Home / YANGILIKLAR / XAYRU SAXOVAT VA MURUVVAT AYYOMI

XAYRU SAXOVAT VA MURUVVAT AYYOMI

Bir oy mobaynida qalbimizga mehr-oqibat, xayru saxovat, sabr-qanoat urugʻini ekkan Ramazon oyi ham yakunlanib, muborak Iyd ul-fitr — Ramazon hayiti yurtimizda keng nishonlandi.

Azal-azaldan Ramazon hayiti mehr-muruvvat, xursandchilik, chin insoniylik ayyomi sifatida yuksak qadrlangan. Bu kunda moʻmin-musulmonlar bir oy davomida sabr ila tutgan roʻzalari tamomiga yetgani uchun bayram qiladi.

Aslida, musulmon ummati tarixida Ramazon oyi nafaqat ochlik va tashnalikka bardoshli boʻlish, balki oʻzida eng ulugʻ insoniy fazilatlarni odat qildirish, tilni hamda dilni ezgulikka oʻrgatish mavsumi sifatida ham alohida eʼtirof etilgan.

Shukrki, muborak oyda yurtdoshlarimizda bu jihatlar yaqqol boʻy koʻrsatdi, desak, xato emas. Pandemiya bilan bogʻliq murakkab sharoit boʻlishiga qaramay, mamlakatimizda amalga oshirilgan yuksak darajadagi tashkiliy ishlar, qolaversa, xalqimizning qonunlarga itoat, azaliy qadriyatlarimizga sadoqat namoyon etishi natijasida bir ming besh yuzga yaqin masjidlarimizda xatmi Qurʼonlar qilindi, ikki mingdan ziyodida esa taroveh namozlari oʻqildi. El-yurtimiz osoyishtaligi, xalqimiz farovonligi, taraqqiyoti uchun duolar qilindi. Vaholanki, koʻplab mamlakatlarda taroveh ibodatini masjidlarda jamoat boʻlib oʻqish imkoniyati boʻlmaganiga koʻpchiligimiz guvoh boʻldik.

Ramazon hayiti kunlari tinchlik-xotirjamlik, hamjihatlikning ahamiyati yana bir bor namoyon boʻldi. Mamlakatimizning barcha hududida hayit namozlari ado etilgach, yurtdoshlarimiz erta tongdan xayrli amallarga kirishib ketishdi. Ramazon oyi davomida olib borilgan ezgu ishlarni davom ettirib, beva-bechoralarga yordam berildi, muhtojlarga muruvvat qilindi, sadaqai fitr, yaʼni hayit saxovati amalga oshirildi. Kasallar borib koʻrildi, ota-ona, yaqinlar holidan xabar olindi.

Qayd etish kerakki, bu kabi ezgu ishlar mamlakatimizda inson qadrini tiklash, qaddini koʻtarish borasida olib borilayotgan tizimli chora-tadbirlarga gʻoyat hamohangdir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Ramazon hayiti munosabati bilan Oʻzbekistan xalqiga yoʻllagan tabrigida ham ayni shu jihatga eʼtibor qaratilib, bugungi kunda keng koʻlamli islohot va tub oʻzgarishlar natijasida yangilanib borayotgan yurtimizda xalq bilan muloqot, inson huquq hamda manfaatlarini, jumladan, vijdon erkinligini taʼminlash davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani taʼkidlandi.

Bu yilgi Ramazon hayiti butun dunyo ahli uchun oson boʻlmagan sinovli bir davrda nishonlandi. Chunki bir yildan ziyod vaqtdan beri davom etayotgan pandemiya bilan bogʻliq murakkab vaziyat insonlarni millati, eʼtiqodidan qatʼi nazar, birdamlikka, oʻzaro koʻmak, xayru saxovatga yanada koʻproq undamoqda, desak, ayni haqiqatdir.

Tabrikda qayd etilganidek, dunyo miqyosida raqobat tobora keskin va shafqatsiz tus olayotgani, barqarorlikka nisbatan tahdidlar tobora kuchayib borayotgani bizni doimo hushyor hamda ogoh boʻlib yashashga, farzandlarimizni jismoniy va maʼnaviy barkamol etib tarbiyalashdek gʻoyat masʼuliyatli ishga har qachongidan ham ustuvor ahamiyat berishga daʼvat etmoqda.

Buni barchamiz chuqur anglashimiz, ogohlik va navqiron avlod kamolotiga masʼullikni faoliyatimizda asosiy tamoyilga aylantirishim shart.

Bugungi osuda hayotimizning qadriga yetish, jamiyatimizda hukm surayotgan turli millatlar va elatlar, diniy konfessiyalar oʻrtasidagi bagʻrikenglik, fuqarolar orasidagi oʻzaro hurmat, mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlashga hissa qoʻshish barchamizning asosiy burchimizdir.

Davronbek MAQSUDOV,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori.
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi
2021 yil 15 may, № 102 (7882)

Check Also

Yangi loyiha boshlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) …