Home / MAQOLALAR / Boʻrilar ekotizimda qanday oʻrin tutadi? yoki bir qoʻriqxona misolida Alloh taoloning ilmi va hikmatidan bir nishona

Boʻrilar ekotizimda qanday oʻrin tutadi? yoki bir qoʻriqxona misolida Alloh taoloning ilmi va hikmatidan bir nishona

Dunyoda har bir jonzotning oʻz oʻrni va vazifasi bor. Hashoratmi, hayvonmi, qushmi ekanligidan qatʼi nazar, Haq taoloning qudrati bilan ularning hammasi oʻz zimmasidagini bajaradi. Ular hatto inson zotiga berilmagan ayrim imkoniyatlar bilan qurollangan. Qabr yonida oʻtlayotgan chorva baʼzan oʻz-oʻzidan hurkib ketishi shunga bir misoldir. Yaʼni, maxluqot inson eshitmaydigan ovozlarni eshitadi, ehtimol, inson koʻrmaydigan narsalarni koʻradi ham.

Bu xususda quyidagi hadisni keltirish mumkin. Bir injiq tuya Abu Najjor qabilasiga tegishli xurmozor kiraverishiga turvolib, hech kimga yoʻl bermayotgan edi. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam kelib, unga tinchlanishni buyurdilar. U kelib, boʻyin egdi. Uni jilovladilar. Keyin aytdilar: “Adashgan jinlar va insonlardan tashqari osmon bilan yer orasidagi butun maxluqot mening Rasululloh ekanligimni biladi” (Imom Ahmad Hanbal musnadi, 14333).

Har bir jonzot Nabiy sollalohu alayhi vasallamni bilar ekan, demak, Alloh taolo shuni iroda etgan. Ularning oʻz vazifasini muntazam bajarishi, bu jarayonda uzilish roʻy bergudek boʻlsa, tabiatdagi muvozanat buzilishi ham Yaratganning buyuk hikmatidir.

Ijozatingiz bilan bu fikrga boʻrilar misolida yuz bergan voqea yordamida tasdiq keltiramiz.

1995 yilda Yellouston milliy bogʻiga (qoʻriqxonasiga) 14 ta boʻri erkin yashash uchun qoʻyib yuborilganida, olimlar bu voqea butun ekotizimni boshdan-oyoq oʻzgartirib yuborishini xayoliga ham keltirmagan edi.

Qoʻriqxonaga 70 yil davomida boʻri oralamagan, butun oʻtgan vaqt mobaynida bu yerda kiyiklar “hukmronlik” qilgan edi. Oqibatda ular pala-partish koʻpayib, mahalliy nabototga (oʻsimlik dunyosiga) katta zarar yetkazgandi. Dov-daraxt va butalar, oʻt-oʻlan va giyohlar tugab qolayozgan edi.

Albatta, 14 tagina boʻri bu kiyiklarning hammasini yeb bitirishga qodir emasdi. Lekin boʻrilar paydo boʻlishining oʻziyoq kiyiklarni endilikda yaylovlarni tanlashga, ayrimlaridan nariroq boʻlishga majbur qildi va shunday joylarda oʻsimlik dunyosi barq urib rivojlandi. 6 yil davomida daraxtlar besh karra koʻpaydi.

Koʻp oʻtmay, yogʻochdan toʻgʻonchalar quradigan qunduzlar paydo boʻldi. Suv havzalarida ondatra, oʻrdak, baliqlar koʻpaya boshladi.

Boʻrilar oʻz raqobatchilari boʻlmish shoqollar populyatsiyasini kamaytirdi. Bu esa quyonlar va boshqa kemiruvchilar koʻpayishiga olib keldiki, natijada ularning kushandalari – qirgʻiylar va tulkilar qoʻriqxonaga koʻproq eʼtibor jalb qila boshladi.

Yana biroz muddatdan keyin bogʻda ayiqlar ham paydo boʻldi. Ular boʻrilardan qoʻrqmas, ularning oʻljasini osonlik bilan tortib olar edi. Tayyor xoʻrak ayiqlar qoʻriqxonaga oʻrganib qolishi va oʻrnashib olishiga sabab boʻldi.

Bora-bora bogʻda rezavorlar ham koʻpayib ketdi.

Shu tariqa tutqunlikda saqlangan 14 tagina boʻrining qoʻyib yuborilishi bogʻning umumiy manzarasini, uning hayvonot va nabotot olamini butunlay oʻzgartirib yubordi.

Shunday qilib, Alloh taoloning hikmati mana shu “bir hovuch” boʻrining butun qoʻriqxonani “ostin-ustun” qilib yuborishida ham yaqqol namoyon boʻldi.

Madina MASHRABXON

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …