Home / MAQOLALAR / Qurʼoni karimda shukronalik vasfi

Qurʼoni karimda shukronalik vasfi

Qurʼoni karimda Alloh taolo bizga nabiy va rasullarning ibratli hayotlari va oʻrnakli qissalarini oʻrgatgan.

Paygʻambaplar (alayhimussalom) Allohning bandalar orasidan tanlab olgan va vahiy orqali ularga Oʻz taʼlimotini yuborib, ummatlarga yetkazishni topshirgan insonlar ekanligini yaxshi bilamiz. Shu bilan birga, har bir nabiy va rasulning hayoti, bosib oʻtgan yoʻli, qilgan ishlari hamma uchun ibrat va oʻrnak ekanini ham teran idrok etamiz.

Shuning uchun barcha xalqlar qadimdan paygʻambarlar hayotini oʻrganishga alohida eʼtibor berib kelgan.

Shukr insonning Robbidan roziligi boʻlib, ibodat sanaladi. Shukr bilan banda Alloh neʼmatlari qadriga yetishini namoyon etadi.

Alloh taolo shukr keltirish odobini oʻrgatishda bizga namuna qilib nabiy va rasullar qissalarini bayon qilgan. U zotlarning shukrlari eng mukammal ekaniga shubha yoʻq. Zero, ular Alloh taoloning tanlangan bandalaridir. Dunyo yaralganidan buyon shukr aytuvchilarning eng afzallari degan maqomga Allohning boshqa bandalari nabiylar kabi muyassar boʻlmagan. Shu maʼnoda, Haq taolo elchilarining, xususan Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Alloh taologa shukronasi eng katta meros va bu boradagi odoblar xazinasidir.

Barcha paygʻambarlar ham Allohning eng koʻp shukr qiluvchi bandalari boʻlgan. Bunga shukr haqidagi oyatlarni ichiga olgan qurʼoniy dalillardan koʻplab keltirish mumkin.

Xususan, Qurʼoni karimda Nuh, Ibrohim, Lut, Muso, Dovud, Sulaymon paygʻambarlarning shukri haqida alohida oyatlar kelgan. Shu bilan birga, shukronalik xulqi bir-biridan goʻzal ilohiy uslublar bilan zikr qilib oʻtilgan. Gohida shukrga buyurilgan boʻlsa, baʼzida shukr qilganga maqtov aytilgan, boshqa oʻrinlarda shukr Alloh taologa iltijo qilib, Undan madad soʻrash yoʻsinida ifoda etilgan. Bular shukrning va shokirning maqomi buyuk ekaniga dalolat beradi.

Qurʼoni karim Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ham Robbiga shukrini hikoya qiladi. Bu haqdagi oyatlar Musʼhafi sharifning bir necha oʻrnida kelgan.

Balki faqat Allohgagina ibodat qilgin va shukr qiluvchilardan boʻling!” (Zumar surasi, 66-oyat). Bu Alloh taolodan shukr qiluvchilarning sayyidi Muhammad sollallohu alayhi vasallamga xitobdir. Yaratgan u zotga Allohning Oʻzigagina ibodat qilishni buyurmoqda. Shuningdek, bandalik vazifasini Robbiga shukr qilgan tarzda ado etmoqni amr qilmoqda.

Keyingisi Alloh taoloning Nabiy sollallohu alayhi vasallamga amr etgan ushbu soʻzida kelgan: “Robbingizning (Sizga ato etgan) neʼmati haqida esa (odamlarga) soʻzlang!” (Zuho surasi, 11-oyat).

Ushbu oyati karimada bandalikni qalban his qilish va shukrning lozimligiga aniq ishora kelmoqda. Demak, Allohga shukr qilgan kishi U zotga ibodat qilgan boʻladi. Shukr qilmagan esa ibodat ahlidan boʻlmaydi. Buning tasdigʻi Xudoi taoloning: “Allohgagina ibodat qiluvchi boʻlsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yeb, Unga shukr qilingiz!” degan soʻzidir.

Shuningdek, Alloh taoloning Badr jangidan keyin moʻmin bandalaridan mamnun boʻlib “Badr (jangi)da (harbiy) kuchingiz oz boʻlsa-da, Alloh sizlarni gʻolib qildi-ku! Bas, Allohdan qoʻrqib, zora shukr qilsangiz”, deb aytgan soʻzidir.

Bu oyatning oʻxshashi Haq taoloning “Yana, sizlar yerda (Makkada) ozchilik va zaiflashgan holingizda, odamlar (mushriklar) sizlarni talon-taroj qilib ketishlaridan qoʻrqib turganingizda, (Alloh) sizlarga (Madinadan) joy berib, yordami bilan sizlarni quvvatlagani va shukr qilarsiz, deb pok narsa (oʻlja)lar bilan rizqlantirganini eslangiz!” (Anfol surasi, 26-oyat) degan soʻzidir.

Darhaqiqat, Nabiyimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam shukr qiluvchilarning imomi edilar. Chunki, u zot odamlarning oʻta taqvolisi va Xoliq Allohning haqqini biluvchiroq boʻlganlar. Pok amallari bilan Alloh subhonahu va taologa shukrini ifodalagan boʻlsalar, feʼllari bilan shukrning ziynatini kiyganlar. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam kechasi qoim boʻlib, koʻp namoz oʻqiganlaridan oyoqlari shishib ketar edi. Shunda men u zotga: “Ey Allohning Rasuli, nega bunday qilib oʻzingizni qiynaysiz. Axir Alloh sizni avvalgi-yu oxirgi gunohlaringizni kechirgan-ku?” deb aytdim. U zot: “Allohga shukr qilguvchi boʻlmayinmi?” dedilar” (Buxoriy va Muslim rivoyati). Nabiy sollallohu alayhi vasallam Allohga shukrni komil suratda ado qilishlariga qaramasdan, doimo neʼmatiga shukr qiluvchi boʻlishni Allohdan soʻrar edilar.

Shukr qiluvchi hech qachon kam boʻlmaydi. Shukr bilan inson dunyo va oxiratdagi mevalardan bahramand boʻladi. Neʼmatlarni zavoldan saqlaydi. Shokirlar uchun Haq taolo ham neʼmatlarini ziyoda qiladi. Shukronalik hayoti odamni dunyoda baxtli qiladi.

Shukr madaniyatining asosiy tarbiyaviy vositalaridan biri oiladir. Farzandlarga insof, rahmdillik, kamtarlik, shukr, sabr kabi insoniy fazilatlardan taʼlim berilsa, bu ularga eng katta va eng foydali yordam boʻladi.

Inson bu dunyoda Alloh taolo tomonidan turli xil surur va kenglik, shuningdek, dard va gʻam-tashvishlar bilan sinaladi. Shuning uchun ham gʻam va shodlik inson bilan doimo birga, vaqt oʻtib, bir-biri bilan joy almashadi. Shokirlik esa shundan iboratki, inson shodligiga shukr, dardiga esa sabr qilishi lozim.

Bizni shunday Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallamdek Rasuliga paygʻambarga ummat qilgani uchun parvardigorimizga shukronalar aytib, barcha paygʻambarlarning shukr odobi va boshqa xulq-atvoriga ergashtirishini soʻrab qolamiz.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …