Home / MAQOLALAR / ISTIQLOLNING RЕAL HAYOTIMIZDAGI INʼIKOSI

ISTIQLOLNING RЕAL HAYOTIMIZDAGI INʼIKOSI

Mustaqillikning 30 yilligiga bagʻishlanadi

Istiqlol Vatanimizga ilm-fan borasida shunday imkoniyat berdiki, uning taʼsirida minglab ziyo va fikr buloqlari ochildi. Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusi, imon, eʼtiqod xalqimizning butun borligʻini qamrab oldi va oʻzligini bilish, jahon hamjamiyatiga oʻzining oʻrnini halol mehnati va aqli bilan tanitish sari yetakladi. Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va maʼnaviy hayotida ijodiy izlanishlar qizgʻin tus olib ketdi.

1991 yilning 31 avgustida oʻzbek xalqining asl insoniy huquqi – oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqi roʻyobga chiqdi, Oʻzbekiston mustaqil boʻldi. Istiqlol mamlakatimiz kamolotining zaminiga aylandi. Mustaqillikning oʻttiz yilligi sarhisobini koʻrib, bu neʼmat nimalarga qodir ekanini, nimalar berayotganini qalban his etib turibmiz.

Istiqlolning dastlabki davridayoq Oʻzbekiston demokratik-huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyati barpo etishni, dunyoning rivojlangan davlatlari safidan joy olishni bosh maqsad etib belgiladi.

Mustaqillikni mustahkamlash uchun siyosiy, harbiy, iqtisodiy, energetik mustaqillikni taʼminlash choralari koʻrildi. Qisqa muddatda oziq-ovqat mustaqilligi ham qoʻlga kiritildi.

Tez orada mustaqillikning asosiy belgilari boʻlmish davlat ramzlari – davlat bayrogʻi, davlat gerbi, davlat madhiyasi, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi. Milliy valyuta – soʻm muomalaga kiritilib, moliyaviy mustaqillik ham taʼminlandi.

Allohga beadad shukrlar boʻlsinki, istiqlol yillarida barcha sohalar kabi dinu diyonat masalalarida ham erkinlik, yaxshi sharoitlar hayotimizdan mustahkam oʻrin oldi. Shoʻro davrida cheklangan sharoitda zoʻrgʻa ishlab turgan bir necha oʻn masjid, islom instituti va bitta madrasa oʻrnida hozir ikki mingdan ziyod masjid, oʻnta madrasa faoliyat koʻrsatmoqda. Diniy-maʼrifiy taʼlim muassasalari qatoriga buyuk alloma ajdodlarimizning boy merosi, ularning jahon sivilizatsiyasi, ilm-fani taraqqiyotiga qoʻshgan bebaho hissasini chuqur tadqiq etadigan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi yirik ilm dargohlari qoʻshildi. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Samarqanddagi hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek aqida, hadis, fiqh kabi maktablar ochilib faoliyat olib bormoqda. Qurʼon qiroati ilmini keng tarqatish maqsadida har bir viloyatda uch oylik Qurʼoni karim va tajvid oʻquv kurslari xalqimizga xizmat qilmoqda.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi dunyo tamadduniga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk alloma va mutafakkirlarimizning maʼnaviy-madaniy merosini oʻrganish, xalqimizga, jahon jamoatchiligiga yetkazish va xorijlik mehmonlarga yaqindan tanishtirishda katta imkoniyatlar yaratadi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi, bir tomondan, yurtimizda islomshunoslik, ayniqsa, hadisshunoslik yoʻnalishidagi tadqiqotlarning yanada taraqqiy etishiga sabab boʻlsa, ikkinchi tomondan, bu yerda xalqaro aloqalarning yoʻlga qoʻyilishi olimlarimizning jahondagi boshqa islomshunoslik markazlarining tadqiqotchi olimlari bilan oʻzaro hamkorligi rivojlanishiga yoʻl ochmoqda.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi aqida va kalom ilmi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan Imom Moturidiy va uning izdoshlari boʻlgan allomalarning ulkan ilmiy, diniy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish, xalqimiz va jahon ilmiy jamoatchiligi orasida keng targʻib qilish, islom dinining insonparvarlik mohiyati, maʼrifiy-madaniy roli va rivojlanish yoʻnalishlarini ilmiy asosda oʻrganishga va xalqaro miqyosda keng ommaga yetkazishga xizmat qilmoqda.

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi islom dini rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk vatandoshimiz Imom Termiziy va termiziy allomalarning benazir merosini ilmiy asosda chuqur oʻrganish, xalqaro ilmiy jamoatchilik orasida keng targʻib qilish, shu asosda yosh avlodni ezgu gʻoyalar ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusini yanada kuchaytirish kabi ezgu vazifani bajarmoqda.

Mustaqillik yillarida minglab yurtdoshlarimiz eng qulay sharoitlarda haj va umra ibodatlarini ado etishga muyassar boʻlmoqda. Dahriylik hukmron boʻlgan yillarda qarovsiz tashlab qoʻyilgan, omborxonalarga aylantirilgan masjid va maqbaralar qayta tiklanib, ziyoratgohlarga aylantirildi. Endilikda ular xalqimiz va yurtimiz mehmonlariga xizmat qilmoqda.

Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Margʻinoniy, Ahmad Fargʻoniy, Abdulxoliq Gʻijduvoniy, Bahouddin Naqshbanddek ulugʻ ajdodlarimizning xotirasiga munosib eʼtibor koʻrsatilib, ularning yubileylari xalqaro miqyosda nishonlandi. Bu ziyorat turizmini rivojlantirishga qulay zamin yaratdi. Xalqimiz “Sahihul Buxoriy”, “Taʼvilotul Qurʼon” kabi nazir asarlarni asrlar davomida orziqib kutib kelgan edi. Istiqlol sharofati bilan ular oʻz ona tilimizga tarjima qilindi va qilinmoqda.

Madaniy merosimizni oʻrganish, oʻtmish qadriyatlarimizni tiklash va mustahkamlash jamiyatimizni rivojlantirishda, kelajakni oqilona belgilashda dolzarb vazifalardan biridir. Istiqlol yillarida Oʻzbekistonda qaror topgan ijtimoiy adolat, ayniqsa, boy va koʻhna madaniy merosimizni oʻrganishga xolisona yondashuv bugun oʻz samarasini bermoqda.

Faxr bilan aytish lozimki, Oʻzbekiston hududidagi aholining boy madaniy merosi minglab yillar davomida shakllangan. Uning asosini oʻziga xos ishlab chiqarish usullari, yuksak rivojlangan dehqonchilik va hunarmandlik madaniyati, betakror meʼmorlik va shaharsozlik sanʼati tashkil qiladi. Bunga Urxun-Yenisey bitiklari yaxshi dalildir.

Davlatchiligimiz tarixi ham miloddan ancha narida boshlangan. Bu qutlugʻ zamindan qanchadan-qancha buyuk allomalar qatorida, ne-ne siyosatchi va sarkardalar ham yetishib chiqqan. Biz yashayotgan muqaddas tuproq dunyoning chekkasidagi bir qoloq hudud emas, balki tarixan jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri boʻlib kelgan.

Asrlar davomida islom taʼlimotining insonparvarlik gʻoyalari asosida shakllangan xalq maʼnaviyati tobora sayqallashib, bir qancha tarixiy bosqichlarning tazyiqidan sogʻ-omon oʻtib, bugungi kunda Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlab, uning taraqqiyotiga xizmat qilmoqda. Yuksak maqsad yoʻlida turgan muammo va tahdidlarni aniqlash va ularga toʻgʻri yechim topish jamiyat aʼzolarini jipslashtiradi, har bir fuqaroga oʻzining masʼuliyatini, Vatanining hayotida sodir boʻladigan sinovlarga daxldorligini yanada chuqurroq anglash imkonini beradi.

Oʻzbekiston Respublikasining mustaqillik yillarida siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy sohalarda qoʻlga kiritgan yutuqlari shundan dalolat beradiki, davlatimiz oʻz kelajak yoʻlini aniq-ravshan va toʻgʻri belgilab olgan, xalqning ozodligi va farovonligini taʼminlash yoʻlidagi buyuk maqsad va intilishlaridan uni hech qanday gʻarazli kuch qaytara olmaydi.

Mustaqilligimizning 30 yilligi barchamizga muborak boʻlsin!

 Qodirxon Mahmudov,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

DINIY EKSTREMIZM VA SOF ISLOM

Din – arabcha soʻz boʻlib, “eʼtiqodga ehtiyojli har bir insonning talabini qondirishni oʻzida mujassam etuvchi” …