Home / YANGILIKLAR / Abu Rayhon Beruniyning boy ilmiy merosi muhokama markazida

Abu Rayhon Beruniyning boy ilmiy merosi muhokama markazida

Joriy yilning 16 sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi hamkorligida Buyuk alloma Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1048 yilligiga bagʻishlab “ABU RAYHON BЕRUNIY MЕROSI VA HOZIRGI ZAMON SIVILIZATSIYASI” mavzuida ilmiy seminar boʻlib oʻtdi.

Unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi olimlari, yurtimizdagi nufuzli oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilari, “Beruniy avlodlari” va “Bobur” jamoat fondlari rahbarlari va taniqli jurnalistlar ishtirok etdi.

Seminarni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari nomzodi, dotsent Sh.Ziyodov kirish soʻzi bilan ochib, tadbirga moderatorlik qildi.

Soʻzga chiqqanlar oʻz maʼruzalarida Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining yurtimizda tadqiq etilishi va nashr qilinishi holati hamda istiqbollari, alloma asarlarining hozirgi zamon sivilizatsiyasidagi global muammolar yechimida tutgan oʻrni, xususan olimning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarining tarixiy ahamiyati haqida batafsil toʻxtaldilar.

Seminarda shuningdek, Beruniyning insonparvarlik gʻoyalari, ijtimoiy-siyosiy va axloqiy qarashlarining Yangi Oʻzbekiston Uchinchi Renessansidagi intellektual ahamiyati borasida ham soʻz bordi.

Taʼkidlanganidek, allomaning oʻz davri ilm-fanining turli sohalariga oid 160 dan ortiq tarjimalari, turli hajmdagi asarlari, yozishmalari davrimizgacha saqlanib qolgan. Yirik hajmdagi asarlardan tashqari astronomiya, astrologiya, matematika, geodeziya, geologiya, mineralogiya, geografiya, arifmetika, tibbiyot, farmakologiya, tarix, filologiya masalalariga oid qator risolalar yaratgan olim turli tarjimalar va badiiy ijod bilan ham shugʻullangan va musulmon Sharqi madaniyatining soʻnggi rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatgan.

Ishtirokchilar tomonidan oʻzbek romanchiligida Abu Rayhon Beruniy obrazi va Beruniy taxallusining yangi talqinlari hamda alloma merosini jahon axborot makonida samarali targʻib etish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.

Seminar qizgʻin bahs-munozaralarga boy boʻlib, uning yakunida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga maʼruzachilar tomonidan ilmiy asoslangan javoblar qaytarildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …