Home / Imom Buxoriy hadislari / AYYOM FAZILATI: Yetimning kafili

AYYOM FAZILATI: Yetimning kafili

Sahl ibn Saʼd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Men va yetimning kafili jannatda mana bundaymiz”, dedilar hamda koʻrsatkich va oʻrta barmoqlari bilan ishora qilib, orasini ozroq ochib koʻrsatdilar,” dedilar. Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyati.

Islom insonlar yer yuzini obod qilishi, oʻzaro ahil boʻlib, adolatli hayot kechirishlari uchun ularni ezgu va xayrli ishlar qilishga chorlaydi. Musulmon kishini har tomonlama yetuk, barkamol, goʻzal axloqli, yetimlarga, beva-bechoralarga gʻamxoʻr boʻlishga, ularni ehson qilishga va maʼnaviy koʻmak berishga buyurib, har qanday yomon ishdan, gina, adovat, zulmdan, oʻzgalar haqini yeyishdan, hasad va xasislikdan qaytaradi. Muqaddas dinimiz taʼlimotlarida bu dunyoda qilingan har bir yaxshi va yomon amallar uchun qiyomat kunida mukofot yoki jazo olishlari aytiladi.

Yetimni oʻz qaramogʻiga olish ham dinimizdagi koʻrsatmalardan qolaversa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqin boʻlishga yetkazadigan amallardan hisoblanadi.

Yetimni kafilligiga olgan, uning molini tasarruf qilayotgan kishi Allohdan qoʻrqishi kerak. Yetimdan tabassumini, nasihatini, yumshoq soʻzni ayamasligi, goʻzal tarbiya berish va unga mehribon boʻlishi lozim. Yetimning molidan unga sarf qilib, molini ehtiyot qilganlar ham yetimni kafillikka olganlar qatoriga kiradi.

Ushbu hadis sharhida Qatoda rahimahulloh “Yetimga rahmli ota boʻling!” deganlar.

Ibn Battol aytadilar: “Ushbu hadisni eshitgan kishining zimmasida Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan jannatda birga boʻlish uchun unga amal qilish vazifasi bordir. Zero, jannatda bundan afzal martaba yoʻqdir”.

Yetimni qaramogʻiga olish uchun, albatta, farzandsiz boʻlish shart emas. Balki, oʻz bolalari bor kishilar yetimlarni oilasiga qabul qilsalar va oʻz farzandlari qatori ularning boshini silasalar juda yaxshi boʻladi.

Yetimni kafillikka olish – balogʻatga yetgunicha uning nafaqasi, kiyimi, odobi, tarbiyasi, unga mehribonlik qilishni kafolatlashdir.

Kafolatga olish yetimni oʻz uyiga olib ketish, bagʻriga bosish, ehtiyojlarini qondirish bilan boʻladi. Bunda yetim kafillikka oluvchining qarindoshi boʻladimi yoki begonami, u yetimning haqiga rioya qilsa kafillikka olishiga hech qanday moneʼlik yoʻq. Ammo jamiyatda oʻzining tayinsizligi va tarbiyasizligi bilan tanilgan kishiga yetimning kafilligi ishonib topshirilmaydi.

Xayriya jamiyatlari orqali yetimlar nafaqasi uchun ular balogʻatga yetgunicha mablagʻ oʻtkazish ham yetimni kafillikka olishga kiradi.

Tohir EVADULLAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
OʻzA

Check Also

Rasuli akram moʻjizalari “Sahihul Buxoriy”da …

TAOM BERARMIKAN, DEB SAVOL SO‘RAGAN INSON II jild. 6452-hadis. Abu Hurayra roziyallohu anhu shunday der …