Home / MAQOLALAR / “SIYAR AʼLAMUN NUBALO” ASARIDA IMOM BUXORIY SIYRATI (4-QISM)

“SIYAR AʼLAMUN NUBALO” ASARIDA IMOM BUXORIY SIYRATI (4-QISM)

Olimlarning Imom Buxoriy shaʼnlariga aytgan soʻzlari

Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Hotim aytganlar: “Doʻstlarimdan biri: “Muhammad ibn Salomning huzurlarida edim. Muhammad ibn Ismoil kirib keldilar. Chiqib ketganlaridan soʻng Muhammad ibn Salom: “Shu bola qachon huzurimga kirsa sarosimaga tushaman. Hadis va boshqa ilmlar menda chalkashib ketadi. Chiqib ketguniga qadar qoʻrqib turaman”, dedilar”, deb aytdilar”.

Abu Jaʼfar aytganlar: “Menga oʻrtoqlarimdan biri: “Abu Abdulloh Buxoriy Abu Isʼhoq Surmoriyning ziyoratlariga bordilar. U kishining huzurlaridan chiqqach, Abu Isʼhoq: “Kimki haqiqiy va rostgoʻy faqihni koʻrmoqchi boʻlsa, mana shu odamga qarasin”, dedilar. Imom Buxoriy kirganlarida u kishini yonlariga oʻtqazdilar”, dedi”.

Abdulloh ibn Saʼid ibn Jaʼfar aytganlar: “Ahmad ibn Harb Naysoburiy vafot qilganlarida, Muhammad ibn Ismoil va Isʼhoq ibn Rohavayh Naysoburda janoza ketidan borayotgan edilar. Naysoburlik maʼrifat ahlining ularga qarab: “Muhammad Isʼhoqdan koʻra faqihroq”, deb gapirayotganlarini eshitdim”.

Umar ibn Hafs Ashqar aytganlar: “Abdonning Muhammad ibn Ismoilni qoʻllari bilan koʻrsatib: “Koʻzim bilan mana shu yigitdan koʻra donoroqni koʻrmadim”, deganlarini eshitdim”.

Solih ibn Mismor Marvaziy aytganlar: “Nuʼaym ibn Hammodning: “Muhammad ibn Ismoil bu ummatning faqihidirlar”, deganlarini eshitdim”.

Ibrohim ibn Xolid Marvaziy aytganlar: “Musaddad: “Ey Xuroson ahli, boshqa birovni Muhammad ibn Ismoildan ustun qoʻymanglar”, der edilar”.

Muso ibn Qurayshdan eshitdim: “Abdulloh ibn Yusuf imom Buxoriyga: “Ey Abu Abdulloh, shu kitoblarimni koʻrib, nuqsonlari toʻgʻrisida menga xabar bering”, deganlarida, imom Buxoriy: “Xoʻp”, dedilar”. 

Menga Muhammad ibn Ismoil aytdilar: “Qachon men Sulaymon ibn Harbning huzurlariga kirsam, u kishi: “Shuʼbaning xatolarini bizga aniqlab bering”,  derdilar”.

Imom Buxoriy aytdilar: “Hadis sohiblari toʻplandilar. Mendan Ismoil ibn Abu Uvaysning huzurlariga borib hadis matnlaridagi qoʻshimchalarni oʻqib berishimni soʻrashdi. Rozi boʻldim. Ismoil xizmatkor qizni chaqirib, bir hamyon dinor olib chiqishni buyurdilar. Uni menga berib: “Ey Abu Abdulloh, buni ularga boʻlib bering”, dedilar. Shunda men: “Bu qavm sizdan hadis eshitmoqchi edi-ku”, dedim. U kishi: “Men sening bu talabingni bajaraman. Lekin dinorlarni qoʻshimcha qilib, ular oldida sening obroʻyingni koʻtarmoqchiman”, dedilar”.

Menga Hoshid ibn Ismoil aytganlar: “Muhammad ibn Ismoil Sulaymon ibn Harbning huzurlariga kelganlarida, u kishi Buxoriyga qarab: “Vaqti kelib, buning dongʻi chiqadi”, dedilar”.

Xalaf Xayyomning aytishlaricha, u kishiga Isʼhoq ibn Ahmad ibn Xalaf, u kishiga Ahmad ibn Abdusalom aytganlar: “Ali ibn Madiniyga Buxoriyning: “Men Ali ibn Madiniydan boshqa hech kimning oldida oʻzimni past his qilmaganman”, degan soʻzlarini aytganimizda, u kishi: “Uning gapini qoʻyinglar. Muhammad ibn Ismoil hali oʻzidek olimni uchratmagan”, –  dedilar”.

Muhammad ibn Abu Hotim aytganlar: “Imom Buxoriyning: “Amr ibn Ali Fallosning shogirdlari men bilan bir hadis ustida tortishdilar. Men: “Unaqa hadisni bilmayman”, dedim. Ular: “Buxoriyning ham bilmaydigan hadislari bor ekan-da”, deb xursand boʻlib, Amrning oldiga borib bu haqda xabar berganlarida, u kishi: “Muhammad ibn Ismoil bilmaydigan hadis hadis emas”, debdilar”, deganlarini eshitdim”.

Ahmad ibn Zav aytganlar: “Abu Bakr ibn Abu Shayba va Muhammad ibn Abdulloh ibn Numayrning: “Muhammad ibn Ismoildek kishini koʻrmaganmiz”, deganlarini eshitdim”.

Abdulloh ibn Ahmad ibn Hanbal otalaridan eshitganlar: “Xuroson Muhammad ibn Ismoilga oʻxshash (boshqa bir) ulugʻ olimni voyaga yetkazmagan”.

Muhammad ibn Ibrohim Bushanjiy aytganlar: “228 yilda Bundor Muhammad ibn Bashshorning: “Yurtimizga Muhammad ibn Ismoildek kishi kelmadi”, deganlarini eshitdim”.

 Hoshid ibn Ismoil aytganlar: “Basrada edim. Muhammad ibn Ismoilning kelishlarini eshitib qoldim. U kishi kelganlarida Bundor: “Bugun faqihlar sayyidi keldilar”, dedilar”.

Muhammadning aytishlaricha, Muhammad ibn Bashshor imom Buxoriyga: “Siz yonimga kelmasangiz, oʻzimni erkin his qilolmayman. Hadislarimdan darajamni past qiladigan biror nuqson topishingizdan hayiqaman. Agar yonimga kelib, hadislarimni nazardan oʻtkazsangiz, hadikdan qutulib, koʻnglim xotirjam boʻladi”, deganlar.

Muhammad ibn Abu Hotim aytganlar: “Ibrohim ibn Xolid Marvaziyning: “Abu Ammor Husayn ibn Huraysning imom Buxoriyni maqtab: “Men uning tengini bilmayman. Goʻyo u faqat hadis uchungina yaralgandek”, deganlarini eshitdim”.

Hofiz Abu Quraysh Muhammad ibn Jumʼa aytganlar: “Muhammad ibn Bashshorning: “Dunyoda mukammal hadis bilimdonlari toʻrtta: Rayda Abu Zurʼa, Samarqandda Dorimiy, Buxoroda Muhammad ibn Ismoil, Naysoburda Muslim”, deganlarini eshitdim”.

Muhammad ibn Umar ibn Ashʼas Paykandiy aytganlar: “Abdulloh ibn Ahmad ibn Hanbaldan eshitdim. U kishi otalarining: “Xuroson ahlining hadisda bilimdonligi toʻrt kishi bilan mukammal boʻldi: Abu Zurʼa Roziy, Muhammad ibn Ismoil Buxoriy, Abdulloh ibn Abdurahmon Samarqandiy, Hasan ibn Shujoʼ Balxiy”, deganlarini eshitgan ekanlar”.

Ibn Ashʼas aytganlar: “Abdulloh ibn Ahmad ibn Hanbalning soʻzlarini Muhammad ibn Aqiyl Balxiyga aytib berdim. Ibn Shujoʼ Balxiyni haddan ziyod maqtadilar. “Unday boʻlsa, nima uchun mashhur boʻlmaganlar?” deb soʻradim. “Umrlari qisqa boʻlgan”, deb javob berdilar”.

Hasan ibn Shujoʼ Balxiy ilm talabida yurt kezganlar. Makkiy ibn Ibrohim, Ubaydulloh ibn Muso va Abu Musʼhirdan hadis eshitganlar. 244 yilda vafot etganlar.

Nasr ibn Zakariyo Marvaziy aytganlar: “Qutayba ibn Saʼidning: “Xurosonning yigitlari toʻrtta: Muhammad ibn Ismoil, Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy, Zakariyo ibn Yahyo Luʼluʼiy, Hasan ibn Shujoʼ”, deb aytganlarini eshitdim”.

Abu Jaʼfar Musnidiy aytganlar: “Zamonamizning hadis bilimdonlari uchta: Muhammad ibn Ismoil, Hoshid ibn Ismoil, Yahyo ibn Sahl”.

Muhammad aytganlar: “Menga Jaʼfar ibn Muhammad Firabriy aytdilar: “Abdulloh ibn Munirning shogirdlaridan birlari Buxoroga bir ish bilan keldilar. Qaytib Ibn Munirning yonlariga borganlarida, u kishi: “Abu Abdullohni borib koʻrdingmi?” deb soʻradilar. U kishi: “Yoʻq”, dedilar. Ibn Munir u kishini halqalaridan quvdilar va: “Buxoroga borib Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil bilan uchrashmaganing yaxshi boʻlmabdi”,   –  dedilar”.

Hoshid ibn Ismoil aytganlar: “Qutaybaning: “Muhammad ibn Ismoilning zamondoshlari oldidagi sidq va taqvolari Umarning sahobalar oldidagi sidq va taqvolaridek edi”, deganlarini eshitdim”.

Hoshid ibn Ismoil aytganlar: “Ahmad ibn Hanbalning: “Xurosondan Muhammad ibn Ismoildek (boshqa bir) kishi bizga kelmadi”, deganlarini eshitdim”.

Abu Hotim Roziy aytganlar: “Muhammad ibn Ismoil Iroqqa kelgan olimlarning eng bilimdonidirlar”.

Hokim aytganlar: “Hasan ibn Ahmad Shayboniy Muaddaldan eshitdim. U kishi Ahmad ibn Hamdunning: “Muhammad ibn Ismoilni Saʼid ibn Marvonning janozalarida koʻrdim. Muhammad ibn Yahyo Zuhliy imom Buxoriydan roviylarning ismlari, kunyalari va hadis illatlari toʻgʻrisida soʻrar edilar. Buxoriy unga oʻsha zahoti, “Qul huvallohu ahad”ni oʻqigandek javob berardilar”, deganlarini eshitganlar”.

Bizga Buxoroda Muhammad ibn Xolid Muttovviʼiy aytdilar. U kishiga Musabbih ibn Saʼid Buxoriy aytganlar: “Abdulloh ibn Abdurahmon Samarqandiyning: “Men hijozlik va iroqlik olimlarni koʻrdim. Lekin ular orasida Buxoriy kabi qomusiy olimni koʻrmadim”, degan soʻzlarini eshitdim”.

Muhammad ibn Hamdun ibn Rustam aytganlar: “Men Muslim ibn Hajjojdan eshitdim. U kishi Buxoriyning huzurlariga kelib: “Ustozlar ustozi, muhaddislar sayyidi, hadis illatlarining tabibi, ijozat bersangiz, oyoqlaringizdan oʻpsam”, deganlar”.

Abu Iso Termiziy aytganlar: “Iroqda va Xurosonda Muhammad ibn Ismoildan koʻra hadis illatlarini, tarixini, sanadlar ilmini chuqur  biladiganini topmadim”.

Abu Iso Termiziy aytganlar: “Muhammad ibn Ismoil Abdulloh ibn Munirning huzurlarida edilar. Ketayotganlarida Abdulloh ibn Munir u kishiga: “Ey Abu Abdulloh, Alloh taolo sizni bu ummatning koʻrki qilsin”, dedilar. Ustozning shu duolari qabul boʻldi”.

Ibn Munir katta zohidlardan sanaladilar. U kishi aytdilar: “Buxoriy Iroqdan oxirgi marta Buxoroga kelganlarida, odamlar u kishiga peshvoz chiqdilar, yaxshilik etmoq uchun koʻp harakat qildilar. Bu gap Buxoriyga aytilganda: “Agar sizlar bizning Basraga kirganimizdagi ehtiromni koʻrganingizda qanchalar hayratlanardingiz?!” dedilar”.

Abu Ali Solih ibn Muhammad Jazara aytganlar: “Muhammad ibn Ismoil Bagʻdodda ilm darsida oʻtirardilar. Men u kishidan hadis yozib olardim. U kishining majlislarida yigirma mingdan ortiq odam toʻplanardi”.

Abdulmoʻmin ibn Xalaf Nasafiy aytganlar: “Abu Ali Solih ibn Muhammaddan Dorimiy, Buxoriy va Abu Zurʼa toʻgʻrilarida soʻradim. U kishi: “Muhammad ibn Ismoil hadisda olimroq, Abu Zurʼa hifzda oʻtkirroq”, dedilar”.

Isʼhoq ibn Zubrak aytganlar: “Muhammad ibn Idris Roziyning 247 yilda: “Sizlarga Xurosondan bir kishi keladi. U yerdan undan hofizrogʻi chiqmagan, Iroqqa undan olimrogʻi kelmagan”, deganlarini eshitdim. Darhaqiqat, bir muddatdan keyin Buxoriy keldilar”.

Abu Saʼid Hotim ibn Muhammad aytganlar: “Hofiz Muso ibn Horun: “Agar butun islom ahli Buxoriydek bir kishini tayyorlamoq uchun yigʻilsalar ham bunga qodir boʻlolmaslar”, deb aytganlar”.

Faqih Abul Abbos Muhammad ibn Abdurahmon Dagʻuliy aytganlar: “Bagʻdod ahli imom Buxoriyga bagʻishlab quyidagi misralarni yozdilar:

Siz boʻlsangiz, bu ummat – yaxshilik uzra mudom,

Yoʻqotsa sizni agar, ummat xayrsiz, benom”.

(Kitobdagi sheʼrlarning oʻzbekchalashtirilgan nasriy matni mazmunining nazmiy bayoni muharrir Nasrulloh Shukrulloh oʻgʻli qalamiga mansub.)

Abu Bakr Xatib aytganlar: “Abu Zurʼadan Ibn Lahiyʼa toʻgʻrilarida soʻraldi. U kishi aytdilar: “Imom Buxoriy u kishining hadislarini olmaganlar”. Yana Muhammad ibn Humayd haqlarida soʻraldi. “Abu Abdulloh u kishining hadislarini ham olmaganlar”, dedilar. Soʻngra Abu Abdulloh Buxoriyga bu gap aytilganida, u kishi: “Abu Zurʼa azaldan bizga yaxshilik qilib kelgan”, dedilar”.

Ahmad ibn Sayyor “Tarix” kitoblarida aytganlar: “Muhammad ibn Ismoil Juʼfiy ilm talab etdilar, olimlar bilan oʻtirdilar, hadis ilmi uchun safar qildilar, shu sohada mohir bilimdon boʻldilar. Maʼrifat va hifzda goʻzal faqih edilar”.

Abdurahmon ibn Abu Hotim aytganlar: “Ahmad ibn Sayyorning olim va faqihliklarini eslab, otam koʻp maqtardilar”.

Umar ibn Hafs Ashqar zikr qilganlar: “Rajo ibn Murajja Shoshga oʻtayotib Buxoroga kelganlarida bir rabotga tushdilar. Mashoyixlarimiz u kishini koʻrishga bordilar. Men ham ular bilan bordim. Mendan Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil haqlarida soʻradilar. U kishining sogʻ-salomatliklari haqida xabar berib: “Bugun yoningizga kelsalar kerak”, dedim. Bizga bir necha hadis yozdirdilar. Ilm majlisi tugadi. Lekin Buxoriy kelmadilar. Ikkinchi kuni ham Buxoriy kelmadilar. Uchinchi kuni Rajo aytdilar: “Abu Abdulloh bizni ziyorat qilishni ep koʻrmagan boʻlsalar kerak. Bizni u kishining huzurlariga olib boringlar. Men safarga chiqib ketmoqchiman”. Rajo istar-istamas yoʻlga tushdilar. Jamoamiz bilan Buxoriyning huzurlariga keldik. Rajo: “Ey Abu Abdulloh, sizni koʻrishga mushtoq edim. Biror hadis aytib berishingizni istayman. Men Shoshga chiqib ketyapman”, dedilar. Imom Buxoriy: “Mayli, sizningcha boʻlsin”, dedilar. Rajo Ayubdan rivoyat qilingan bir necha hadisni aytdilar. Rajo jim boʻlgan zahoti Abu Abdulloh har bir rivoyat qilingan hadisga javob berardilar. Rajo imom Buxoriyga: “Biz aytmagan biror hadis qoldimi?” dedilar. Buxoriy hadis rivoyat qilishni boshladilar. Rajo hadisning kimdan rivoyat qilinganini soʻraganlarida, sanadlarini keltirardilar. Oʻndan ziyod hadis rivoyat qildilar. Bu holni koʻrib Rajo esankirab qoldilar. Imom Buxoriyning koʻzlari birdan Rajoning yuzlariga tushib, u kishidagi oʻzgarishni koʻrib, hadis aytishni toʻxtatdilar. Rajo chiqib ketganlaridan keyin Buxoriy: “Men u kishiga yana shuncha hadis aytmoqchi edim. Lekin men haqimda koʻngillariga biror gap kelmasin, deb qoʻrqib toʻxtadim”, dedilar”.

Xalaf ibn Muhammad aytganlar: “Abu Amr Ahmad ibn Nasr Xaffofning: “Muhammad ibn Ismoil hadis ilmida Isʼhoq ibn Rohavayh, Ahmad ibn Hanbal va bulardan boshqalardan yigirma marta ortiqroq biluvchidir. Kimki u kishi toʻgʻrisida biror nojoʻya gap aytsa, mendan unga ming laʼnat boʻlsin. Bizga hadis aytgan Muhammad ibn Ismoil taqvodor, pokiza, olim. Bunaqasini men koʻrmaganman” deganlarini eshitdim”.

Muhammad ibn Yaʼqub ibn Axram aytganlar: “Sheriklarimning: “Buxoriy Naysoburga kelganlarida, u kishini xachir va eshak mingan hamda piyodalardan boshqa toʻrt ming otliq kutib olgan”, deganlarini eshitdim”.        

Abdulloh ibn Hammod Omuliy: “Koshki men Buxoriyning koʻksilaridagi  bir tuk boʻlsam edi”, deb aytganlar.

Muhammad ibn Abu Hotim aytganlar: “Hoshid ibn Ismoil va yana bir kishining: “Basralik maʼrifat ahli yoshgina Buxoriyning ortlaridan hadis yozib olmoqlik uchun chopishardi. Hatto iltimos qilib hol-jonlariga qoʻyishmasdi. Minglab odamlar u kishini yoʻllarda oʻtirgʻizib, u kishi rivoyat qilgan hadislarni yozib olishardi. Oʻshanda Muhammad yuzlariga hali tuk chiqmagan yosh yigit edilar”, deganlarini eshitdim”.

Menga Hasan ibn Ali, u kishiga Abdulloh ibn Umar, u kishiga Abdulavval ibn Iso, u kishiga Abdulloh ibn Muhammad Ansoriy, u kishiga Ahmad ibn Muhammad ibn Ismoil Mahdaviy xabar berganlar. U kishi Xolid ibn Abdulloh Marvaziydan, u kishi Abu Sahl Muhammad ibn Ahmad Marvaziydan, u kishi faqih Abu Zayd Marvaziydan eshitganlar: “Men Kaʼba yaqinida rukn va maqom orasida uxlab yotgan edim. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamni tushimda koʻrdim. Menga: “Ey Abu Zayd, qachongacha Shofeʼiyning kitoblarini oʻqiysiz-u, mening kitobimni oʻqimaysiz?” dedilar. Men: “Ey rasululloh, sizning kitobingiz qaysi?” deganimda, “Muhammad ibn Ismoilning “Al-Jomeʼ as-Sahih” kitobi”, deb aytdilar”.

davomi bor…

Azizxoʻja INOYATOV
Oʻzbekiston Xalqaro Islom akademiyasi
mustaqil tadqiqotchisi

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …