Home / MAQOLALAR / “IMONDANDIR – VATANNI SЕVMOQ!”

“IMONDANDIR – VATANNI SЕVMOQ!”

Yangi Oʻzbekiston jahon maydonida kuchli salohiyat, munosib obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan, har tomonlama obod va farovon mamlakatga aylanadi.

Men bunga nafaqat ishonaman, balki shu yoʻlda bor bilim va tajribamni, kuch-gʻayratimni safarbar etishga hamisha tayyorman. Barcha yurtdoshlarimizni ana shunday ulugʻ safda – Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari qatorida boʻlishga daʼvat etaman.

Sh.M.MIRZIYOYEV

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda barcha sohalarda amalga oshirilayogan ulkan islohotlar koʻlami jihatidan gʻoyat keng, mohiyatan insonparvar, buyuk kelajakni koʻzlangani bilan juda ahamiyatlidir.

Mustaqilligimizning 30 yillik shodiyonalari arafasida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi bosh muharriri savollariga javoblarida soʻnggi yillarda qoʻlga kiritilgan ulkan muvaffaqiyat va natijalarni ayta turib: “Xalqimiz menga ishonch bildirdi, ana shu yuksak ishonchni oqlash, el-yurtimizga munosib hayot sharoitini yaratib berish – men uchun hayotimning maʼno-mazmunidir”, deya taʼkidlagani barchamizga katta gʻurur, faxr va iftixor tuygʻularini tuhfa etadi…

Darhaqiqat, inson umr boʻyi baxtga intilib yashaydi. Ammo hamma ham chinakam baxt mezonini anglab yetavermaydi. Aslida, baxt bu – ona-Vatanni hur va farovon koʻrmoq neʼmati ham ekan. Yana ham ulugʻ sharaf – ona yurt ravnaqi, millat kelajagi uchun baholi qudrat hissa qoʻshmoq ekan…

Oʻz davlatingiz, ozod va obod diyoringiz, yurtdoshlaringiz farovonligini oʻylab, kishilar rohat-farogʻati toʻgʻrisida qaygʻuradigan oqil va dono Prezidentimiz borligini, u aziz insonning yonida har birimiz kamarbasta boʻlishimizdan ham olijanob tuygʻu boʻlmasa kerak…

Demak, shunday mustaqil, ozod va obod Vatanda umrguzaronlik qilayotganimizdan cheksiz baxtiyormiz va bu baxtimizga doimo behisob shukr qilib yashashimiz shart! Chunki hazrati Ali raziyallohu anhu aytganlaridek, “neʼmat shukrga bogʻlangan. Shukr esa ziyoda boʻlish bilan aloqador. Har ikkalasi teng biriktirilgan. Bandadan shukr toʻxtamaguncha, Alloh tomonidan ziyoda qilish toʻxtamaydi”.

Eʼtiborimizni soʻnggi 4-5 yil mobaynida voqelikka aylangan taraqqiyot yoʻlimizning hammamizga oynadek ayon koʻrsatkichlariga, har birimizning koʻz oʻngimizda sodir boʻlayotgan, bir qarashda oddiy tuyulgan haqiqatlarga qarataylik…

2021 yilning 8 oyi davomida mamlakatimiz moʻmin-musulmonlarining diniy-maʼrifiy ehtiyojlarini taʼminlash, masjidlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, yangidan qurish, taʼmirlash borasida qator ishlar amalga oshirilib, ayni kunlarda ham muttasil davom ettirilmoqda…

Yurtimizda barcha sohalardagi oʻzgarishlar, islohotlar, yangilanish va bunyodkorliklar berayotgan samaralarga doir raqamlarni bir maqolaga sigʻdira olishning aslo iloji yoʻq.

Biz, avvalo, Alloh taologa shukr qilib, insonlarga ham tashakkur aytishni kanda qilmasligimiz kerak. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda Janob Paygʻambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim insonlarga tashakkur aytmasa, Allohga ham shukr qilmaydi”, – deganlar.

Bugun shu aziz Vatanning har bir farzandi yuragi hapqirib turibdi. Negaki, biz eng ulugʻ, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayramini, Oʻzbekiston Respublikasi istiqlolini qoʻlga kiritganining 30 yillik shodiyonalarini katta tantana qilayapmiz.

Ana shu qutlugʻ ayyom arafasida dorilomon kunlarga yetkazgani uchun yana va yana shukr qilish maqsadida diniy-maʼrifiy sohadagi oldingi holat va bugungi oʻzgarishlarni taqqoslashga harakat qildik. Zero, haqiqat qiyosda bilinishi kundayin ravshan.

1. oldin: Bir yilda 274 million aholisi boʻlgan Sobiq Ittifoq xalqlaridan 24 odam, Oʻzbekistondan esa bor-yoʻgʻi 6 kishi hajga borgan.

2. hozir: Har yili Oʻzbekistondan 7.200 dan ziyod kishi muborak haj safarini va hech qanday kvotasiz umra ziyoratini ado etmoqda.

3. oldin: Qurʼoni karim sanoqli oilalardagina boʻlgan.

4. hozir: Nafaqat Qurʼoni karimning oʻzini, oʻzbek tilidagi tafsirlari, tarjimalari, sharhlari, izohlarini oʻqish mumkin.

5. oldin: Oʻzbekiston SSR hududida 89 ta masjid boʻlgan.

6. hozir: Oʻzbekiston Respublikasida 2094 ta jome masjid faoliyat yurityapti.

7. oldin: Ikki hayit – Ramazon va Qurbon hayitlari, taroveh hamda xatmi Qurʼon namozlari yashirincha, pana joylarda oʻqilgan.

8. hozir: Barcha jome masjidlarda ikkala hayit, taroveh hamda xatmi Qurʼon namozlari bemalol, emin-erkin ado etilyapti. Quvonarlisi, odam koʻpligidan masjidlarning hovlilari ham toʻlib, koʻchalarga ham odam sigʻmay ketyapti.

9. oldin: Sobiq tuzum davrida har qanday diniy adabiyotni chop etish man etilgan, faqat Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari idorasiga har chorakda chiqadigan bitta jurnal va bitta gazetaga ijozat berilgan edi.

10. hozir: 50 ga yaqin nashriyotlarda diniy sohaning barcha yoʻnalishlarida kitoblar, risolalar, davriy nashrlar chop etilyapti.

11. oldin: Oʻzbekiston SSR Konstitutsiyasining 2-boʻlim, 6-bob, 50-moddasidagi vijdon erkinligi qayd etilgan edi. Lekin bu amalda emas, faqat qogʻozda edi xolos.

12. hozir: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 2-boʻlim, V bob, 18-modda; 2-boʻlim, VII bob, 31-modda; 3-boʻlim, XIII bob, 57-modda; 3-boʻlim, XIII bob, 61-moddalari hamda yangi tahrirda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunida ham diniy eʼtiqod va vijdon erkinligi mustahkam kafolatlangan.

13. oldin: Yangi tugʻilgan chaqaloqlar onasidan ajratilib, ona sutidan mahrum qilinib, pasterizatsiya qilingan sutlar bilan oziqlantirilgan.

14. hozir: Yangi tugʻilgan chaqaloq milliy va diniy qadriyatlarimizga binoan parvarishlanyapti.

15. oldin: Nafaqat diniy, balki milliy qadriyatlarimiz ham toptalgan.

16. hozir: Milliy, diniy qadriyatlarimiz ulugʻlanyapti.

17. oldin: Xudosizlik, dinsizlikka targʻib qilingan.

18. hozir: Allohga shukr, din va eʼtiqod erkinligi berildi.

19. oldin: Maktab, korxona, idoralarda roʻza tutmaslik uchun baʼzi odamlarga majburlab suv, choy ichirilgan.

20. hozir: Xohlagan kishi dinimizning istalgan arkonini bemalol bajarmoqda.

21. oldin: Diniy ilm olish uchun Toshkentda Imom Buxoriy nomidagi islom instituti, Buxoroda Mir Arab madrasasi boʻlgan.

22. hozir: Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Hadis ilmi oliy maktabi, kalom, fiqh, tasavvuf, aqida, hadis maktablari, shu bilan birga, yurtimizning har bir hududida oʻrta maxsus islom bilim yurtlari, ikkita ayol-qizlarga ixtisoslashgan madrasa faoliyat yuritmoqda.

23. oldin: Tabarruk qadamjolar, ulugʻ va aziz avliyolarimizning xoki poklari joylashgan tabarruk joylar vayron edi. Koʻpchilik ulamolarning, azizlarning mangu qoʻnim topgan joylarini bilmas edik.

24. hozir: Tabarruk qadamjolar, obidalar obod etildi, ulugʻlarning maqbaralari obod qilinyapti.

25. oldin: Diniy xodimlar, xususan, imom-xatiblar, domlalar, otinoyilar doim taʼqibda boʻlishgan.

26. hozir: Ilm ahliga, imom-xatiblarga, otinoyilarga eʼtibor kupaydi, ehtirom yuksaldi.

27. oldin: Kundalik turmush tarzimizda “Bismillahir rahmonir rahim”, “Xudoga shukr!”, Alhamdulillah!”, “Joylari jannatda boʻlsin!” va hokazo soʻzlarni ishlatishga qoʻrqar edik.

28. hozir: Vijdon va eʼtiqod erkinligi taʼminlanib, hamma qonuniy huquqidan foydalanib, ibodatlarni emin-erkin, bemalol ado etmoqda.

29. oldin: davlat ishchi va xizmatchilari nafaqat turli maʼraka-marosimlarga borishdan qoʻrqqan, balki oʻz ota-onasining ham janoza va taʼziya marosimlarida qatnasha olmagan.

30. hozir: hamma ham xohlagan tadbir-marosimlarda bemalol qatnashmoqda.

Ana shunday saodatli kunlarga yetkazgani uchun Alloh taologa cheksiz hamdu sano aytishimiz, bunday xayrli ishlarni amalga oshirayotgan barcha azizlarimizga cheksiz tashakkurlarimizni izhor qilishimiz kerak. Zero, bandalarini hamisha va har qachon shukr qilishga buyurgan Alloh birinchi navbatda oʻzini shukrni qabul qiluvchi deb atagan: “Agar shukr qilsangiz va imon keltirsangiz, Alloh sizlarni azoblab nima ham qiladi?! Alloh shukrni qabul etuvchi va biluvchi Zotdir” (Niso surasi, 147-oyat).

Bishr Xofiy shukr haqida: “Aʼzolaridan faqat tili bilan shukr qilgan kishining shukri noqis boʻladi. Chunki koʻzning shukri – biror yaxshilik koʻrganda unga qarash, yomonlikni koʻrganda, yumish. Quloqning shukri – yaxshilikni eshitganda yodlab olish, yomonlikni esa unutish. Qoʻllarning shukri – ular bilan haqqi boʻlgan narsalardan boshqa narsani ushlamaslik. Meʼda (qorin)ning shukri – halol narsalar bilan oziqlanish. Aql va qalbning shukri – ilm va hilm bilan ziynatlanish. Oyoqlarning shukri esa – yaxshilikdan boshqa yoʻlda yurmaslik. Kim mana shularni bajarsa, haqiqiy shukr qiluvchilardan boʻladi”, – deydi.

Buyuk avliyo, ulugʻ mutafakkir Alisher Navoiy hazratlari shunday duo qilgan ekanlar:

Iloyo, dilimni zikringga zokir ayla,

Iloyo, tilimni shukringga shokir ayla!

Jannatmakon yurtimiz tinchligi, mukaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi uchun hamda muborak dinimiz kamoloti, masjidu-madrasalarimiz obodligi uchun hizmat qilayotgan har bandani Alloh taolo ikki dunyoda ham azizu-mukarram qilsin!

Iloho mustaqilligimizni abadiy qilsin!

Ibrohimjon INOMOV,

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari

Check Also

ISLOMDA TAVFIQ MASALASI (2-qism)

Tavfiqning tavsifi haqida soʻzimizni davom ettirar ekanmiz, gunoh va yomon ishlardan saqlanish ham Alloh tavfiq …