Home / MAQOLALAR / QAYERDA XATOGA YOʻL QOʻYMOQDAMIZ?

QAYERDA XATOGA YOʻL QOʻYMOQDAMIZ?

Inson yuksaklikka koʻtarilishi qanchalar mashaqqatli boʻlsa, tubanlashishi shu qadar oson ekan. Deylik, taqvodor odam bittagina ibodat vaqtini oʻtkazib yuborsa, oʻy-fikri faqat oʻsha bilan andarmon boʻlib qoladi – Tangri taoloning oldida oʻzini gunohkor his qiladi. Xudojoʻylik koʻchasiga kirmaganlar esa qanchadan-qancha namozning vaqtini oʻtkazib yuborayotganini oʻylab ham oʻtirmaydi.

Bu eʼtiqod masalasi, dersiz. Yaxshi. Boshqa holatni koʻrib chiqaylik. Jinoyatga qoʻl urmagan odam tasodifan qonunga xilof nimadir sodir etib qoʻysa, boshida juda qattiq kuyunadi. Vijdoni qiynaladi. Oʻz tevaragidagi muhit tufayli yana jinoyatga qoʻl ursa, bu safar kamroq aziyat chekadi. Jinoyatlar takrorlanaversa, bora-bora koʻnikib ham ketadi. Endi unday shaxsga jinoyat odatiy hol boʻlib qoladi.

Ota-ona, bogʻcha-maktab, keyingi bosqichdagi taʼlim muassasalari, ishlaydigan idorasi, qoʻyingki, jamiyat shaxsni ana shu birinchi toyishdan saqlab qolmasa, keyingisiga yoʻl qoʻyib bergan boʻladi. Pirovardida beparvolik muhiti jamiyatga jinoyatchini tayyorlab beradi.

Yoshlar hamma oʻlkalarda bir xil qolipda buzilyapti. Turli ijtimoiy tarmoqlar oʻspirinlar orasida terrorizm, ekstremizm kabi illatlar qatorida oʻz joniga qasd qilish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga bepisand qarash, ota-ona hurmatini poymol qilish, ilm-maʼrifatni mensimaslik kabi jaholat odatlarini paydo qilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda allaqanday “layk” uchun manfur ishlarga qoʻl urayotganlar, ehtimol, bemaʼni shoʻxliklarning kichkinagina doʻngligi ortida tubanlikning tubsiz jarligi borligini, undan qaytib chiqishning iloji yoʻqligini bilmas. Buni ota-ona, bogʻcha tarbiyachisi, maktab oʻqituvchisi, hamkasb ustozlar, qoʻni-qoʻshni, qoʻyingki, butun jamiyat bildirishi kerak.

Oʻzimiz dalaga xalq orasida “salomalaykum” deb ataladigan, bugun yulib tashlasa, ertasiga yana boʻy choʻzib turadigan oʻtni ekib, keyin undan bugʻdoy unib chiqmaganidan xafa boʻlishimiz yaramaydi. Avvalo, bugʻdoydan xirmon yaratish uchun bugʻdoy ekish kerak. Bu – boshlanishi. Ekkandan soʻng uni mehr bilan parvarishlash, vaqtida oʻgʻitini berish, sugʻorish, begona oʻtlardan tozalash talab qilinadi.

Qayerda xatoga yoʻl qoʻymoqdamiz? Dastlabki bosqichning oʻzida, yaʼni parvarishning boshidayoq yanglish yoʻl tutyapmiz. Hali hech narsani bilmaydigan chaqaloqni tugʻruqxonadan limuzinda olib kelamiz. Bogʻchaga boradigan yoshidayoq boshqa bolalarning oldida oʻksib qolmasin deb, amirkonu farang kiyim, huda-behuda noz-neʼmat olib beramiz. Maktabida oʻqituvchisi past baho qoʻysa yo dakki bersa, bolaning koʻnglini choʻktirmang, hozirdan uni ruhiy majruhga aylantirmang, deb murabbiy-ustoz bilan adi-badiga boramiz. Zoʻrroqlarimiz oʻqituvchini doʻpposlashdan ham toymaymiz (ommaviy axborot vositalarida shunday xabarlar, afsuski, uchrab turibdi). Ulgʻayganidan keyin molu jonimizni sotib boʻlsa ham institutga joylaymiz, domlasinikidan ham qimmatroq mashina olib beramiz. “Tagli-tugli” joydan odam topib, boshini ikkita qilib qoʻyamiz, “yogʻli” ishga joylashtiramiz. Dangʻillama qasr qurib beramiz…

Maqsadlarimiz shu bilan tugaydi. Maqsad belgilashda juda past ketganimizni sezmaymiz ham. Farzandimni odam qila oldimmi, degan savol endi bizni qiynamaydi. “Odam qilish”ning mezonlari yaxshiroq tosh bosmagani uchun koʻpchiligimiz unga oson erishyapmiz. Oʻzini komil sanagan odam esa olgʻa siljishdan toʻxtaydi. Biz komillikni juda mayda, past narsalar bilan belgilab qoʻymoqdamiz. Navoiyni ham, Forobiyni ham, Amir Temurni ham, Buxoriy, Ibn Sino, Beruniy, Xorazmiy, Fargʻoniy, Ulugʻbekni ham ota-ona dunyoga keltirib, parvarish qilgani xayolimizning bir chetidan oʻtmaydi. Qodiriy va Choʻlponni ham. Nyuton va Eynshteynni ham. Pushkin, Shekspir, Gyugoni ham.

Eskilarning “maqsadsiz qolgan odam oʻlik odamdir”, degan naqlini yo unutganmiz, yo undan bexabarmiz. Yana “farzandlaring sendan molu davlat emas, maslahat soʻraydigan boʻlgandagina orzu-umidlaring roʻyobga chiqadi”, “boqimandaga madad berish orqali uning boʻyningga chiqib, yaxshilab joylashib olishiga yordam koʻrsatgan boʻlasan”, degan oʻgitlar ham borligini faromush qilganmiz.

Tarixning “qora roʻyxati”da nom qoldirgan shaxslar koʻp. Masalan, qadim Yunonistondagi Efes shahridan chiqqan Gerostrat eramizdan avvalgi 356 yilda Artemida ibodatxonasiga oʻt qoʻygani bilan shuhrat qozongan va shu tariqa nomini tarixga muhrlagan. Aleksandr Sergeyevichning umriga nuqta qoʻyilishiga sababchi boʻlgan Dantes yoki Motsartning boshiga yetgan Salyeri tarixda qolishni oʻylamagan boʻlsa-da, har biri bittadan isteʼdod sohibining halokati tufayli “qora roʻyxat”ga kirgan.

Hozir shunday murakkab zamonda yashayapmizki, hayotning oʻzi turli fojealar vositasi bilan jamiyat beparvo va loqayd boʻlmasligi kerakligini koʻrsatib turibdi. Kishi oʻz nomini tarixda qoldirish uchun albatta Gerostrat, Dantes yo Salyeri boʻlishi shart emas. Muazzam Tarix “qora roʻyxat”dan tashqari zarhal siyohli yorqin roʻyxatga ham egaligidan kelib chiqib hayot kechirish kerak.

 Madina MASHRABXON

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …