Home / Imom Buxoriy hadislari / Rasuli akram mo‘’jizalari «Sahihul Buxoriy»da…

Rasuli akram mo‘’jizalari «Sahihul Buxoriy»da…

ISHORANING SABABI KELAJAKDA ANIQ BO‘LDI

VI jild. 4679-hadis. Ibn Sabboq xabar qiladi:

«Zayd ibn Sobit Ansoriy roziyallohu anhu vahiyni yozib turuvchilardan edi. U shunday dedi: «Yamomadagilar o‘ldirilganida Abu Bakr menga odam yubordi. Yonida Umar bor ekan. Abu Bakr shunday dedi: «Umar menga kelib, «Yamoma kuni jangda odamlar orasida o‘lim ko‘p bo‘ldi. Agar Qur’onni jamlamasangiz, qorilar janglarda o‘lib ketaversa, Qur’onning katta qismi yo‘qolib ketadi deb qo‘rqaman. Menimcha, Qur’onni jamlashingiz kerak», dedi. Sen yoshsan, aqllisan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga (nozil bo‘lgan) vahiyni yozib yurarding. Qur’on (oyatlari)ni qidirib topib, ularni jamla!» dedi.

Allohga qasamki, bundan ko‘ra bir tog‘ni ko‘chirishni yuklagani men uchun osonroq bo‘lar edi. U meni qayta-qayta undayverdi, nihoyat, Alloh mening qalbimni ham Abu Bakr va Umarning qalbini ochgan narsaga ochdi. Qur’onni surishtirib, uni xurmo po‘stloqlari, qog‘oz parchalari, yassi toshlar va odamlarning ko‘ksilaridan jamladim. Tavba surasidagi ikki oyatni – «Batahqiq, sizlarga o‘zingizdan bo‘lgan, sizning mashaqqat chekishingiz uning uchun og‘ir bo‘lgan Rasul keldi…»ni faqat Xuzayma Ansoriydan topdim, undan boshqa hech kimdan topa olmadim.»

* Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu Umar roziyallohu anhu va boshqa sahobalar bilan maslahatlashib, oyatlarni faqat yozma ravishda qabul qilgan va har bir oyatning bevosita Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida bitilganiga ikki kishi guvohlik berishini shart qilib qo‘ygan. Shuning uchun «topmadim» deganda mazkur oyatlarning yozma nusxasini topa olmagani nazarda tutilgan.

Mashhur qori Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu «Bu yerda yana ikkita oyat bor edi» desa ham, yozuvning Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida bitilganiga Xuzayma roziyallohu anhudan boshqa guvoh topolmay, Zayd roziyallohu anhu uni Mus’hafi Sharifga kirita olmayotgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir voqea ustida «Xuzaymaning guvohligi ikki kishining guvohligiga o‘tadi», degan edilar va shu-shu uni «ikki guvohlik sohibi» deb atashar edi.

Mana shu nabaviy ishorat sharofatidan Xuzayma roziyallohu anhuning bir o‘zi ikki guvoh o‘rnida qabul qilinadi. Shu tariqa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yana bir mo‘’jizalari namoyon bo‘lyapti.

 Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

Check Also

AYYOM FAZILATI: Yetimning kafili

Sahl ibn Saʼd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Men va yetimning kafili …