Home / ALLOMALAR / NOSIRIDDIN SAMARQANDIYNING HANAFIYLIK FIQHI RIVOJIDAGI OʻRNI

NOSIRIDDIN SAMARQANDIYNING HANAFIYLIK FIQHI RIVOJIDAGI OʻRNI

Movarounnahrning ilmiy markazlaridan biri boʻlgan Samarqandda IX – XII asrlarda hadis, tafsir va aqoid kabi islomiy ilmlar bilan bir qatorda fiqh ilmi ham nihoyat darajada taraqqiy etgan. Bu davrda Abu Muqotil Samarqandiy, Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Abullays Samarqandiy, Abu Nasr Iyoz Samarqandiy, Isʼhoq Samarqandiy, Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad Samarqandiy kabi koʻplab faqih alllomalar yetishib chiqdi. Darhaqiqat, Muoviya roziyallohu anhudan kelgan rivoyatda Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qoʻyadi”, deganlar.

Nosiruddin Samarqandiy Abulqosim Muhammad ibn Yusuf Hasaniy Alaviy Madaniy (vaf. 556/1161 y.) oʻz davrida samarali ijod qilgan allomalar jumlasidandir. Kunyasi – Abulqosim, taxallusi – Nosiruddin. “Hasaniy” soʻzi esa, Hofizuddin Nasafiyning fikriga koʻra, olimning Hasan ibn Ali ibn Abu Tolib avlodidan ekanligini anglatadi. Demak, u asli arab, quraysh qabilasidan boʻlgan. Shuningdek, Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga nisbat berilib, yana “Alaviy” ham deyilgan. Olim Madinai munavvarada maʼlum bir muddat istiqomat qilganligi sababli ismiga Madaniy nisbasi ham qoʻshilgan. Tugʻilib oʻsgan va yashagan joyiga nisbat berilib Samarqandiy ham deyiladi.

Manbalarda allomaning tarjimai holiga oid uning tavallud sanasi haqida maʼlumot keltirilmagan. Uning vafoti xususida ham bir qadar ixtiloflar mavjud. Allomaning oʻzi “al-Multaqot” asarining yakunida ushbu asarni 554 h.y. shaʼbon oyining oxirida (1159m.y.), Jomiʼu-l-fatovo”ni esa 549 h.y. jumodu-l-uvlo oyida (1154m.y.) tamomlaganini zikr etgan. Bundan uning 556 h.y. (1161m.y.)da vafot etganligi ayon boʻladi.

Imom Qurashiy “al-Ansob” asarining muallifi Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad Samʼoniydan naql qilib keltirishicha, “Nosiruddin Samarqandiy “zamonasining yetuk imomi, fozili, mufassiri, muhaddisi, faqihi va voiz olimi” hisoblangan. Majduddin Feruzobodiy ham yuqoridagilarga hamohang fikr bildirgan. Shayx Muhammad ibn Sulaymon Kafaviy esa, Nosiruddin Samarqandiy haqidagi oʻz mulohazalarini quyidagicha ifodalagan: “U buyuk imom, qadr-qimmati baland, shaʼni ulugʻ, martabasi yuksak, ilmda tengsiz, amali goʻzal, shuhrati porloq, ilm va odob bobida oʻz davrining yetakchisidir”. Shayx Abdulhay Laknaviyning ham bunga hamfikr boʻlgan: “U zamonasining peshvosi, odobda davrining peshqadami, kuchli olimi va mujtahididir”.

Alloma Nosiruddin Samarqandiy tafsir, hadis, notiqlik ilmlari bilan bir qatorda fiqh ilmi sohasida ham mashhur boʻlib, fiqh borasidagi ikki asari islom olamida juda katta ahamiyatga molik asarlardir.

“Al-Fiqhun nofiʼ” (“Foydali fiqh”), nomidan koʻrinib turganidek, fiqh ilmiga oid bu kitob toʻgʻrisida juda koʻp olimlar ijobiy fikr bildirganlar. Unga yozilgan koʻpdan-koʻp sharhlarning eng mashhuri buyuk mufassir yurtdoshimiz Abulbarakot Hofizuddin Abdulloh ibn Ahmad Nasafiy (vaf. 710/1310 y.)ning “Mustasfo”si hisoblanadi. Alloma “Nofiʼ” haqida shunday deydi: “Ushbu asar duru gavharlarining boyligidan tubsiz ummon, ulkan osmon, jannatning bepoyon bogʻlari, saodatlar xazinasi, ifodalarning ramzlariga oʻxshaydi”. “Nofiʼ”ga bitilgan muhim sharhlardan yana biri Ahmad ibn Umar Nasafiyning qalamiga mansub boʻlib, muallif uni “al-Munofiʼ fi favoidin-nofiʼ” (“Nofiʼ”ning foydalari”) deb nomlagan. Shuningdek, Shayx Abu Bakr Muhammad ibn Mahmud “al-Hodiy lil bodiy” nomli asarida “al-Fiqhun nofiʼ” kitobidagi istilohlar va murakkab iboralarni izohlab, sharh yozgan.

Allomaning bu asari islom olamida fiqhiy masalallar boʻyicha benazir boʻlib, Abu Barakot Abdulloh ibn Ahmad Nasafiy tomonidan yozilgan sharhda bunday deydi: ““Nofeʼ” kitobi javhar va durlarini koʻpligidan nurli mavjlanib turgan dengizga oʻxshaydi”.

Bu asar Saudiya Arabistonidagi “Malik Saud” universiteti professori Doktor Ibrohim ibn Muhammad Abbud tomonidan tadqiq etilib, izohlari bilan 2000 yili qaytadan nashr qilingan.

Mazkur asarning oʻziga xos jihatlari ham mavjudki, ular kitobning ahli ilm orasida keng yoyilishiga, shuningdek, koʻplab kitobxon va tadqiqotchilarning eʼtiboriga sabab boʻlgan. Asar, avvalambor, hajm jihatidan ixcham, shu bilan birga, har bir mavzu sodda va ravon tilda yozilgan. Muallif dalil sifatida oyati karima va hadisi shariflarni keltirgan. Bu, oʻz navbatida, asarning ilmiy-amaliy qimmatini yanada oshirgan. “Fiqhun nofiʼ”ning yana bir diqqatga sazovor jihati shundaki, u fiqh ilmiga oid masalalarning barchasini qamrab olgan. Muallifning aksariyat hukmlarni bayon etishda eng nufuzli hisoblangan hanafiya va shofiʼiya qarashlarini taqqoslashga tayangani yuqoridagi fikrni yana bir bor dalillaydi.

Ushbu asarni yozishda muallif tomonidan alohida ahamiyat berilgan oʻziga uslub mavjud boʻlib, uni boshqa faqihlardan ajratib turadi.

Avvalo, iboralarining ravonligi, barcha boblar va fasllarning ravshan bayon etilgan, keltirilayotgan fiqhiy fatvolarni asoslash uchun Qurʼoni karim oyatlari va Nabiy sollallohu alayhi vasallam hadislaridan foydalanilgan. Ayni paytda, fiqhiy masalalarni ayrimlarida Imom Abu Hanifa va uning shogirdlari Imom Abu Yusuf, Imom Muhammad va Imom Zufar fatvolarini muvofiqlashtirilgan.

Ayrim masalalarda, yuqorida koʻrsatib oʻtilganidek, Imom Abu Hanifa va Imom Shofeʼ fikrlarini uygʻunligini, ayrimlarida esa hanafiylar va molikiylar fikri uygʻun boʻlgan jihatlarni yoritib bergan. Muallif aksar oʻrinlarda Abu Hanifaning fikrlarini dalillar bilan quvvatlab keltirgan va uning fikrlarini toʻgʻriligini tahlil bilan isbotlab bergan.

Allomaning “Multaqot fiy fatavoya hanafiyya” (“Hanafiy fatvolar haqida yigʻma kitob”) asari ham hanafiylik fiqhiga oid masalalarga bagʻishlangan yana bir muhim manba hisoblanadi. U keyinchalik misrlik olimlar Mahmud Nassor va Sayyid Yusuf Ahmad tomonidan tadqiq qilinib, izohlar bilan qayta nashr qilingan. Bu esa ushbu asarning hanafiy olimlar nazdida katta ahamiyatga ega ekanligini bildiradi.

Allomaning ushbu asarini oʻziga xos jihatlaridan biri, unda hanafiy mazhabiga oid fatvolar dalillovchi hadislar bilan keltirilgan.

“Multaqot”da fiqhiy masalalardan bir qanchasiga Imom Abu Hanifa mazhabiga koʻra sharʼiy hukmlar bayon qilingan. Asar “Kitobut tahorat” (Tahorat kitobi), “Kitobus solat” (Namoz kitobi), “Kitobu zillatul qoriy” (Qurʼon oʻqiguvchining xato qilishi kitobi), “Kitobuz zakot” (Zakot kitobi), “Kitobus savm” (Roʻza kitobi), “Kitobul imon” (Imon kitobi), “Kitobul buyuuʼ” (Savdo kitobi), “Kitobul odob” (Odob kitobi), “Kitobu odobil qoziy” (Qoziga xos odoblar kitobi), “Kitobush shirk” (Shirk amallar haqidagi kitob), “Kitobul meros” (Meros kitobi) kabi qirqga yaqin kitobni oʻzida mujassam qilgan. Har bir kitob oʻzi ifoda qilgan masalaga koʻra bir necha boblarga va har bir bob bir necha matlablar bilan qismlarga ajratilgan. Har bir kitob sharʼiy hukmlarga oid masalaning farʼiy yechimi bayon qilingan qismlarni oʻz ochiga olgan. 

Ushbu asarda hanafiy mazhabiga oid fatvolarni dalillovchi hadislardan keltirilgan.

Darhaqiqat, ajdodlarning hayot yoʻli, qoldirgan boy ilmiy merosi, qoʻlyozma asarlari bizning kelajak avlod yoshlarimiz uchun katta hayot maktabi vazifasini oʻtaydi. Shuni eʼtirof etish mumkinki, ajdodlar merosi bilan bizning hayotimiz oʻrtasida chambarchas bogʻliqlik borligini koʻramiz. Bugungi kunga kelib, ushbu merosni oʻrganish va keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida yurtimiz ulamolari tomonidan keng miqyosda tadqiqot ishlar olib borilmoqda.

 

Foydalanilgan adabiyotlar

  1. Nasafiy Abulbarakot Hofizuddin. Al-Mustasfo. – Istanbul: Sulaymoniya (“Ibrohim Poshsho”) kutubxonasidagi № 655 ashyoviy raqam bilan saqlanayotgan qoʻlyozma nusxa.
  2. Qurashiy Abdulqodir. Al-Javohirul muziya fi tabaqotil hanafiya. 2-juz. –B147.
  3. Firuzobodiy Majiduddin. Al-Mirqotul vofiya. Qoʻlyozma.
  4. Kafaviy Muhammad ibn Sulaymon. Aʼlomul axyor. Qoʻlyozma.
  5. Laknaviy Muhammad Abdulhay. Al-Favoidul bahiya fi tarojimil hanafiya. “Al-Matbaʼul Mustafoiy”. 1976.
  6. Abu Barakot Abdulloh ibn Ahmad Nasafiy. Al-Mustasfo.
  7. Samarqandiy Nosiruddin Abulqosim. Al-Fiqhun nofiʼ. /Doktor Ibrohim ibn Muhammad ibn Ibrohim Abbud tahqiqi. – Riyoz, “Maktabatul ibikon”, 2000.
  8. Samarqandiy Nosiruddin Abulqosim. “Al-Multaqot fiy fatavoya hanafiyya”/Mahmud Nassor, Sayyid Yusuf Ahmad tahqiqi “Dorul kutubul ilmiya”. Bayrut 2000.
Nodir QOBILOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,
SamDCHTI magistiranti

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …