Home / YANGILIKLAR / Oʻzbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasida ilgari surgan tashabbuslari izchil amalga oshmoqda

Oʻzbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasida ilgari surgan tashabbuslari izchil amalga oshmoqda

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston oʻz tashqi siyosatida bir qancha dolzarb va global masalalarda muhim tashabbuslarni ilgari surib, ularni roʻyobga chiqarishda oʻziga xos model yaratdi. Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyalaridagi ishtiroki va ularda bildirilgan taklif va tashabbuslarning amalga oshayotgani keng jamoatchilik, xalqaro ekspertlar hamda nufuzli “aql markazlari” tomonidan eʼtirof etilmoqda.

Darhaqiqat, oxirgi yillarda Oʻzbekistonning BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari faoliyatidagi oʻrni izchillik surʼatini kasb etdi. Davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasining 72 va 75-sessiyalaridagi ishtiroki oʻzaro munosabatlarni rivojlantirishda tarixiy bosqich boʻldi.

Mamlakatimiz yetakchisi xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, barqaror rivojlanish, epidemiya va pandemiyalarga qarshi birgalikda kurashish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ekologik ofatlarni yumshatish va boshqa sohalar boʻyicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Mazkur taklif va tashabbuslarning BMTga aʼzo davlatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanishini taʼminlash, ularning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish borasida Tashqi ishlar vazirligi, chet eldagi diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlardagi vakillar faol saʼy-harakatlarni amalga oshiryapti.

Koʻpchilik diqqat-eʼtiborini bir masalaga qaratish oson ish emas. Har bir yoʻnalish boʻyicha davlatlarning oʻz nuqtai nazari va manfaati boʻladi. Lekin ana shunday pallalarda oʻzbekistonlik diplomatlar boshqa mamlakatlar vakillari bilan muloqot qilib, ularga davlatimiz taklif etayotgan tashabbuslarning ahamiyati boʻyicha tushuntirish ishlarini olib boradi. Shunday izchil saʼy-harakatlar natijasida bugungi kunda Prezidentimiz tashabbuslarini roʻyobga chiqarish boʻyicha koʻplab maslahatlashuvlar, muzokaralar olib borilmoqda.

Bu kabi uchrashuvlar nafaqat BMTning Nyu-Yorkdagi yoki Jenevadagi vakolatxonalarida, balki dunyoning rivojlangan mamlakatlari poytaxtlarida ham izchil davom ettirilmoqda.

Natijada oʻzaro hamkorlik kun tartibi sezilarli darajada kengaytirildi, yuqori da-rajadagi muntazam muloqot yoʻlga qoʻyildi, Oʻzbekistonning global tashabbuslarini roʻyobga chiqarish boʻyicha tizimli ishlar davom ettirilmoqda.

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2016 yildan buyon Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyotni taʼminlash, mintaqada turizmni rivojlantirish, maʼrifiy va diniy bagʻrikenglik toʻgʻrisida Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan uchta rezolyutsiyaning qabul qilinishi mamlakatimiz saʼy-harakatlarining xalqaro miqyosdagi eʼtirofi boʻldi.

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda asosiy geografik oʻrinni egallaydi va mintaqadagi har bir jarayonning muvaffaqiyatli rivojida mamlakatimizning ishtiroki beqiyosdir. Shunga mos ravishda BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasi 2018 yil 22 iyun kuni qabul qilindi.

Mazkur rezolyutsiya Prezidentimizning Markaziy Osiyoda oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish, doʻstona qoʻshnichilik aloqalarini mustahkamlash boʻyicha olib borayotgan oqilona va izchil tashqi siyosatining jahon hamjamiyati tarafidan keng qoʻllab-quvvatlanishining yaqqol ifodasidir.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan yana bir muhim tashabbusi asosida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik haqida”gi rezolyutsiyani BMT Bosh Assambleyasi 2018 yil 12 dekabr kuni tasdiqladi. Ushbu rezolyutsiyaning qabul qilinishi Prezidentimizning diniy ekstremizm va radikalizmga qarshi kurash borasida ilgari surgan “Jaholatga qarshi maʼrifat” tamoyilining amaliy ifodasi va bu boradagi Oʻzbekiston saʼy-harakatlarining dunyo miqyosida keng qoʻllab-quvvatlanishi demakdir.

Shuningdek, 2019 yilning 19 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasi yalpi majlisida Oʻzbekiston tashabbusi bilan “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish” maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi. Eʼtiborlisi, mazkur hujjat BMTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi.

Maʼlumki, mazkur rezolyutsiyani qabul qilish tashabbusini ilk bor Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yil aprel oyida Pekinda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan “Bir makon, bir yoʻl” xalqaro forumi doirasidagi uchrashuvda ilgari surgan edi.

Shunisi diqqatga sazovorki, koʻrsatib oʻtilgan rezolyutsiyalar nafaqat Oʻzbekiston yoki Markaziy Osiyo mamlakatlari, balki koʻp sonli BMTga aʼzo hamkor davlatlar ishtirokida ishlab chiqildi va qabul qilindi. Jumladan, ularning qabul qilinishida dunyoning 50 dan ortiq mamlakati hammuallif sifatida ishtirok etdi.

Shu kunlarda BMT Bosh Assambleyasining Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish boʻyicha BMTga aʼzo davlatlar bilan faol muzokaralar olib borilmoqda. Mazkur tadbirlarda Tashqi ishlar vazirligi va elchixonalarimiz tomonidan 200 ga yaqin uchrashuv hamda muloqot oʻtkazilgani alohida eʼtiborga molik. Mazkur jarayon natijasi boʻyicha keng jamoatchilik, albatta, xabardor qilinadi.

Chindan ham, mamlakatimiz saʼy-harakatlarining BMT tomonidan har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishi Prezidentimiz ilgari surayotgan tashabbuslarning dunyo miqyosida oʻz dolzarbligi va muhimligi jihatidan beqiyos ahamiyatga egaligining yorqin dalolatidir.

“Dunyo” AA
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 18 may, № 99 (355)

Check Also

Seminar munozaralar maydoniga aylandi

Bugun, 2 may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat …