Home / YANGILIKLAR / ENG SOF VA TINIQ HAQIQATLARNI TILGA KIRITGAN BЕNAZIR OLIM

ENG SOF VA TINIQ HAQIQATLARNI TILGA KIRITGAN BЕNAZIR OLIM

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Moturidiylik taʼlimoti va hozirgi zamon” mavzusida xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpozium oʻtkazildi.

Anjuman Imom Moturidiy va uning izdoshlari boʻlgan allomalarning hayoti va boy ilmiy merosini hamda moturidiylik taʼlimotini xalqaro jamoatchilikka yetkazish maqsadida tashkil etildi.

Simpoziumda mamlakatimiz vakillaridan tashqari Misr, Iordaniya, Turkiya, Germaniya, Shvetsiya, Fransiya, Bosniya va Gersegovina, Rossiya, Malayziya, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Afgʻoniston kabi davlatlardan moturidiyshunos va islomshunos olimlar qatnashdi.

— Islom aqidasi rivojiga katta hissa qoʻshgan, vahiyni sogʻlom aql suzgichidan oʻtkazib, eng sof va eng tiniq haqiqatlarni tilga kiritgan Imom Moturidiy hazratlari porlagan quyosh misoli asrlar osha nur sochib turibdi, — dedi anjuman ishtirokchisi, Turkiyaning Saljuq universiteti rektori Metin Aksay. — Moturidiy hazratlari tizimlashtirgan juzʼiy iroda nazariyasi hamda vahiyni aql bilan asoslash harakati xoh oʻz davrida, xoh bugungi kunda boʻlsin, oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan.

Simpozium davomida Imom Moturidiy va izdoshlarining ilmiy merosini oʻrganish, moturidiylik taʼlimoti mohiyati, unda aqidaviy masalalarning yoritilishi yuzasidan amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlarga oid mavzular muhokama qilindi.

— Islom dini aqidaviy merosining asosiy ustunlaridan biri boʻlgan moturidiya taʼlimotining ahamiyatini soʻz bilan taʼriflab boʻlmaydi, — dedi Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi — IRCICA bosh direktori Mahmud Erol Qilich. — Ushbu muhim simpozium bois, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlik qilishni baxt deb bilamiz. Mazkur markazning tashkil etilishi va uning faoliyati dunyo ilmiy doiralarida yuqori baholanmoqda.

Tadbir doirasida Imom Moturidiyning markaz tomonidan nashrga tayyorlangan “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining 29-juzi, Mulla Ali Qoriyning “Sharh al-Fiqh al-akbar”, Burhoniddin Margʻinoniyning “Al-Hidoya”, “Yurtimiz allomalari rukni ostida 10 ta risola”, “Xalqaro islom tashkilotlari”, “Mutaassiblikka qarshi moʻtadillik: metod va tahlillar” “Dolzarb raddiyalar”, “Islom niqobidagi mutaassib guruhlar” kabi bir qator kitoblar, shuningdek, “Moturidiylik” ilmiy-maʼrifiy jurnalining nishona soni taqdimoti oʻtkazildi.

Anjumanda xalqaro ekspertlar, mutaxassis va olimlar tomonidan oʻqilgan ilmiy maʼruzalar hamda kuzatuv natijalari alohida toʻplam shaklida nashr etilishi maʼqullandi.

Shu bilan birga, talabalar oʻrtasida tashkil etilgan “Imom Moturidiy izdoshlari” tanlovining eng yaxshi maqola, eng yaxshi videorolik, eng yaxshi infografika nominatsiyalari boʻyicha gʻoliblarini taqdirlash marosimi ham boʻlib oʻtdi.

Yosh tadqiqotchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida simpozium doirasida doktorantlar, tadqiqotchilar hamda talabalar uchun “Imom Moturidiy yosh tadqiqotchilar nigohida”, “Zamonaviy islomshunoslik muammolari” nomli alohida shoʻbalar ham ish olib bordi.

Muxtasar TOJIMAMATOVA,
 “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 17 iyun, № 122 (378)

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …