Home / YANGILIKLAR / BIR INSON TAQDIRI OʻZGARISHI, BAXTIYOR YASHASHIGA HISSA QOʻSHISH – ULKAN SAODAT

BIR INSON TAQDIRI OʻZGARISHI, BAXTIYOR YASHASHIGA HISSA QOʻSHISH – ULKAN SAODAT

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi bosh muharririga bergan intervyusini katta qiziqish, zoʻr hayajon bilan oʻqib chiqdim. Soʻzlarga eʼtibor qaratdim: eng koʻp ishlatilgan soʻzlar “Vatan”, “xalq”, “Milliy manfaat”, “obodlik”, “Yangi Oʻzbekiston”, “yoshlar”, “adolat”, “taraqqiyot” ekani mendagi hayrat va shukronalik hissini chandon oshirdi.

Intervyuda soʻnggi 5 yil davomida mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar va ularning samarasi, erishilgan yutuqlar shunchalik samimiyat bilan kamtarona tushuntirib berilganki, sogʻlom fikrli har bir inson yuragiga, qalbiga yetib boradi. Koʻz oldimizda roʻy bergan, ammo koʻpchiligimiz ilgʻamagan, tabiiy, shunday boʻlishi kerakdek tuyulgan har bir yangilik, har bir tashabbus va oʻzgarishlar zamirida qanchalik matonat, uzoqni koʻra bilish va mavjud muammolarga koʻz yummasdan, yechimiga jonfidolik koʻrsatib, mamlakat taraqqiyotida yangi, tub burilishlar amalga oshirilgani yaqqol namoyon boʻladi.

Buni quyidagi fikrlarda ham his qilish mumkin: “Afsuski, mamlakatimizda tezlik bilan hal etish kerak boʻlgan oʻtkir muammolar boshqa sohalarda ham yigʻilib qolgan edi. Hammasi joyida, degan kayfiyat bilan ularni bilib-bilmaganga, koʻrib-koʻrmaganga olib, gʻaflat uyqusiga botib yuraverish ham mumkin edi. Lekin bu oʻzimizga, xalqimizga, kelajakka nisbatan xiyonat boʻlardi”.

Darhaqiqat, Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida ishni boshlagan kunlardanoq mustaqillikning dastlabki yillarida erishilgan yutuqlarga mahliyo boʻlmasdan, mustabid tuzum davridan va bir necha oʻn yilliklar davomida oʻtib kelayotgan mavjud muammo hamda oʻziboʻlarchilik kayfiyatida yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni roʻy-rost koʻtarib, ularni tez fursatda, adolatli hal qilishga kirishdi. Buni zahmatkash va ilm-maʼrifatga tashna xalqimizning eng ogʻriqli muammosi boʻlib kelgan oʻzligini tiklash va kelajak avlodlar manfaati uchun toʻliq saqlash, diniy eʼtiqodi hamda soʻz erkinligidek qaltis va zalvorli mavzulardagi turli cheklov va sunʼiy toʻsiqlarni bartaraf etish maqsadida boshlangan keng qamrovli islohotlarda ham yaqqol koʻrish mumkin.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda har bir sohada amalga oshirilgan islohotlar mohiyatida xalqimizning maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-madaniy yuksalishiga, milliy oʻzligini idrok etishiga, qaddini tiklab, qadrini anglashiga ustuvor ahamiyat qaratilib, shu asnoda mamlakat va elning iqtisodiy, ijtimoiy taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarish muddaosi mujassam boʻldi. Buning samarasida esa xalqimiz oʻz tarixida necha bor bosib oʻtgan noyob hodisa — Renessans — uygʻonish, qayta tiklanish, yuksalish bosqichiga erishayotgani ham dunyo hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilayotgan haqiqatdir.

Intervyudagi diniy-maʼrifiy sohadagi oʻzgarishlar haqidagi fikrlar ham eʼtiborga molik va xalqimiz uning mazmun-mohiyatida qanday buyuk maqsadlar borligini bugun faxrlanib eʼtirof etmoqda.

Yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada soʻnggi besh yilda amalga oshirilgan oʻzgarishlar va erishilgan yutuqlar chindan ham avvalgi yoʻqotilgan yillar oʻrnini toʻldirdi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Bu eʼtirof xalqimiz tomonidan alohida quvonch bilan bildirilmoqda. Haqiqatan, qalbdagi, imon-eʼtiqoddagi kemtiklik, taʼbir joiz boʻlsa, jarohat oʻrnining bitishi uchun malham, imkoniyat berildi.

Bugun barcha sharoit va imkoniyatlarga ega, baxt ichida tugʻilib, shodu xurram hayot kechirayotgan yoshlarda savol tugʻilishi mumkin: jarohat nimada edi?

Sobiq ittifoq davrida xalqimizning dinga eʼtibori, ibodat eʼtiqodi shu darajada “boʻgʻilgan” ediki, “din — afyun” gʻoyasidan kelib chiqib, namoz oʻqigan, hatto oʻz ota-onasining taʼziyasida ishtirok etgan odam “jinoyatchi” sifatida lavozim vazifasidan boʻshatilgan yoki maʼmuriy, hatto jinoiy jazo choralari koʻrilganini keksa avlod unutgani yoʻq. Bu — bugungi yoshlarimiz oʻzlariga xulosa chiqarishi kerak boʻlgan achchiq haqiqat.

Yana bir jihat: Vatanimiz mustaqilligining dastlabki yillarida ezgu, hur, taraqqiyparvar fikr va tashabbuslar bilan birgalikda ayrim gʻarazli kuchlar taʼsirida, afsuski, turli nomaqbul gʻoya va “ommaviy madaniyat” singari xatarlar ham kirib keldi. Hali oq-qorani toʻliq anglamagan ayrim yoshlar, ming taassufki, ana shu aldov va yolgʻon vaʼdalarga bilib-bilmay ergashib, koʻp holatda aziyat chekdi. Bu borada ham Prezident Shavkat Mirziyoyev yuksak bagʻrikenglik namoyon qildi, siyosiy irodasi bilan 20 mingdan ziyod eldoshimiz “maxsus qora roʻyxatlar”dan chiqarildi. Xatolari kechirilib, aziz hayotini toʻgʻri yoʻlda davom ettirishiga imkon berildi. Bu odil qaror esa dunyoning nufuzli davlat va tashkilotlari tomonidan ham tan olinib, bagʻrikenglik siyosatining yorqin namunasi sifatida eʼtirof etilmoqda. Adolatli eʼtirof. Shunday emasmi?! Aslida, bu yoqimli hissiyotni mazlum holida adolat koʻrgan insonlar koʻproq tuyadi. Joylarga chiqqanimizda bu tuygʻuni ana shunday insonlarning koʻzlarida porlab turgan minnatdorlik nurlarida koʻrdik.

Ayniqsa, Prezidentimizning tashabbusi bilan 5 marotaba “Mehr” operatsiyasi doirasida dunyoning turli nuqtalarida boʻlayotgan urush oʻchoqlaridan necha-necha hamyurtlarimiz, ayollar va bolalarning yurtimizga olib kelinishi, ular uchun munosib turmush sharoiti yaratib berilishi — oqibat, mehr koʻrsatilgani yaqin va uzoq tarixda kuzatilmagan insonparvarlik namunasi, desak, xato boʻlmaydi. Shu oʻrinda Misr Arab Respublikasining Qohira shahrida xizmat safarida boʻlganimizda xorijlik jurnalistlar bilan suhbatimiz yodimga tushdi. Ular yurtimizdagi “Mehr” operatsiyasi tafsilotlari bilan tanishib, Oʻzbekiston liderining tashabbusi “Buyuk insonlarga xos bagʻrikenglik namunasi boʻldi”, deya taʼkidlagan edi.

Yangi Oʻzbekiston nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda barcha sohalar qatori maʼnaviy-maʼrifiy masalalarga oid tashabbuslarni ham dadil oʻrtaga qoʻymoqda. Mamlakatimiz tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasini qabul qilish boʻyicha ilgari surilgan tashabbus xalqaro jamoatchilik tomonidan keng qoʻllab-quvvatlandi va hayotga tatbiq etilmoqda. Bu xayrli tashabbusning ezgu samarasini butun dunyo ahli oʻz taqdirida koʻrajak!

Intervyuda taʼkidlanganidek, islom dini rivoji yoʻlida beqiyos xizmat qilgan buyuk muhaddis bobolarimizning diniy, ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish va targʻib etish maqsadida Samarqandda — Imom Buxoriy, Surxondaryoda — Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, Toshkentda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish olib bormoqda. Shuningdek, 3 ta yirik oliy diniy taʼlim va 10 ta oʻrta maxsus islom bilim yurtlari faoliyat yuritmoqda.

Darvoqe, 1971 yilda Toshkent islom instituti diniy maqsadlardan koʻra koʻproq siyosiy qarashlar tufayli tashkil etilgan boʻlsa, bugun mazkur muassasa tom maʼnoda haqiqiy diniy-maʼrifiy soha mutaxassislarini tayyorlaydigan fayzli ilm-fan maskaniga aylandi. Unda xorijning ham taniqli olim va mutaxassislari kelib faoliyat koʻrsatmoqda.

Samarqanddagi Hadis ilmi oliy maktabi eng zamonaviy, raqamli texnologiyalar asosida tashkil etildi. Joriy yilgi qabul jarayonlari esa shaffof, talabchanlik bilan yangi tartib-tamoyillar asosida amalga oshirildi.

Quvonarlisi, bir vaqtlar butun dunyoga oʻzini koʻrsatgan Mir arab oliy madrasasi bugun oʻz qaddini yana tiklamoqda. Chindan ham bu yurtning yuksak salohiyatli mutaxassislari Yaqin Sharq hududlarida ham eʼtibor va hurmat qozongan. Ushbu taʼlim maskanida bilim olayotgan yoshlarimiz ajdodlariga munosib boʻlishi shubhasiz. Binobarin, hozirda diniy taʼlim oʻquv dasturlari yanada takomillashtirilmoqda. Yoshlarimiz eng zamonaviy sharoitlarda, ilgʻor fan dasturlari asosida taʼlim olayotgani quvonarli.

Toshkent shahrida barpo etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xususida alohida toʻxtalib oʻtish joiz. Zotan, xalqimizning boy diniy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish va dunyoga targʻib etish, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda beqiyos maydon boʻladigan mazkur ilm-maʼrifat markazi hozirdanoq oʻz mahobati, amalga oshirayotgan maʼnaviy, ilmiy tadqiqot faoliyati bilan butun dunyo havasini keltirmoqda.

Haqiqatan, bugun “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi yangi qonun qabul qilingani jamiyatdagi juda koʻp masalalarni yechdi. U xoh diniy taʼlim yoki jamiyatdagi faoliyat maʼnosida boʻladimi — mutlaqo yangi qonun oʻz vaqtida qabul qilindi. Ushbu qonunning ishlab chiqilishi, tahrirdan oʻtkazilishi jarayonlarida ham muhtaram Prezidentimizning bevosita ishtirok etganini faxrlanib aytishimiz kerak. Zero, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun oʻzining xalqchilligi va jamiyatdagi barcha masalalarga eng haqqoniy va adolatli javob berishi bilan ahamiyatlidir.

Birgina misol, shu kunga qadar diniy tashkilotlarni ochish masalasida ham juda katta muammolar bor edi. Bitta tashkilotni ochish tugul, oʻsha tashkilotni taʼmirlash, gʻishti tushib ketsa, qaytadan qoʻyish uchun ham ruxsat olish natijasi mavhum qatʼiy talab edi. Aytish kerak, soʻnggi yillarda yurtimizning olis-yaqin hududlarida 60 ga yaqin yangi masjid qurildi. 540 dan ziyod masjid butunlay zamonaviy uslubda qaytadan taʼmirlandi. 100 dan ziyod masjidda kapital va joriy taʼmirlash jarayoni ketmoqda. Shu oʻrinda boshqa diniy konfessiya vakillariga boʻlgan eʼtibor ham ortib bormoqda. Oxirgi uch yilni oladigan boʻlsak, boshqa dinlarga mansub boʻlgan 21 ta diniy tashkilot ochildi va ular faoliyat yuritayotgan inshootlar taʼmirlandi. Yaʼni diniy bagʻrikenglik tamoyili jamiyat hayotida toʻlaqonli oʻz ifodasini topdi.

Yana bir muhim masala: yaqin kunlarda Haj va Umra ziyorati qayta tiklanadi. Albatta, pandemiya tufayli ushbu muqaddas diniy amallarni bajarish imkoniyati cheklanib qoldi. Biroq oʻz oʻrnida eʼtirof etish lozimki, Haj ziyorati uchun ilgari 3,5 mingta kvota ajratilgan boʻlsa, 2017 yilda bu koʻrsatkich 5 mingtaga koʻtarildi. Soʻnggi 2 yil oldin mazkur raqamlar 7200 taga yetdi. Shuningdek, oxirgi yillarda 10 ming nafar musulmon Umra ziyoratini bajarish imkoniyatiga ega boʻlgan edi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida sakkizta viloyatda Umra amalini bajarish uchun talabgorlarning navbatda turishiga ehtiyoj qolmadi: bugun ariza bersa, ertaga uchib ketishi mumkin boʻldi. Buni yaqin oʻn yillarda ham hatto tasavvur qilish juda qiyin edi. Shu tariqa, diniy ehtiyojlar nafaqat qogʻozda, balki amaliyotda toʻlaqonli taʼminlanmoqda. Bularning barchasi yurtimiz moʻmin-musulmonlari tomonidan alohida quvonch va shukronalik bilan qabul qilinayotir.

Diniy adabiyotlarni chop etish masalasida erishilgan yutuqlar va imkoniyatlar ham tahsinga loyiq. Soʻnggi besh yilda shu qadar koʻp diniy adabiyotlarga ruxsat berildiki, boshqa xorijiy manbalarni izlash, qidirishga hojat qolmadi. Belgilangan tartibda chop etilishga ruxsat berilgan adabiyotlarning 60-70 foizi moʻtabar manbalarning asliyatdan tarjimasi hisoblanadi. Qolganlari esa bevosita yangi diniy adabiyotlar boʻlib, bugungi kunda xalqimizni qiziqtirayotgan yoʻnalishlar va ehtiyojlardan kelib chiqilgani bilan ahamiyatli. Aytish mumkinki, bu borada ham tom maʼnoda Uchinchi Renessansga poydevor qoʻyildi.

Albatta, bugun zamon bilan hamnafas boʻlish barobarida diniy-maʼrifiy saytlar tashkil etilishiga ham ahamiyat berilmoqda. Oʻzbekiston musulmonlari idorasiga tegishli 14 ta hududdagi 100 dan ortiq diniy-maʼrifiy saytlar aholining barcha diniy sohadagi muammolari, savollari, turli ehtiyojlariga toʻlaqonli javob berib kelmoqda. Muslim.uz saytida onlayn tarzda savol-javoblar rukni tashkil etilgan. Bu ruknga foydalanuvchi xohlagan paytida murojaat qilib, har qanday masalaga diniy nuqtai nazardan tezkorlik bilan javob olishi mumkin.

Xulosa qilib aytish mumkinki, diniy-maʼrifat, vijdon erkinligi sohasidagi islohotlar Prezidentimiz intervyusida muxtasar bayon etilgan boʻlsa-da, uning samarasi koʻpmillatli va tabiiyki, koʻp-konfessiyali xalqimiz hayoti, farovon turmushi, yorqin istiqboli, farzandlar kamoloti va orzu-istaklari roʻyobida oʻz ifodasini topmoqda.

Muzaffar KOMILOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita
raisining birinchi oʻrinbosari,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 28 avgust, №174(430)

Check Also

Oʻzbekistondagi islohotlar samarasi Britaniya jamoatchiligiga tadqim etildi

Xabar qilinganidek, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari …