Home / YANGILIKLAR / BUYUK AJDODLARGA MUNOSIBLIK MASʼULIYATI

BUYUK AJDODLARGA MUNOSIBLIK MASʼULIYATI

Davlatimiz rahbari 2019 yili Samarqand viloyatiga tashrifi chogʻida Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini kengaytirish zarurligi haqida gapirib, oʻz tavsiya va takliflarini berganida, koʻnglimiz osmon qadar shod boʻlgan edi.

Mana, oradan ikki yil oʻtib ushbu ziyoratgohda qurilish ishlari boshlandi. Shunday savobli, ulugʻ ishga muborak Ramazon oyida kirishilganida, menimcha, alohida hikmat bor. Zero, islom tarixida koʻplab eng ulugʻ voqealar aynan Ramazon oyida sodir boʻlgan.

Buyuk bobokalonimiz qoʻnim topgan qadamjoda Prezidentimiz nuroniy va ziyolilar bilan uchrashib, dildan suhbatlashdi.

— Bu joy Imom Buxoriy bobomizning ilmi va islom olamidagi maqomiga munosib boʻlishi kerak. Mamlakatimizda ziyorat turizmining asosi aslida shu yerdir, — dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

— Shunga muvofiq majmuaning yangi loyihasi ishlab chiqildi, bir necha bor muhokama qildik. Lekin yana bir bor koʻpni koʻrgan nuroniy oqsoqollar bilan uchrashib, fikrlashsak, maqsadga muvofiq boʻlar edi.

Davlatimiz rahbari Ramazon oyi — ezgu niyatlar ijobat boʻladigan muqaddas oy ekani, qurilish ayni shu oyda boshlanayotgani xayrli, xosiyatli boʻlishini taʼkidladi. Imom Buxoriy majmuasining obod qilinishi Prezidentimiz amalga oshirayotgan xayrli bunyodkorlik ishlarining birinchisi ham, komil ishonch bilan ayta olamanki, oxirgisi ham emas. Buni xalqaro eʼtiroflardan ham anglashimiz mumkin.

Ulardan koʻzlangan bosh maqsad haqida davlatimiz rahbarining oʻzi bunday dedi: “Bu sohada qilayotgan ishlarimizdan maqsad — islomga eʼtiqodimizni, alloma bobolarimizga hurmatimizni ilm bilan bildirish. Ajdodlarimizga munosib boʻlish biz uchun juda katta burch”.

Biz kabi mehnat faxriylari uchun yurt tinchligi, oilalar toʻkisligi kerak. Har bir yoshning ish bilan band boʻlishi, keksalarning yurt, farzandlari haqiga duo qilishi muhim. Majmuada shunday keng koʻlamli ishlarning amalga oshirilishi natijasida yangi ish oʻrinlari yaratiladi, koʻplab yoshlarning hayoti yaxshilanib, turmush tarzi yuksaladi.

Eng muhimi, oʻtmish ajdodlarimiz ruhi shod etilib, ularga munosib ekanimiz namoyon boʻladi.

Ibodulla UMIROV,
mehnat faxriysi
Payariq tumani
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 24 aprel, №82 (338)

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …