Home / YANGILIKLAR / BUYUK BRITANIYADA ISLOM SANʼATI DURDONALARI NAMOYISH ETILMOQDA

BUYUK BRITANIYADA ISLOM SANʼATI DURDONALARI NAMOYISH ETILMOQDA

Oʻzbekistonning madaniy va tarixiy merosini targʻib qilish, islom dinining haqiqiy qadriyatlarini ochib berish maqsadida Buyuk Britaniyada boʻlib oʻtayotgan Ijtimoiy fanlar xalqaro festivali doirasida buyuk olim Imom Buxoriy hadislaridan ilhomlangan ijod ahlining islom sanʼati koʻrgazmasi tashkil etildi.

Koʻrgazma Buyuk Britaniyaning “Dacore IT” kompaniyasi, Lester universiteti, Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasi xuzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi koʻmagida uyushtirildi. Unda taniqli miniatyurachilar, kitobat sanʼati ustalari, grafik rassomlar, isteʼdodli xattot va fotosuratchilar oʻz asarlari bilan qatnashmoqda. Xalqaro miqyosda tan olingan “Soʻgʻdiyona” milliy cholgʻu-asboblari kamer orkestri tadbir uchun maxsus yangi “Zikr” nomli kompozitsiyani tayyorlagan.

Tadbirda onlayn formatda qatnashgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov islom sanʼati butun musulmon dunyosida katta tarix va boy tajribaga egaligini, tabiiyki, bunda koʻhna Movarounnahr hamda bugungi Markaziy Osiyoning hissasi beqiyosligini taʼkidladi. Bu bebaho maʼnaviy xazinani asrab-avaylab, kelajak avlodlarga yetkazishda mazkur koʻrgazma beqiyos ahamiyat kasb etadi.

— Islom sanʼati koʻrgazmasiga taklif qilinganimdan behad minnatdorman, — deydi mashhur kinorejissyor Ovidio Salazar. — Rassomlar ijodining nihoyatda rang-barangligi meni hayratga soldi. Ular Imom Buxoriy toʻplamidan hadislarni badiiy ifoda etib bergani tahsinga sazovor. Bu haqiqatan ham ilhombaxsh ishdir. U nafosat va tinchlikparvarlik dini sifatida islom anʼanalariga tayanishimiz mumkinligini hamda zarurligini namoyish qildi. Islom sanʼati eng boy va keng tarqalgan Sharq sanʼatlaridan biridirki, hali-hanuz uning yangi-yangi qirralari kashf etilmoqda.

Koʻrgazma orqali ijod ahli tinchlik, donolik va bagʻrikenglikni oʻzida mujassam qilgan ezgu din — islom gʻoyalarini xalqaro darajada sanʼat muxlislariga taqdim etishdek xayrli maqsadni koʻzlagan.

Namoyishga qoʻyilgan sanʼat asarlari “Sahihul Buxoriy” hadislaridan ilhomlanib yaratilgan ijod mahsullaridir. Bu esa koʻrgazmaga tashrif buyuruvchilar uchun islomning asosiy manbalari bilan yaqindan tanishishga yordam beradi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi
2021 yil 2 iyun, № 115 (7895)

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …