Home / MAQOLALAR / FOROBIY DЕYDIKI…

FOROBIY DЕYDIKI…

Buyuk alloma bobokalonimiz Abu Nasr Forobiy Oʻrta asrlar davri tabiiy-ilmiy va ijtimoiy bilimlarining qariyb barcha sohalarini oʻz ichiga olgan 160dan ortiq risola yaratib, haqli ravishda “Muallimi soniy” yoki “Sharq Arastusi” unvonini qozongan. Forobiyning ilmiy merosi bugungi kunda ham koʻplab mamlakatlarda alohida eʼtibor bilan oʻrganilayotgani uning asarlari zamonlar osha oʻz dolzarbligi va ahamiyatini yoʻqotmay kelayotganidan darak beradi.

Tahririyatimiz allomaning shoh asarlaridan boʻlmish “Fozil odamlar shahri” risolasidan ayrim qaydlarni keltirib, bugungi hayotimizning manzaralarini, aniqrogʻi, XXI yuz yillik bashariyatining qiyofasini 11 asr avval yashab oʻtgan buyuk Forobiy bitiklari vositasida ifodalashga qaror qildi.

Asarda fozillar shahri aholisi uchun umumiy boʻlgan xususiyatlar haqida soʻz borar ekan, fozil inson hodisalarni (yaxshi-yomonni) isbotlash yo dil sezgisi bilan bilib olishi, bundaylar donishmand boʻlishi taʼkidlanadi. Ixlos bilan donishmandlarga ergashganlar ularning bilimlarini oʻzlashtiradi. Qolganlar ergashganlarning tasavvurlaricha taqlid orqali bilim oladi. Shunda umumiy hilqatlar haqida hech qanday bahsga, soxta donolik va notoʻgʻri tushunchalarga asoslangan munozaralaru ular yakunida qabul qilinadigan ters xulosalarga oʻrin qolmaydi.

Jaholatdagi shahar odamlari esa boshqa toifadir. Ular dunyo saodatini obroʻ-izzat va mol-dunyo hamda ular keltiruvchi rohatlardan iborat bilgani uchun fozillar shahri qonunlarini buzish, haqiqatga aloqador narsalardan uzoqlashish, fozil xususiyat va tasavvurlarni boshqacha aks ettirishga urinadi. Chunki, tor doiradagi johil va tuban maqsadlariga erishishda ularga hech kim toʻsqinlik qilmasligi kerak.

Forobiy bunday toifa odamlarni fazilatli shaharlar jamoalariga qabul qilmaslik zarurligini uqtiradi.

Bugungi Oʻzbekiston jamiyatini oladigan boʻlsak, obyektiv nuqtai nazardan mamlakatimiz fozil shahardir. Yurtimizda boshqaruv qobiliyatiga ega imomlar (rahbarlar), odamlarga hodisalarni toʻgʻri bildiradigan donishlar (barcha darajadagi ustozlar), fozil odamlar – hammasi mavjud. Lekin shular qatorida jaholatdagi shahar odamlari ham yonma-yon yashamoqdaki, bu koʻplab muammolarni keltirib chiqarmoqda. Aholi orasida yakkam-dukkam uchraydigan ana shunday toifa vakillari butun jamiyatni “fazilatli” maqomdan “johil” darajasiga tushirmoqda.

Barchamiz ommaviy axborot vositalari orqali masʼuliyatsiz rahbarlar, korrupsionerlar, jinoyatchilar va boshqa turdagi johil toifa toʻgʻrisidagi xabarlar bilan tanishamiz. Masalan, ijtimoiy barqarorlik va jamiyat istiqbolining tamalini tashkil etuvchi taʼlim-tarbiya va sogʻliqni saqlash tizimlarida roʻy berayotgan xunuk hodisalar mamlakatimizni fazilat yoʻlidan jaholat yoʻliga burishga intilayotganlar yoʻq emasligini, bunday hodisalarning takror-takror yuz berishi esa johillarning safi toraymayotganini bildiradi.

Kimdir buni globallashuv taʼsiridagi iqtisodiy jarayonlar, kimdir “ommaviy madaniyat” yoki shunga oʻxshash zamonaviy muammolar taʼsiriga yoʻyishi mumkin. Lekin Forobiy bobomiz 11 asr avval bashariyatni bunday illatlar ilgaridan tashvishga solib kelganini qayd etgan.

Xususan, alloma “Fozil odamlar shahri”da jaholatdagi shaharlarning bir necha turlarini keltiradi.

Zaruriy ehtiyojlar shahri aholisi faqat badan uchun zarur boʻlgan narsalar – oziq-ovqat, ichimlik, kiyim-kechak, turar joy, shahvoniyatni qondirish kabilarga erishish uchun bir-biriga yordam beradi.

Ayirbosh qiluvchilar shahri odamlari mol-dunyoga erishishda oʻzaro koʻmaklashishni hayotining asosiy maqsadi deb biladi.

Razolat shahri aholisi yeyish-ichish, jismoniy lazzat, aysh-ishrat va kayf-safoda rohat topishga intiladi.

Obroʻparastlar shahrida odamlar bir-birini maqtab, koʻkka koʻtarishni yaxshi koʻradi. Oʻzga xalqlar ularni ulugʻlashini istaydi, begonalar oldida ulugʻvor, shavkatli koʻrinishni xohlaydi.

Benomuslar shahri aholisi yaxshi-yomonni faqat tilda ajratib, amalda teskarisini qiladi.

Beqaror shahardagi odamlarning qarash va amallari avvalroq fozillarga oʻxshash boʻlgan, keyinchalik begona gʻoyalar kirib kelib, ularni butunlay oʻzgartirib yuborgan.

Forobiy shahvatparastlar shahriamalparast va hokimiyatparastlar shahri va adashgan shahar haqida ham toʻxtalib oʻtadi. Yuqoridagilarga qisqacha izoh berilgan esa-da, keyingilar uchun buning hojati boʻlmasa kerak.

Xoʻsh, jaholatdagi shaharlar odamlarining sifatlari bilan tanishar ekansiz, koʻz oldingizda muayyan zamondoshlaringiz gavdalandimi? Forobiy davri bilan hozirgi kun oʻrtasida aniq parallellar vujudga keldimi? Javobingiz – “ha”. Taassufki, bu savollarga hammamiz boshni yerga xam qilib, tasdiq javobini berishdan oʻzcha ilojimiz yoʻq.

Shu bois ham jaholat illatlarini birma-bir sanab oʻtgan ulugʻ alloma zalolat botqogʻiga botmaslik uchun odamlarning birlashuv va oʻzaro yordamga ehtiyoji borligi haqida soʻz yuritadi.

Forobiyning yozishicha, har bir inson tabiatiga koʻra oʻz ehtiyojlarini qondirish va kamol topish uchun juda koʻp narsalarga muhtoj boʻladi. U hamma narsani oʻzi hosil qila olmagani bois turli kasbdagi boshqa insonlar xizmatiga ehtiyoj sezadi. Shu tariqa odamlar jamoalarga birlashadi.

Bu jamoalar toʻliq va toʻliqsiz boʻladi. Toʻliq jamoalar uch turga boʻlinadi – buyuk (butun yer yuzi aholisi), oʻrtacha (xalq) va kichik (shahar). Qishloq, mahalla va oilalar toʻliqsiz jamoalardir.

Eng yaxshi neʼmatlar va eng mukammal narsalar shahardan topiladi. Undan kichik jamoalarda kamolotga yetish imkoniyati kam boʻladi. Negaki, taʼlim-tarbiya, sogʻliqni saqlash, sanoat, xizmat koʻrsatish, hokimiyat va hokazo masalalar bilan shugʻullanuvchi muassasalar faqat shaharlardagina mukammal tarzda tashkil topadi.

Neʼmatlarga kelsak, ular erkin istak-iroda va erkin tanlov bilan hosil qilinadi. Ajabki, yomonliklar ham erkin istak-iroda va erkin tanlov bilan sodir etiladi. Demak, istak-niyat yaxshi boʻlsa, shahar aholisi maʼnaviy kamol topadi, farovonlikka erishadi.

“Haqiqiy baxt-saodatga yetishuv yoʻlida bir-biriga yordam berib, yaxshi amallar qiladigan insonlar shahri fozila shahar, yaʼni fozil odamlar shahridir. Inson barcha aʼzolari solim, butun, mukammal ishlab turganida sogʻlom boʻlganiday, butun aholisi goʻzal xulqli boʻlgan, yaxshi amallar qiladigan va bir-biriga yordam beradigan shahar fozil odamlar shahridir”, deydi Forobiy.

Jamiyatni inson tanasiga qiyoslaganicha fikrini davom ettirar ekan, ulugʻ alloma badan aʼzolarining hammasiga rais-yurakka boʻysunsa-da, tabiatiga koʻra bir-biridan farqlanishini qayd etadi. Yaʼni, aʼzolar yurakka yaqinlik jihatidan turli mavqe va darajalarga ega boʻladi. Baʼzilari rais-aʼzoga (mamlakat rahbariga) toʻgʻridan-toʻgʻri (vazirlar, hokimlar), ayrimlari bilvosita bogʻlangan boʻladi. Soʻng ularga xizmat qiluvchilar, keyin ularga xizmat qiluvchilar va yana xizmat qiluvchilar boʻladi. Yuqori mavqedagilarning faoliyati ogʻirroq, qamrovliroq va muhimroq, quyiroq darajadagilarniki yengilroqdir. Inson tanasida hamma aʼzolar oʻzaro muvofiq ishlaganida harakat mukammal boʻlgani kabi shaharda ham odamlarning tabiati, qobiliyati, istak-irodasi, sanʼat-hunariga mos ravishda oʻzaro maqbul va maʼqul faoliyat yoʻlga qoʻyilsa, u fozil shahar boʻladi.

Bu oʻrinda tana aʼzolaridan birini ustun, boshqasini ahamiyatsiz deb ajratmaslik kerak, albatta. Chunki, birining ishini ikkinchisi qila olmaydi – koʻz koʻradi, quloq eshitadi, qoʻl mehnat qiladi, oyoq yuradi. Odam qaysidir aʼzosi boʻlmasa ham yashayverishi mumkin. Lekin mukammalik haqida soʻz borar ekan, zamonaviy tibbiyotning quyidagi yangiligiga eʼtiboringizni qaratmoqchimiz – jimjiloq boʻlmasa, panjaning kuchi 80 foiz kamayar ekan. Bu tajribada isbotlangan.

Xalqimizning dono naqlini ham eslab oʻtib joiz – podani kimdir boqishi kerak, aks holda, yaʼni hamma olim boʻlib ketaversa, goʻshtsiz qolamiz.

Hamma kasb ham keraklidir. Sochimizni qirtishlash uchun qassobga, non olish uchun avtomobil ustaxonasiga bormaymiz.

Hammasining oʻz oʻrni, oʻz ahamiyati bor. Gap insonning oʻziga borib taqalyapti. Fozil odamlar shahrini barpo etish har bir inson fozil yo johil boʻlishiga bogʻliq boʻlib qolyapti. Bugungi kunda “buyuk kelajak”, “yorqin istiqbol” kabi turli atamalar bilan ifodalanadigan farovon jamiyatning Forobiycha istilohi fozil odamlar shahridir.

Kim uning aʼzosi boʻlishni istasa, marhamat, niyati va feʼli bilan buni namoyon etsin!

Kimki, jaholatdagi shahar qusurlarini tashib yuraveraman desa, nachora… fozillik yoʻlida hammani ortga tortaveradi.

Xulosa oʻzingizdan.

Madina MASHRABXON

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …