Home / MAQOLALAR / RAMAZON EZGU AMALLAR OYI

RAMAZON EZGU AMALLAR OYI

Ramazon roʻzasini  farz qilib, ushbu oyni barakotli qilgan va ibodat ila ezgu amallarni bajarishga buyurgan Alloh taologa hamdlar boʻlsinki, hozirgi qutlugʻ kunlarimiz butun musulmonlar jamoasiga shodlik va faroh ulashib turibdi.

Barcha musulmonlar yil boʻyi ushbu muborak oyni intiqlik bilan kutib, uning barakotidan nasibador boʻlishga intiladi.

Alloh taolo Qurʼoni karimda “Ey iymon keltirganlar, sizdan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham roʻza farz qilindi, shoyadki, taqvo qilsangiz”[1], deb marhamat qiladi. Oyatda musulmon kishi roʻza tutishi farz ekanligi bilan birga “shoyadki, taqvo qilsangiz” deb taʼkidlanayapti. Bundan ushbu oyda taqvoga berilib, faqat ezgu va xayrli ishlarga qoʻl urish asosiy vazifalardan ekani kelib chiqadi. Shu tufayli har bir musulmon kishi taqvo bilan Alloh buyurgan Ramazon roʻzasini tutishi va solih amallarni koʻpaytirishi lozim ekan.

Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh taboraka va taolo sizlarga Ramazon roʻzasini farz qildi. Men esa sizlarga uning qiyomini sunnat qildim. Kim iymon-la, savob umidida uning roʻzasini tutsa va (kechalarini) bedor oʻtkazsa, gunohlaridan onasidan yangi tugʻilgandek boʻlib chiqur”, dedilar. Yaʼni, bu oyda musulmon kishi savob umidida roʻza tutib, ibodat va xayrli amallarga har qachongidan ham koʻproq saʼy-harakat qilsa, goʻyoki yangi tugʻilgan chaqaloqdek poklanib, barcha gunohlari kechirilarkan. Shu bois musulmon bu oyda roʻza tutish bilan birga, ibodatga, taqvoga, xayr-saxovatga jiddu-jahd bilan kirishadi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam yaxshilik qilishda odamlarning eng saxiysi edilar. U zotning eng saxiy paytlari esa Ramazonda huzurlariga Jabroil kelganda boʻlar edi. Jabroil alayhissalom Ramazon tamom boʻlgunicha har kecha u zotning huzurlariga kelar edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga Qurʼonni oʻqib berar edilar”.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshqa paytlar ham xayr-saxovat va ezgu ishlarda namuna boʻlganlar. Ammo Ramazon oyida har doimgidan ham saxovatliroq boʻlib ketar ekanlar. Bu oyda xayr-saxovatli, karamli boʻlish Paygʻambarimizdan sunnat boʻlib qolgandir.

Boshqa bir hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim roʻzadorni iftor qildirsa, unga uning ajricha ajr boʻlur. Shu bilan birga, roʻzadorning ajridan hech bir narsa kam boʻlmas”, dedilar.

Ramazon oyida musulmon inson har qachongidan ham saxovatliroq boʻlib, muhtojlarga yordam bersa, qarindoshlarga silai rahm qilsa, bemorlarning holidan xabar olsa, jamiyatning, el-yurtning manfaatlariga xizmat qiladigan ishlarni amalga oshirsa, roʻzadorlarni taomlantirsa, albatta, katta savoblarga ega boʻladi.

Hadisi qudsiyda Alloh taolo: “Odam bolasining hamma amali oʻzi uchun, faqat roʻza men uchundir va uning mukofotini Men ‒ Oʻzim berurman”, deb aytadi.

Musulmon kishi ushbu muborak oyda roʻza tutish barobarida savob amallarni ham koʻpaytirsa, Alloh taolo uning mukofotini Oʻzi xohlagan miqdorda ziyoda qilib berar ekan. Shu sababli imonli inson ushbu mehr-shafqat va taqvo oyida xayrli ishlarni koʻplab amalga oshirib, vaʼda qilingan mukofotlarga ega boʻlishga intiladi. Bu oyda musulmon kishi yana ham bagʻrikeng boʻlib, muhtojlar holidan xabar olib, xayr-saxovatni, sadaqa-ehsonni koʻpaytirsa, albatta, katta ajru hasanot va martabalarga ega boʻladi.

Ramazonda qilingan har bir yaxshi ish boshqa oylardagidan ustun turadi. Ezgu va xayrli amallar orasida moliyaviy ibodatlardan hisoblangan sadaqa va ehson alohida ahamiyat kasb etadi. Uning barcha koʻrinishlari gunohlar oʻchirilishiga sabab boʻladi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:“Suv olovni oʻchirganidek, sadaqa gunohlarni oʻchiradi”, deganlar.

Abu Kabsha Anmoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Uch narsaga qasam ichaman: Bandaning moli sadaqa ila nuqsonga uchramas. Banda bir zulmga uchrasa-yu, unga sabr qilsa, albatta, Alloh uning izzatini ziyoda qilur. Banda tilanchilik eshigini ochsa, albatta, Alloh unga faqirlik eshigini ochar”, dedilar.

Tangri taoloning bandalariga marhamatini koʻringki, xayr-ehson, muhtojlarga yordam berish bilan kishining molu-mulki kamayib qolmas ekan va bu amal uning gunohlarini suv olovni oʻchirganidek oʻchirar ekan.

Hozir dunyo boshiga balo boʻlib turgan koronavirus pandemiyasi  davrida ilm-maʼrifatni boyitish, yordamga muhtoj insonlarga xayru ehson qilish, qavmu qarindosh, bemor va yetimlar holidan xabar olish kabi ezgu va xayrli ishlarni koʻpaytirish orqali ushbu muborak oyning ziynat va fazilatidan yanada ziyoda bahra olishga shoshilaylik.

[1] Baqara surasi, 183–184-oyatlar.
Ravshan Elmurodov,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

DINIY EKSTREMIZM VA SOF ISLOM

Din – arabcha soʻz boʻlib, “eʼtiqodga ehtiyojli har bir insonning talabini qondirishni oʻzida mujassam etuvchi” …