Home / ALLOMALAR / MIRZO ABDULAZIM SOMIYNING HAYOTI VA ILMIY MЕROSIGA DOIR YANGI MAʼLUMOTLAR (davomi)

MIRZO ABDULAZIM SOMIYNING HAYOTI VA ILMIY MЕROSIGA DOIR YANGI MAʼLUMOTLAR (davomi)

Arab tilini mukammal bilgan Mirzo Somiy fors‑tojik tilida soʻzlashuvchi Buxoro ziyolilarining oʻqishi qulay boʻlishi uchun arab tilidagi ikkita asarni fors tiliga tarjima qilgan. Yuqorida qayd etganimizdek, ulardan biri “Aʼlom an‑nos” asaridir. Ushbu asarning muallifi kim, u qaysi davrga tegishli, degan savollarga hozircha javob topolmadik.  Shuningdek, asarning Somiy tomonidan amalga oshirilgan tarjimasini ham qoʻlga kiritganimizcha yoʻq. Faqat Tojikistonda saqlanayotgan bir qoʻlyozmada “Aʼlom an‑nos” kitobining tojik tiliga tarjima qilinishi tarixi berilgan, xolos [10: №283].

Somiyning qalamiga mansub ikkinchi tarjima Husayn at-Tavironiyning (XIX asr) “Masobih al‑fikr fi vujub as‑sayr va‑n‑nazar” (“Sayr va nazarning zarurligi haqida fikr chirogʻi”) nomli asaridir. 1904 yilda asar tarjimasini bitirgach, tarjimon uni “Mafotih al‑abr fi tarjima masobih al‑fikr” (“Fikr chirogʻi” tarjimasida ibrat kaliti”) deb nomlaydi. Soʻzboshida tarjimon bizga nomaʼlum sabab bilan oʻzini Azomiddin Ulviy sifatida tanishtiradi [14: 1b]. Somiy oʻzining tarjimonligini yashirish maqsadida shunday yoʻl tutgandir, deya  olmaymiz. Chunki Somiyning dastxati bilan koʻchirilgan bu qoʻlyozmaning kolofonida tarjima Abdulazim Dabir tomonidan amalga oshirilgani qayd etilgan [14: 93b]. “Somiy” va “Ulviy” soʻzlari arab tilida “oliy”, “yuqori” maʼnolarini anglatadi. Ehtimol, bir xil maʼnoni anglatgani uchun ham bu tarjimada Abdulazim Ulviy taxallusini qoʻllagandir. Nazarimda, mazkur asarning tavsifini amalga oshirgan R. Jalilova kitobning boshi va oxirida tarjimonning nomi va taxallusi ikki xilda yozilgani bois, uning buxorolik Abdulazim Munshiy tomonidan bajarilganiga amin boʻlmay, ikkilangandir. Shuning uchun, u tavsifida tarjimon haqida maʼlumot berishdan cheklangandir[19:  №7005].

Yuqorida qayd etganimizdek, Mirzo Somiy oʻzi shohid boʻlgan voqealar asosida “Daxmayi shohon”[1], “Tuhfayi shohiy” va “Tarixi salotini mangʻitiya” deb nomlanuvchi  tarixiy asarlarni yaratdiki, natijada Buxoro amirligining soʻnggi sahifalari tarixga muhrlandi. Keyingi ikki asar sulolaviy tarix janriga mansub boʻlib, Buxoroda bir yarim asrdan ziyodroq hukmronlik qilgan mangʻit amirlari tarixiga bagʻishlangan. Bu asarlar XIX asrning soʻnggi choragi va XX asr boshlaridagi Buxoro tarixini oʻrganishda ayniqsa muhim. Chunki ularda keltirilgan aksar maʼlumotlar boshqa mahalliy manbalarda ham, rus yilnomalarida ham uchramaydi. Ayniqsa, “Tuhfayi shohiy” asari Rossiya – Buxoro urushi arafasida amirlikdagi ichki ahvol, uning urushga tayyorgarligi masalasi, jang tafsilotlari va nihoyat, urushning boy berilishi sabablarini ochishda tarixchilar uchun yangi maʼlumotlar bera oladi. Shuningdek, asarda istilochilarga qarshi mahalliy aholining Abdumalik toʻra, Bobon toʻqsoba, Allohyorbek bahrin boshchiligida olib borgan milliy ozodlik kurashlari  batafsil hikoya qilingan. Biroq “Tuhfayi shohiy” rasmiy saroy ruhida yozilganligini ham nazardan qochirmaslik lozim. Unda muallif voqealarni yoritishda maʼlum bir xolislikni saqlagani holda, amirlarning shaxsiy sifatlarini maqtab, ularning faoliyatini tilyogʻlamalik bilan ulugʻlaydi. Shuning uchun bu asar manbashunoslar orasida tarixning rasmiy versiyasi, deb nom qozongan. “Tuhfayi shohiy”dan biroz keyinroq, yaʼni 1324/1906 yilda taʼlif etgan “Tarixi salotini mangʻitiya” asarida Buxoro amirlari faoliyati tanqidiy yoritilganligi bois, tarixchilar unga Buxoro tarixining “norasmiy versiya”si sifatida qarashdi. Shu sababli, sovet davrida asosan keyingi asar atroflicha oʻrganildi va rus tiliga tarjima etildi [24:18: 22].

Mirzo Somiyga tarixchi va shaxs sifatida baho berishda, avvalo, uning shaxsiy hayotida hamda u yashagan davrda roʻy bergan ijtimoiy-siyosiy va madaniy oʻzgarishlarni nazarda tutmoq lozim. Zero, muayyan shaxs hayoti va ijodini u yashagan davr va muhitdan ajratib olib oʻrganib boʻlmasligi yaxshi maʼlum. Mirzo Somiy umrining asosiy qismi saroy xizmatida kechdi. Maʼlumki, munshiylarning amir saroyidagi mavqei ancha baland boʻlib, amir va amaldorlar chiqarayotgan har bir rasmiy hujjat ularning qoʻlidan oʻtgan. Munshiy chiroyli husnixat egasi boʻlishidan tashqari savodli va dunyoqarashi keng kishi boʻlishi talab qilingan. Chunki oʻsha davrda insho sanʼatiga katta ahamiyat berilgan. Mirzo Somiy ushbu talablar darajasidagi munshiy boʻlgani bois uzoq yillar bu masʼuliyatli lavozimda xizmat qildi. Zamondoshlarining tazkiralarida Somiy Sharq tarixining bilimdoni, amirlikdagi mashhur muarrix, noziktaʼb shoir va mohir xattot sifatida tilga olinadi hamda saroy munshiysi boʻlganligi eslatib oʻtiladi.

Ammo qarigan chogʻida Mirzo Somiy saroydan quvildi. U saroyga qaytish va oldingi mavqeini tik­lashga ancha harakat qilgan. Sayohat qilishni xush koʻradigan va sayohatlari haqida kitoblar yozgan amir Abdulahad nazariga tushish uchun arab yozuvchisi Husayn at-Tavironiyning sayohatga bagʻishlangan asarini tarjima qilib, tarjimasini Abdulahadga bagʻishlaydi. Bundan tashqari, oʻzining “Miʼrot al-xayol” asari bilan ham xuddi shunday yoʻl tutadi. Asarining boshida, oxirida va maxsus boblarda amir Abdulahadni xushomadgoʻylik bilan maqtaydi:

Vale maxdumi man shaxsest dono,

Suxanro nazdi u qadrest volo.

Dilash az garmiyi maʼni ba choʻsh ast,

Rauf astu halimu aybpoʻsh ast [15: 278a-b].

“Mirʼot al-xayol”ning xotimasida Somiy amirga murojaat etib: “Yomgʻiru shamol taʼsir etmaydigan ustuvor bino ijod qilib, uning qabuliga havola qilayotganini” taʼkidlaydi hamda podshohdan oʻzini afv etishni soʻraydi:

Talab fi rizoyi shahriyoram,

Ba xabari afvu rizo matlab nadoram [oʻsha betda].

Mazmuni: “Shahriyorim rizosining talabgoriman. Uning kechirimi va rizoligi xabaridan boshqa maqsadim yoʻq”.

Shuni alohida qayd etish joizki, Somiy ushbu xitobnomasida amirdan xayru ehson soʻramaydi, balki podshohdan oʻzining koʻp yillik xizmatlarining qadriga yetishni talab qiladi:

Ba yod ori huquqi xizmatamro,

Ba in davlat kashidam mehnatamro.

Mazmuni: “Bu davlat uchun qilgan xizmatlarim va chekkan zahmatlarimni esla”.

Amirning cheklanmagan yakka xukmronligi davrida bu kabi satrlarni yozishning oʻzi katta jasorat edi.

Xullas, Mirzo Somiy saroydan chetlatilganidan to “Mirʼot al-xayol” yozib tugallangan 1904 yilga qadar amir Abdulahadga uzrxohlik bilan qasidayu sheʼrlar bitib, undan kechirim soʻraydi va oʻzining ogʻir ahvolini bayon qiladi, bir necha asarlari va tarjimalarini unga bagʻishlaydi. Bu bilan Somiy qaytadan amirning “nazariga” tushish va xizmatga qaytish orqali oilasidagi iqtisodiy tanglikka barham berishga urinib koʻradi. Ammo barcha saʼy-harakatlari zoye ketganidan soʻng uning fikrlashida burilish yuz beradi. Somiyning shundan keyin yozgan “Tarixi salotini mangʻitiya”  asari va boshqa bir qancha sheʼrlarida amiru amaldorlar faoliyatiga tanqidiy koʻz bilan qarash, ijtimoiy adolatsizlikni qoralash, zamonadan shikoyat ruhi koʻzga tashlanadi.

Sadriddin Ayniy Somiyning saroydan hayda­li­shiga sabab uning tanqidiy fikrlarida, deb biladi. “Amir Abdulahad va saroy ahlining bemazagarchiliklari yana ham avj olib, aholi yanada xonavayron boʻladi. Bu holni koʻrgan Somiyning qalami yanada oʻtkirlashdi va oxiri saroydan haydalib, muhtojlikda yashadi”, deb yozadi u [2: 23]. Ammo, yuqorida koʻrib oʻtganimizdek, saroy xizmatidan quvilguncha va undan keyin ham bir muddat Mirzo Somiy ijodida amir va saroy ahliga qarshi satrlar va umuman tanqidiy ruh kuzatilmaydi. S.Ayniyning “Amir Muzaffarning ruslar bilan olib borgan urushi davrida kuzatuvchi boʻlib ishtirok etgan Abdulazim oʻzining baxtsiz xalqiga yangicha koʻz bilan qaray boshladi va amirga qarshi boʻlgan kishilar guruhiga qoʻshildi” degan fikriga ham qoʻshilib boʻlmaydi [oʻsha betda]. Koʻrib oʻtganimizdek, uning tanqidiy kayfiyatdagi ijodi asosan 1904-1905 yillardan keyingi davrlarga toʻgʻri keladi. Bu davrda saroy muhitidan uzoqlashgan Somiy Buxoroning ilgʻor fikrli, taraqqiyparvar ijodkorlari davrasiga yaqinlashadi. Xususan, Sadr Ziyoning hovlisida haftaning uch kechasida hurfikr ijodkorlar toʻp­lanib, fikr almashishgan. Ayniy Sadr Ziyoning uyidagi yigʻinlarda Somiyning ham qatnashganini eʼtirof etadi. Bir soʻz bilan aytganda, bu yigʻinlar bir guruh XX asr maʼrifatparvarlarini yetishtirgan oʻziga xos maktab rolini oʻtagan.

Tabiiyki, Buxoro taraqqiyparvarlarining voqe­likka tanqidiy nazar bilan qarashlari, maʼrifatparvarlik va islohotchilik gʻoyalari Somiy dunyoqarashiga taʼsir etgan. Bu esa uning ijodida oʻz ifodasini topdi. “Somiy” “Meparvarad” radifli yigirma besh baytlik qasidasida toʻgʻridan-toʻgʻri amirni tanqid qilib, saltanat shaʼniga qaltis gaplar aytadi», deb yozadi adabiyotshunos olima G. Ahrorova [5: 35]. Mazkur qasida haqida fikr yuritib Z. Rajabov bunday yozadi: “Somiy “u” tarbiyalaydi deganda “u” ostida amirni nazarda tutadi. “U” soʻzi qasidada nimani anglatadi? U – shunday zolim, nobakor shaxski, odamga oʻxshamagan eshak nav­karni tarbiyalaydi” [18: 30]. Boshqa bir sheʼrida Somiy ark darvozasini oʻlim darvozasiga oʻxshatadi.

In darki, baromadi ba avji izzat

Darvozayi marg ast, na darvozayi ark[5: 35].

Mazmuni: “Sen izzat ikrom bilan chiqib kelayotgan bu darvoza ark darvozasi emas, oʻlim darvozasidir”.

Shuni taʼkidlash lozimki, maʼrifatparvar va taraqqiyparvar ziyolilar taʼsirida umrining oxirlarida Somiy ijodida amir, amaldorlar va zamonaga nisbatan tanqid ruhi kuchaygan boʻlsa‑da, u chinakam maʼrifatparvar boʻlib yetishmadi. Somiyning biror‑bir asarida mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida, davlat qurilishi yoki madaniy sohasida islohot oʻtkazish toʻgʻrisida hech qanday fikr bildirilmaydi. R.Hodizoda oʻrinli qayd etganidek, Somiy oʻsha davr ilgʻor adabiyot namoyandasi hisoblansa ham, u maʼrifatparvarlik gʻoyalaridan yiroq edi [26: 111]. Amerikalik olima J. Grossning xulosalari ham shunga yaqin. Somiy Rossiya armiyasining texnologik va tashkiliy ustunligi sabab Buxoro qoʻshinlari magʻlubiyatga uchraganiga guvoh boʻlganligiga qaramay, jadidlardan farqli ravishda, texnologiya, kommunikatsiya, sotsial institutlar (jumladan taʼlim)ni isloh qilish haqida qaygʻurmaydi [29].

Somiy oʻzi yashayotgan davrda Buxoroda ilm, madaniyat ancha inqirozga uchragan, deb hisoblaydi. Jumladan, 1882 – 1883 yilda tartib bergan “Risolayi insho” asarida zamonasi kotiblarining savodsizligi toʻgʻrisida soʻz yuritadi. Ularning professional mahoratini, savodxonligini oshirish lozimligi haqida qaygʻuradi. Oradan qariyb yigirma yil oʻtib ham u oʻz fikrida qoladi. Chunonchi, “Tuhfayi shohiy” asarining muqaddimasida “suxanravlik maydonida javlon urish toʻxtagani”, “donish matohining bozori kasodga uchragani” bois tarixiy asarlar yaratilmayotganini bayon qiladi.

Mirzo Somiy oʻqimishli tarixchi. U faqat Oʻrta Osiyo xalqlari tarixini oʻrganish bilan cheklanmay, musulmon tarixiga va lugʻatshunoslikka oid koʻplab kitoblarni mutolaa qilgan. Jumladan, u “Tabaqoti Nosiriy”, “Ravzat as‑safo”, “Mirʼot al‑olam”, “Tarixi Farishta”, “Mafotih al‑tavorix”, “Nosix at‑tavorix” va Yofeʼiy, Vassof, Ibn Xaldun, Ibn Xallikon va boshqa muarrixlarning asarlarini mutolaa qilganini qayd etadi [17: 4b].

U lugʻatshunoslik va tarix ilmiga yuqori baho beradi: “Olloh taoloning kalomi va rasuli karimning hadislaridan keyin biror‑bir ilm nafosat, moʻtabarlik, serfoyda va serxosiyatlikda lugʻat va tarixga teng kelolmaydi”. “Tuhfayi shohiy”ning soʻzboshisida Somiy garchi bu asarni taʼlif etishdan maqsadi “taqvodor podshohning (amir Muzaffar – Sh.T.) dovrugʻdor nomini” yodgorlikka qoldirish [17: 7b], yaʼni tarix yozishdan iboratligini eʼtirof etgan boʻlishiga qaramay, tarixning tarbiyaviy tomoniga koʻproq ahamiyat beradi. Maʼlumki, hamma davrda ham Sharq adabiyotining negizida pandu nasihat va inson tarbiyasi turgan. Mana shu Sharq soʻz sanʼati ustalarining merosxoʻri boʻlgan Mirzo Somiyning nigohida tarix, avvalo, insonlar uchun ibrat bulogʻidir. Tarix kitoblarini oʻqish va tadqiq qilish bilan insonlar “donolik darajalariga koʻtarilishi” va “dunyoning oʻtkinchiligi haqiqatini” bilishi mumkin, deb tushuntiradi muarrix. “Biror‑bir sabab bilan gʻam va qaygʻu girdobida qolgan kishi oʻtmish xabarlari va moziyda yashagan shaxslar ahvolini yorituvchi sahifalar, yaʼni tarixiy asarlar mutolaasi bilan olamning boqiy emasligini anglab yetadi va buning yordamida uning koʻngli qaytadan tozalanadi” [17: 3b‑4a].

Xulosada shuni qayd etmoq lozimki, Abdulazim Somiy  XIX asrning adogʻi va XX asr boshlarida Buxoro adabiy muhitida oʻz oʻrni va mavqeiga ega tarixnavis. Uning asarlarini oʻrganmay turib, bu davrdagi ijtomoiy-siyosiy hayot, tarixiy, adabiy va diniy jarayonlarni barcha murakkabliklari bilan tushunib olish va haddi aʼlosiga yetkazib oʻrganish qiyin. Ayniqsa, uning tarixiy asarlarida mangʻitlar sulolasi soʻnggi vakillari davrida ularning ichki urushlar girdobiga gʻarq boʻlib, jahon taraqqiyotidan ortda qolib ketishi va oxir-oqibat Rossiya imperiyasi asoratiga tushishi tafsilotlari yoritilishi bilan muhim. U asrlar osha avlodlarni tariximizning shonsiz va zabun sahifalaridan saboq olishga chorlaydi. XX asr boshida qoʻlida qalam, yuragida iztirob bilan yurti va millatining inqiroziga olib kelgan sabablarni qogʻozga tushirayotgan tarixnavisning asarlari bugungi kunda ham oʻz dolzarbligini yoʻqotgani yoʻq.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

  1. Aliyev S. Buxoroda bitilgan baytlar. –T.: Gʻafur Gʻulom nomidagi Nashriyot‑matbaa birlashmasi, 1992.
  2. Ayniy S. Esdaliklar //Ayniy S. Asarlar. 6‑jild. – Toshkent: 1965. –
  3. Ayniy S. Namunai adabiyoti tochik. – Moskva: Gosizdat, 1926.
  4. Axrorova G. Sami i yego literaturnoye naslediye: Diss. … kand. filol. nauk. –T., 1998.
  5. Axrorova G. Mirzo Azim Somiy ijodida davr tanqidi // Adabiy meros. – 1989. – № 1.
  6. Afzal Pirmastiy. Tazkirat ush-shuaro. OʻzR FA SHI qoʻlyozmasi, № 7279.
  7. Buxoro safarnomasi / Forschadan oʻzbek tiliga oʻgiruvchi, kirish soʻzi va izohlar muallifi Ismoil Bekjon. Toshkent, 2007.
  8. Islom Ensiklopediyasi / Zuhriddin Husniddinov tahriri ostida. Toshkent, 2004.
  9. Katalog arabograficheskix rukopisey Buxarskoy oblastnoy biblioteki im. Abu Ali ibn Sinы / Sostaviteli: G. Kurbanov, F. Щvars. Buxara, 1998.
  10. Katalog vostochnыx rukopisey Akademii nauk Tadjik. SSR. – Stalinabad: Poligrafkombinat, 1960. T. I.
  11. Kimura Satoru. Sunni–Shiʻi relations in the Russian protectorate ofBukhara, as perceivedby the local ʻulama // Yed. UYAMA Tomohiko, Asiatic Russia: Imperial power in regionaland international contexts. London, 2011.
  12. Mir Muhammad Hishmat. Tazkirat ash-shuaro. OʻzR FA SHI qoʻlyozmasi, № 2728.
  13. Mirzo Somiy. Bayoz. Buxoro qoʻriqxona‑muzeyi qoʻlyozmasi, №675.
  14. Mirzo Somiy. Masobih al‑fikr fi vujub as‑sayr va‑n‑nazar. OʻzR FA SHI qoʻlyozmasi, №2194
  15. Mirzo Somiy. Mirʼot al-xayol. OʻzR FA SHI qoʻlyozmasi, №2188/2.
  16. Mirzo Somiy. Mirʼot al‑yaqin. Buxoro viloyati davlat kutubxonasi qoʻlyozmasi, № 70.
  17. Mirzo Somiy. Tuxfayi shohiy. OʻzR FA SHI qoʻlyozmasi, № 2091.
  18. Rajabov Z.R. Mirzo Azim Somi va osori u // Sharqi surx. – Dushanbe, 1947.
  19. Sobraniye vostochnыx rukopisey Akademii nauk Uzbekistana. – Toshkent: T.XI.
  20. Sadr Ziyo. Tazkor al‑ashʼor. Buxoro muzeyi qoʻlyozmasi, № 1681. – V.
  21. Sadr Ziyo. Shuaroi mutaaxxirin va fuzaloi muosirini roqimi adim al‑qadri Ziyoi Sadr. OʻzR FA SHI qoʻlyozmasi, №2193.
  22. Sami Mirza Abdalazim. Tarix‑i salatin‑i mangitiya (Istoriya mangыtskix gosudarey) / Izd. teksta, pred., per. i prim. L.M. Yepifanovoy. – Moskva: IVL, 1962.
  23. Xasanova Z.Sh. Sami i teoriya epistolyarnogo stilya v tadjikskoy literature XIX v. Avtoref. … diss. … kand.fil. n. Dushanbe, 1976.
  24. Chabrov G.N. Novыy istochnik po istorii Buxarskogo xanstva // Byulleten AN UzSSR. – Tashkent, 1947. – №3.
  25. Qori Raxmatulloh Vozex. Tazkirat al‑asxob. Toshkent: Litografiya, 1913.
  26. Hodizoda R. Adabiyoti tochik dar nimai duvvumi asri XIX. – Dushanbe: Donish, 1968.
  27. Hoji Abdulazim Sharʼiy. Tazkirat al‑fuzalo. OʻzR FA SHI qoʻlyozmasi, № 3396/III.
  28. Hoji Neʼmatulloh Muhtaram.Tazkirat ash‑shuaro. OʻzR FA SHI qoʻlyozmasi, № 2252/2.
  29. Jo-Ann Gross. Historical memory, cultural identity, and change: Mirza ʻAbd al-ʻAzim Samiʻs representation of the Russian conquest of Bukhara // Russiaʻs Orient, imperial borderlands and peoples.Yed. D.R.Brower and E.J. Lazzerini. –Bloomington, 1997. – R. 203-226.
Sharifaxon TOSHOVA
OʻzR FA Milliy arxeologiya markazi ilmiy xodimi
_____________________________________________________
[1] Asli “Daxmayi shohon” asari sayohatnoma xarakteridagi doston boʻlib, Mirzo Sodiq Munshiy (vaf. 1235/1819-1820) qalamiga mansubdir. Asar 1875 yilda yozilgan boʻlib, unda shoirning Bahoudddin Naqshbandiy qabristonida dafn etilgan shohlar daxmalari ziyorati paytida tugʻilgan ichki kechinmalari qalamga olingan. Adabiyotshunos olim U. Karimovning fikricha, “Daxmayi shohon” dostonining yozilishiga qadimgi Eronning afsonaviy shohlari va shavkatli bahodirlari daxmalari bilan bogʻliq rivoyatlar asosida yaratilgan shu nomli xalq qissasi turtki boʻlgan. Sodiq Jondoriy oʻz asari syujetini mashhur Eron dostonidan olgan boʻlsa ham, mazmunni Buxoro voqeligidan tanlaydi. Qissada Ashtarxoniy hukmdorlardan Subhonqulixon (1680 – 1702), Ubaydulloxon (1702 – 1711), Abulfayzxon (1711 – 1747) va Abdulmoʻminxonning hukmdorlik tarixlari ularning oʻz tillaridan hikoya qilinadi. Mirzo Somiy oʻz salafi Sodiq Munshiyning “Daxmayi shohon” qissasi nomini oʻzgartirmagan holda davom ettirib, unga Mangʻitlar sulolasi vakillari – Muhammad Rahimxondan tortib Muzaffarga qadar Buxoro taxtida oʻtirgan amirlar tarixini qoʻshadi. Asar 1319/1901 – 1902 yilda yozilgan.

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …