼlumotlarni Gʻolib ibn Jabroildan hikoya qilgan.

Tarix kitoblarida zikr qilingan maʼlumotlardan qoʻyidagilarni xulosa qilishimiz mumkin:

* Imom Buxoriy Buxorodan chiqib, Samarqandga yoʻl olgan va baʼzi sabablarga koʻra Xartangda yashaydigan qarindoshlaridan biri Abu Mansur Gʻolib ibn Jabroilning uyida qolgan.
* Shu yerda betob boʻlib, vafot etgan va dafn qilingan.
* Abu Mansur Gʻolib ibn Jabroil Xartangiy Samarqandiy ilm ahlidan boʻlgan va Imom Buxoriyning dafn marosimini oʻtkazgan.
* Abu Mansurdan Imom Buxoriyning fazilatlari haqidagi hikoyalar va vafot etganidan keyin sodir boʻlgan ajoyib voqealar rivoyat qilingan.
* Abu Mansur Xartangiy Imom Buxoriydan keyin juda kam yashagan va vafotidan soʻng buyuk muhaddisning yoniga dafn etilgan.
 
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
[1]. Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Siyaru aʼlamin nubalo: 25 jildli. – Bayrut: Doru muassasatir risola, 1992. J: 12. B: 466.
[2]. Hofiz Abu Bakr Ahmad ibn Ali ibn Sobit Xatib Bagʻdodiy. Al-Muttafiq val muftariq: 2208 betli. Doktor Muhammad Sodiq Oydin Homidiy tahqiqi. – Damashq: Dorul qodiriy, 1417/1997. B: 1764.
[3]. Imom Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad ibn Mansur Samʼoniy. Ansob: 13 jildli. – Haydarobod: Dairotul maʼorif al-Usmoniya, 2016. J: 5. B: 79.
[4]. Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy. Shamoili Buxoriy. Abu Muoviya Bayrutiy nashri. – Bayrut: 2019. B: 71-74. Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Siyaru aʼlamin nubalo: 25 jildli. – Bayrut: Doru muassasatir risola, 1992. J: 12. B: 466-467. Abu Fazl Shihobuddin Ahmad ibn Ali ibn Muhammad ibn Hajar Kinoniy Asqaloniy. Tagʻliqut taʼliq ala Sahihil Buxoriy: 5 jildli. Said Qazfiy tahqiqi. – Damashq: Al-Maktabul islomiy – Doru Ammor. 1405/1985. J: 5. B: 441. 
Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …