Home / YANGILIKLAR / OʻZBЕKISTON — TINCHLIK, DINIY BAGʻRIKЕNGLIK VA MILLATLARARO TOTUVLIK CHORRAHASI

OʻZBЕKISTON — TINCHLIK, DINIY BAGʻRIKЕNGLIK VA MILLATLARARO TOTUVLIK CHORRAHASI

Xalqaro forumdan soʻngi oʻylar

Muqaddas dinimiz bundan buyon ham xalqimizni birlashtirib, millati va tilidan qatʼi nazar, maʼnaviy poklanish, odamlarni tinchlik, ezgulik bagʻrikenglik, oʻzaro hurmat va totuvlikka undaydigan, oʻrnini hech narsa bosa olmaydigan vosita boʻlib xizmat qilishi shubhasizdir.  Shavkat MIRZIYOYEV, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan shiddatli oʻzgarishlar jamiyatimiz, davlatimiz rivojlanishining yangi mafkurasi, taʼbir joiz boʻlsa, oʻzgacha paradigmasini belgiladi. Uchinchi Renessans davri boshlanayotgan Oʻzbekiston mutlaqo yangi muhitda taraqqiyotga yuz tutmoqda.

Maʼrifat, din va vijdon erkinligi taʼminlangan yurtda istiqomat qilayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillari hamjihatlikda, doʻst, inoq boʻlib, umrguzaronlik qilmoqda.

Oʻzbekiston barcha sohalarda ochiq mamlakat sifatida jahon siyosiy maydonidan munosib oʻrin egallayapti. Eng muhimi, mamlakatimizda insonparvarlik siyosatining amalga oshirili­shi natijasida millati va diniy eʼtiqodidan qatʼi nazar, shu zaminda yashab mehnat qilayotgan fuqarolarning huquq va erkinliklari yuksak qadr topdi.

Oʻtgan hafta oxirida Samarqandda boʻlib oʻtgan “Millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglikni taʼminlashda parlamentning roli” mavzusidagi forumda mazkur tushunchalar atrofida mulohaza yuritildi.

Millatlararo totuvlik, din va eʼtiqod yuksakligini taʼminlash ayni zamonning muhim vazifalaridandir. Ahamiyatlisi, yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik, degan pur-maʼno gʻoya yurtdoshlarimiz ongu tafakkurida, ularning hayotiy qarashlarida oʻzining yorqin ifodasini topyapti.

Bugun Oʻzbekiston erishayotgan yutuqlarda saxovatli zaminda yashab, ijod qilib, halol mehnati bilan boshqalarga oʻrnak boʻlayotgan barcha millat vakillarining munosib hissasi bor. Yurtimizda yashayotgan turli millat va elat ahli mustahkam doʻstlik rishtalari atrofida yashab, oʻz orzu-istaklari roʻyobini koʻrmoqda. Mamlakatimiz maktablarida bolalarga 7 tilda taʼlim beriladi. Telekoʻrsatuv va radioeshittirishlar 12 tilda efirga uzatilmoqda hamda 10 tilda ga­zeta va jurnallar chop etilmoqda. Keyingi yillarda turli millatlarning 150 nafar vakili davlatimizning yuksak mukofotlari — orden va medallar bilan taqdirlandi. Shulardan 5 nafari Oʻzbekiston Qahramoni degan yuksak unvonga munosib topilgan.

Forumda ayni davrda dinlararo bagʻrikenglik rivojlanib, umumbashariy ahamiyat kasb etib borayotgani tufayli uni mazmunan teranroq anglash zarurati yuzaga kelgani taʼkidlandi. Zero, dinlararo bagʻrikenglikka erishish oʻziga xos murakkab va uzoq davom etadigan jarayon. Shu bois, bu muammo tarixiy taraqqiyotning barcha bosqichlarida dolzarb hisoblanib, turli eʼtiqodlarning birgalikda taraqqiy etishi, ular oʻrtasida hamkorlik va hamjihatlik shakllanishi, pirovardida yurtlar tinchligi, taraqqiyoti umuminsoniy madaniyat hamda maʼnaviyat rivojiga xizmat qilgan. Oʻzbekiston dinlararo bagʻrikenglik rivojiga salmoqli hissa qoʻshib kelayotgan davlatlar sirasiga kiradi. Mamlakatimizda bagʻrikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlar va konfessiyalararo hamjihatlikni, jamiyatda fuqarolar totuvligini taʼminlash yangi Oʻzbekiston siyosatining ustuvor yoʻnalishlari etib belgilangan. Konstitutsiyamizning 4-moddasida belgilab qoʻyilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tili, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratib beradi. Samarqand forumida mazkur tamoyillar amalda oʻz ifodasini topayotgani taʼkidlandi.

Jumladan, Oʻzbekistondagi nemis milliy madaniy markazi raisi Natalya Kayzer: “Men tuprogʻini koʻzlarimga toʻtiyo qilishga arziydigan oʻzbek yurtida, mehribon insonlar bagʻrida tugʻilib oʻsdim. Hech ham koʻnglim oʻksiganini eslay olmayman. Toʻgʻrisini aytsam, nemis millatiga mansub oʻzbek ayoliman. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev har birimizning koʻnglimizga yoʻl topadi, bizni ardoqlaydi. Men uchun bu yurtning begona giyohi yoʻq, bir qultum suvi ham men uchun aziz. Oʻzbek xalqi bu men, siz, shu davrada oʻtirgan barcha qorakoʻzlardir”, deya gapirdi.

Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong oʻz soʻzida Oʻzbekistonda ilgari deyarli kuzatilmagan, taraqqiyotning tub burilishlarini oʻzida qamrab olgan oʻzgacha ijtimoiy-siyosiy hayot yuzaga kelib, soʻz va din erkinligi yangicha koʻrinishda paydo boʻlganini eʼtirof etdi.

“Oʻzbekiston Sharq gavhari sifatida azaldan dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan betakror oʻlka, ajdodlarining ilmiy salohiyati bilan nafaqat mahalliy xalq, balki butun olam ahli iftixor tuysa arziydigan mamlakat. Uzoq gapirib, alohida izoh berishga hojat yoʻq. Barcha millat va elat vakillarining huquq va erkinligi, bilim olishi va oʻz diniga eʼtiqod qilishi toʻla taʼminlangan.

Ularning ahilligiga havasim keldi, mamlakatda milliy madaniyat markazlari faoliyat yuritishi tahsinga loyiq. Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz xalqiga oʻtmishni anglashga sharoit yaratib berishi barobarida yangi dunyo istiqbolini shakllantirishdek ulugʻ ishlarga chorlayotgan shaxs ekaniga u kishi bilan uchrashganda amin boʻldim. Mazkur anjumanning Prezident gʻoyasi asosida tashkil etilib, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida oʻtayotganida ham ramziy maʼno bor. Men bu taassurotlarimni bir umr hayrat bilan yodda saqlayman. Oʻzbekistonning taraqqiyotiga yuksak ishonch bildiraman”, dedi Martin Chungong.

Darhaqiqat, mazkur forumning Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida oʻtkazilishining alohida ahamiyati bor. Markaz 2020 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan faoliyat boshladi. “Ushbu markaz Imom Buxoriy merosini tadqiq etishda, bashariyatni ilm, eʼtiqod va taraqqiyotga chorlashda dunyodagi maʼrifat maskanlarining yuragi boʻlib xizmat qilishiga ishonaman”, degan edi davlatimiz rahbari. Mazkur muqaddas maskan bugun chin maʼnodagi maʼrifat va muloqotlar maydoniga aylandi.

Forum ishtirokchilari Oʻzbekistonning millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosati ustuvor yoʻnalishlari, sohadagi faoliyat ustidan parlament nazorati mexanizmi, mamlakatda diniy bagʻrikenglikning tarixiy ildizlari, millatlar oʻrtasida totuvlik va dinlararo bagʻrikenglikni taʼminlashning huquqiy asoslari kabi mavzular doirasida ham oʻzaro fikr almashdi. Taʼkidlanganidek, Qonunchilik palatasida deputatlarning 13 foizi, Senatda 8 foizi boshqa millat vakillaridan iborat. Ular mamlakat taraqqiyoti va aholi farovonligiga xizmat qiluvchi qonunlarni qabul qilishda faol ishtirok etmoqda. Quyi palata tomonidan millatlararo doʻstlik rishtalarini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Oʻzbekistonda 30 iyul Xalqlar doʻstligi kuni etib belgilanishi toʻgʻrisidagi qonunning qabul qilinishi ham fikrimiz isbotidir.

Yana bir muhim masala. Bu yil xalqimiz mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligini keng nishonlaydi.

Mazkur sana xalqimiz xayotining barcha jabhalari rivojini oʻzida mujassam etgani bilan qadrlidir. Yaqinda, aniqrogʻi 30 iyunda Xalqaro parlamentarizm kunini ham nishonlaymiz. Samarqand forumini ushbu nufuzli tadbirlarga uygʻunlashgan muloqotlar maydoni sifatida ham eʼtirof etish mumkin.

Oʻzbekistondagi xalqchil siyosatning asosiy yoʻnalishlaridan biri — xalq davlatga emas, davlat xalqqa xizmat qilsin, degan tamoyil. Ushbu tamoyil bugun hayotda oʻz ifodasini topmoqda. Barcha viloyatlarda tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qabulxonalarining faoliyati bunga misol. Ularda fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish, tinglash va yechim topish tizimli yoʻlga qoʻyilgan.

Forum yakunlangach, Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu yerga joriy yilning oʻtgan davrida 12 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan. Mehmon qabulga kelgan fuqarolar bilan muloqotda boʻldi.

— Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashib, suhbatlashganimda mazkur tizim haqida maʼlumotga ega boʻldim. Qabulxonalar faoliyati menda katta taassurot uygʻotdi. Ularda, davlatingiz rahbari taʼkidlaganidek, diqqat-eʼtibor fuqarolarning dardini tinglash va hal etishga qaratilgan. Bu tajribadan ibrat olsa arziydi. Xalqning mushkulini oson qilishning eng oddiy va samarali yoʻli shu. Amin boʻldimki, Shavkat Mirziyoyev oʻz xalqini sevadigan, uning tashvishi va istiqboli haqida qaygʻuradigan odil rahbar. Ushbu qabulxonada buning amaliy ifodasini koʻrdim, — dedi Martin Chungong.

Shu tariqa Samarqanddagi forum ishtirokchilari bugungi Oʻzbekiston islohotlariga yuksak baho beribgina qolmasdan, biz erishgan natijalar va xalqchil siyosatimizning amaliy ifodalariga havas bilan boqib, yutuqlarimizni alohida mamnuniyat bilan eʼtirof etdilar.

Navroʻz RIZAYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 29 iyun, № 131 (387)

Check Also

Targʻibot tadbirlari boshlandi

Oʻtayotgan haftada Samarqand viloyatidagi mahalla va taʼlim muassasalarida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” shiori ostida keng …