Home / MAQOLALAR / “KITOBUT TAVHID” – ADASHGAN OQIMLARGA QARSHI TURISHDA MUSTAHKAM QALʼA

“KITOBUT TAVHID” – ADASHGAN OQIMLARGA QARSHI TURISHDA MUSTAHKAM QALʼA

Sir emaski, hozirgi kunlarda dunyo musulmonlarining toʻqson foizidan koʻprogʻi ergashayotgan ahli sunna val jamoaga mansub moturidiylik va ashʼariylik yoʻnalishlariga turli oqimlar tomonidan mafkuraviy hujumlar tashkil qilinmoqda. Ular nima qilib boʻlsa ham musulmonlarni haq yoʻldan ozdirib, oʻziga tobeʼ qilishni istayotgani asta-sekin hammaga maʼlum boʻlib borayotgan boʻlsa-da, xalqimiz orasida ushbu adashgan toifalarga ergashayotganlar va ularni qoʻllab-quvvatlayotganlar borligi juda achinarli holatdir. Imom Moturidiy va Imom Ashʼariydek buyuk allomalarni yaxshi tanimay, ular yozib qoldirgan kitoblarni oʻrganmay turib, birov nima desa ishonib ketaverish, zalolatga botishning asosiy sababidir. Agar odamlar bu ikki allomaning ilmiy meroslarni yaxshi oʻrganganida, u toifalar oʻzining razil maqsadlari yoʻlida ushbu buyuk olimlarga tuhmat qilayotganini ochiq-oydin anglab yetar edi. Bu ikki buyuk imomning kitoblarini koʻp asrlardan buyon ishonchli olimlar oʻrganib chiqqandan soʻng ularning yoʻllari toʻgʻriligini eʼtirof etgan. Shuni oʻylab koʻrishning oʻzi unday toifalarning asl maqsadini tushunib olish uchun yetarli. Shu bois ikki imom haqida bilish, ayniqsa, bizning diyorda amal qilib kelinayotgan moturidiylik aqidaviy yoʻnalishi asoschisi Imom Moturidiyning asarlarini oʻrganish va hayotga tatbiq etish, ularni xalqimizga oʻz ona tilisida sodda va tushunarli holda yetkazib berish katta ahamiyatga ega. Chunki, bir narsa toʻgʻrisida maʼrifatga ega boʻlgan kishi aynan oʻsha narsa toʻgʻrisida har xil yolgʻonlarga aldanib qolmaydi. Ilm nur, johillik zulmat deyilgani ham shundan.

Oʻz davrida koʻplab toifalarni zalolat botqogʻidan hidoyat yoʻliga chiqargan va oʻz asarlari bilan oʻsha davrdan to hozirgi kungacha koʻplab musulmonlarning hidoyatiga sabab boʻlgan Imom Moturidiyning toʻliq ismi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy Samarqandiydir. Alloma 250-333 (870-944) yillarda yashab, faoliyat yuritgan. Oʻz vatanida barchasi Abu Hanifaga bogʻlanadigan olimlardan aqiyda, tafsir, hadis, fiqh, lugʻat va boshqa muhim diniy ilmlarni taʼlim olib, yetuk alloma boʻlib yetishgan. Allomaning bizgacha yetib kelgan asarlaridan eng mashhurlari “Kitobut tavhid” va “Taʼvilotul Qurʼon” boʻlib, biri tavhidga ikkinchisi tafsirga oiddir.

Abu Muin Nasafiy oʻzining “Tabsiratul adilla” kitobida Imom Moturidiyga tegishli boʻlgan kitoblar orasida “Kitobut tavhid”ni ham zikr qilgan. Uning bu asari Imom Moturidiy “Kitobut tavhid”da bayon qilgan masalalarni tushinish uchun yozilgan kitoblarning eng avvalgisi va ahamiyatlisi hisoblanadi. Shuning uchun olimlar “Kitobut tavhid”ni oʻqishdan oldin “Tabsiratul adilla”ni oʻrganishni tavsiya qiladilar.

Abu Yusr Bazdaviy oʻzining “Usulud din” asarida bunday deydi: “Shayx Abu Mansur tasnif qilgan kitobda maʼnolarda biroz maxfiylik, uzunlik va kitobning tartibida biroz qiyinchilik mavjud boʻlmaganda, ushbu kitobning oʻzi barchaga kifoya qilar edi”.

Tavhid ilmida eng yuqori choʻqqilarga koʻtarilgan buyuk olimlar “Kitobut tavhid” aqida borasida yozilgan eng mukammal va kifoya qiladigan asar ekanini eʼtirof etishi uning naqadar ahamiyatli ekanini bildiradi.

Alloma oʻz kitobida koʻproq ishora usulini qoʻllagan. Chunki, ishora eʼtiborliroq boʻladi. Ayniqsa, Qurʼon oyatlari va hadislarga ishoralar borligi ahamiyatlidir. Bu u zotning naqadar teran ilm sohibi ekanida dalolat boʻladi. Asarning hamdu sano qismining oʻzidayoq bu holat yaqqol koʻzga tashlanadi. Alloma oʻz soʻzini boshlab, bunday deydi: “Undan oʻzgaga aytiladigan barcha hamd haqiqatda Unga qaytadigan Allohga U ato qilgan neʼmatlarni qamrab oladigan va ziyoda qilib berishiga ham kifoya qiladigan va Uning rizosiga yetkazadigan hamd boʻlsin”.

Alloma oʻz asarida avval maʼrifat sabablari toʻgʻrisida soʻz yuritib, undan soʻng asosiy maqsad boʻlmish Yaratuvchi va uning sifatlarini bayoniga kirishadi. Bu orada koʻplab botil gʻoyalarga raddiya berish bilan haqiqatni yuzaga chiqarishga intiladi. Bu uslub alloma koʻzlagan maqsadiga erishishiga asosiy sabablardan biri boʻlgan. Yaʼni, haqiqatni yuzaga chiqarishning eng yaxshi yoʻli haqiqatning ziddi boʻlgan botilni asl yuzini ochishdir. Moturidiy oʻzining bu uslubida koʻplab aqliy va naqliy dalillardan foydalangan. Chunki, u yashagan davrda moʻtaziliylik gʻoyalari koʻp tarqalgan boʻlib, bu toifaga mansub boʻlgan kishilar asosan aqliy dalillarga ergashar edi. Ularning shiorlarida “Barcha ishda aql asl boʻlib, naql (Qurʼon va hadis) aqlga tobeʼ”, degan gʻoya bor edi. Bundan tashqari oʻsha davrda har qanday holatda oyat va hadislarning zohiriy (yuzaki) maʼnolariga koʻra amal qilinadi, degan gʻoya asosida aqliy dalillarni mutlaq inkor qiladigan toifalar ham mavjud edi. Alloma bu ikki toifaning gʻoyalari botil ekanini isbotlash uchun oʻz kitobida aqliy va naqliy dalillarni jamladi. Bu uslub natija berib, yuqorida zikr qilingan adashgan toifalarning katta qismi Imom Moturidiyga ergasha boshladi.

Asarda dahriyya, sanaviyya, daysoniyya, moʻtazila, sufastoiyya, sumniyya, majusiyya va bundan boshqa koʻplab botil firqalarga raddiyalar mavjud. Ushbu oʻrinda raddiyalardan baʼzilarini keltirib oʻtish foydadan xoli boʻlmaydi. Alloma olamni qadim (ibtidosi yoʻq), deydigan toifalardan biri boʻlmish sanaviyyalarga raddiya berib bunday deydi: “Sanaviyyalar (nur va zulmatni iloh, deb eʼtiqod qiluvchilar) olamni qadim, deb daʼvo qildi. Holbuki, ular oʻz soʻzlari bilan bu eʼtiqodni inkor qiluvchilarning eng avvalida turadi. Chunki, ular: “Nur va zulmat avval bir-biridan judo holatda edi, soʻng bir-biriga aralashdi va ularning aralashuvidan olam paydo boʻldi”, degan soʻzni aytadi. Holbuki, aralashish hodis (ibtidosi bor)dir. Chunki, undan oldin judolik boʻlgan va nur va zulmat olam, deb nomlanmagan edi.”

Olamning ibtidosi borligiga uni qadim deydiganlarning soʻzini dalil sifatida keltirishning oʻzidan u zotning qanday isteʼdod sohibi ekanini bilib olish qiyin emas. Bu oʻrinda alloma “avval judo boʻlgan”, “soʻng aralashgan”, degan soʻzlardan olamning hodis ekanini isbotlab beryapti. Bundan tashqari u zot oʻz asarida “paydo boʻldi”, “vujudga keldi”, degan soʻzlar ibtidosi bor narsalarga ishlatilishini bayon qilgan.                     Davomi bor…

Obid Xursandov,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

“SAHIHUL BUXORIY”NING KENG TARQALISHIGA ASOS BOʻLGAN NUSXALAR

Butun islom olamida Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asari yetib bormagan makon yoʻq. Imom Buxoriyning hadis …