Home / YANGILIKLAR / QUTLUGʻ KUNGA QUTLUGʻ QAROR VA QUTLUGʻ QADAMLAR

QUTLUGʻ KUNGA QUTLUGʻ QAROR VA QUTLUGʻ QADAMLAR

Yurtimizda Qurbon hayiti bayramiga tayyorgarlik arafasida eʼlon qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha choratadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori katta mamnuniyat bilan kutib olindi.

Ushbu qarorga muvofiq, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “Uchinchi Renessans — Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasini keng targʻib qiluvchi, mamlakat tarixining yangi yuksalish davridagi yutuqlarini ilmiy asosda oʻrganuvchi, uni keng jamoatchilikka yetkazib beruvchi hamda moddiy-madaniy meros namunalarini, islom dini bilan bogʻliq qadimiy va boy anʼanalarni targʻib qiluvchi ilmiy-maʼrifiy maskanga aylantirilishi bu boradagi ishlarda yangi sifat koʻrsatkichi boʻldi.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining bunyodkori va gʻoyasi muallifi Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yillarda bu yerga bir necha bor kelib, Markaz binosini chiroyli va sifatli qilib qurish, dunyo olimlari fikrini oʻrganib, mazmunini boyitish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Jumladan, davlatimiz rahbari “… bu yerga kelishimdan maqsad — muqaddas dinimizning ezgulik, insonparvarlik dini ekanini, maʼnaviyatga, ilmga undashini, ota-bobolarimiz bunga beqiyos hissa qoʻshganini tasdiqlovchi ilmiy natijalarni koʻrish va yangi tadqiqotlarga zamin yaratish. Hozir mahobatli bino qurish oson boʻlib qoldi. Mana, bobolarimizga munosib bino qurdik. Endi bobolarimizga munosib ilmiy muhit yaratishimiz kerak”, — degan edilar.

Darhaqiqat, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi buyuk ajdodlarning jahon tamadduni, diniy va dunyoviy ilmlar rivojiga qoʻshgan hissasini muqaddas islom dini bilan bogʻliq boy merosni il­miy tadqiq etishda eng zamonaviy innovatsion usullar va vositalar orqali targʻib qilish hamda Oʻzbekistonda sodir boʻlgan umummilliy yuksalishlar, tarixiy renessanslarning ildizlari, jumladan, “Uchinchi Renessans — Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasining asl mazmun-mohiyatini, xususan, uning ilm-fan rivoji, dinlararo va millatlararo bagʻrikenglikni taʼminlashdagi roli va ahamiyatini mamlakat aholisi, ayniqsa, yoshlarga yetkazish boʻyicha alohida oʻrin tutadi.

Bugun mamlakatimiz yoshlarini ilm-maʼrifatga daʼvat etadigan, milliylik va diniylik oʻrtasidagi uygʻunlik mohiyatini keng targʻib qilish har qachongidan ham muhim masala sifatida qaralayotgani bejiz emas. Zero, bu borada fundamental tadqiqotlar dasturlari va ilmiy loyihalar asosida tayyorlanadigan har tomonlama puxta ilmiy ishlanmalar va zamonaviy media mahsulotlarni hayotning oʻzi talab qilmoqda.

Har qanday ilmiy yangilik ilmiy jamoatchilik eʼtiboriga yetkazilmas ekan, u ommalashmaydi. Shuning uchun islom sivilizatsiyasi yoʻnalishida amalga oshirilgan yangi tadqiqotlar natijalaridan butun afkor ommani doimiy xabardor qilib borish tizimi takomillashtirildi.

Yurtimizning muazzam tarixini, buyuk ajdodlarimiz tomonidan amalga oshirilgan olamshumul kashfiyotlarni ilmiy asosda izchil tadqiq etish sohasining dolzarb ilmiy-nazariy va uslubiy masalalariga bagʻishlangan konferensiyalar, simpoziumlar, koʻrgazmalar va maʼruzalar, ilmiy-amaliy va uslubiy seminar-treninglar, tanlovlar va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlarni doimiy tashkil etib borish shular jumlasidandir.

Markazda ilm-fanning jadal tadrijiy taraqqiyotini koʻrsatib beruvchi sermazmun noyob eksponatlar fondi, benazir qoʻlyozma va zamonaviy nashrlardan iborat boy kutubxonalar tizimini shakllantirish maqsad qilingani alohida eʼtiborga munosib. Kutubxona fondlarining jahon muzeylari va kutubxonalari virtual tarmogʻiga ulanishi esa, ishning salmogʻi va amaliy ahamiyatini yanada oshirishi tabiiy.

Xorijiy davlatlardagi, shu jumladan, Turkiyaning Sulaymoniya, Hindistonning Xudobaxsh, Eronning Tehron davlat muzeylari, Misrning Al-Azhar hamda Misr Fanlar akademiyasi qoʻlyozmalar fondlari, Fransiyaning Parij milliy kutubxonasi, Germaniyaning Berlin milliy kutubxonasi, Angliyaning Oksford is­lom tadqiqotlar markazi fondi, Rossiyaning Sankt-Peterburg sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida saqlanayotgan Oʻzbekiston tarixiga oid qimmatli manbalarning elektron yoki faksimile nusxalarini Oʻzbekistonga olib kelish choralarini koʻrish vazifasi belgilangani barcha islomshunoslar, manbashunos olimlar tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi.

Yana bir eʼtiborli jihat, Markazda islom tarixi va madaniyati yoʻnalishiga oid bilimlarni oshirish, xorijiy tillar, xususan, arab tili va yozuvi, xattotlik, qadimiy qoʻlyozma va toshbosma asarlarni qayta taʼmirlash, Qurʼoni karimni oʻrganish, gid-tarjimonlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha maqsadli oʻquv kurslari tashkil etilishidir. Barchamizga maʼlumki, bugun aynan qoʻlyozma asarlarni oʻqiy oladigan, ularni ilmiy muomalaga kirita biladigan mutaxassislar kamayib bormoqda. Koʻpming sonli qoʻlyozma asarlar esa, oʻz tadqiqotchilarini kutmoqda.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, 2020 yil 9 dekabr kuni davlatimiz rahbari raisligida kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi hamda “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2021 yil 9 fevraldagi Prezident farmonida belgilangan topshiriqlar ijrosidan kelib chiqqan holda, Markaz tomonidan ilmiy asoslari boʻyicha yetarli na­zariy bilim va amaliy koʻnikmaga ega gid-tarjimonlarni tayyorlash hamda ularning malakasini tizimli oshirib borishni taʼminlashga asos yaratilgani bu sohadagi ishlarni tizimga solishga xizmat qiladi. Haqiqatda, turizmning barcha sohalari, ayniqsa, ziyorat turizmining rivoji, kelajagi chuqur bilim va koʻnikmaga ega, keng dunyoqarashli mutaxassislarga bogʻliq.

Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladigan yana bir yangilik mazkur qarorda belgilangan Saudiya Arabistoni Podshohligi Qirol Faysal nomidagi Islom tadqiqot va izlanishlar markazi imkoniyatlaridan keng foydalanish, hamkorlikda tadbirlar tashkil etish, qoʻlyozmalarni raqamlashtirish va elektron manbalar almashish, shuningdek, Markazning Ar-Riyoz shahridagi filialini ochish choralarini koʻrish masalasi boʻldi. Bu amaliyot yurtimizdagi boshqa markazlar faoliyatida ilgari kuzatilmagani — ilk ilgʻor natija ekani bilan diqqatga sazovor.

Shuningdek, xorijiy aloqalarni kengaytirish doirasida “Ipak yoʻli xalqaro kutubxonalar ittifoqi” (Silk Road International Library Alliance) hamda “Avstraliya islom muzeyi”, Malayziyadagi “Islom sanʼati muzeyi” bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatilishi yurtimiz olimlari va tadqiqotchilariga yangi imkoniyatlar eshigini ochib berishi shubhasiz.

Markazda saqlanayotgan qoʻlyozma va toshbosma kitoblar, tarixiy dalil va hujjatlar, arxeologik topilmalarni bugungi zamon talablari asosida toʻlaqonli elektron raqamlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Raqamlashtirilgan maʼlumotlarni oʻzida aks ettiruvchi bir nechta xorijiy tillardagi mobil ilova ham ishga tushiriladi. Bu esa, nafaqat yurtdoshlarimiz, balki chet ellik mutaxassis olimlarni ham Markaz faoliyati bilan tanishish, maʼlumotlar almashinuvi integratsiyasi hamda ilmiy-amaliy hamkorlik qilish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Koʻrinib turibdiki, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oʻz faoliyatida xalqimiz maʼrifatini oshirishga xizmat qiluvchi barcha qirralarni qamrab olgan. Butun yurtdoshlarimiz, xalqaro hamjamiyat diqqat-eʼtiborida turgan ushbu Markaz mazmun va sifat jihatidan tubdan takomillashtirilgan. Qarorda belgilangan vazifalar ijrosi esa, xalqimiz kutgan ezgu niyatlarning amaliy ifodasi boʻlajak.

Muzaffar KOMILOV,
Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021-yil 23-iyul, №147(403)

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …