Home / YANGILIKLAR / EKSTRЕMIZM VA TЕRRORIZMGA QARSHI MAʼRIFIY YOʻL BILAN KURASHISH USULINI EKSPЕRTLAR YUQORI BAHOLAMOQDA

EKSTRЕMIZM VA TЕRRORIZMGA QARSHI MAʼRIFIY YOʻL BILAN KURASHISH USULINI EKSPЕRTLAR YUQORI BAHOLAMOQDA

TINCHLIK — buyuk neʼmat, inson hayotining birlamchi sharti hisoblanadi. Osuda hayot, yaratuvchanlik, farovonlik, umuman, barcha ezgu maqsadlarimizning roʻyobi, eng avvalo, shu neʼmatga bogʻliq. Shuning uchun ham, qadimdan barcha xalqlar tinchlikni asrash uchun moli-yu joni bilan kurashib kelgan. Ammo voqelik tinchlik koʻplab mamlakatlar uchun hali-hanuz orzu boʻlib qolayotganini koʻrsatmoqda. Hozirda mamlakatlar tinchligiga rahna soluvchi omillar turlicha, davlatlar oʻrtasidagi nizoli vaziyatlar, fuqarolik urushlari, milliy va etnik nizolar, tabiiy ofatlar… Lekin bu omillarning ichida bugungi kunda eng xatarlisi, har qanday davlat tinchligi, osoyishtaligi uchun jiddiy xavf solishga qodir boʻlgani ekstremizm va terrorizm ekanini har bir sogʻlom fikrli inson tan olmoqda.

Terror xavfi hozirgi zamonda eng xavfli hamda oqibatlarini bashorat qilish qiyin boʻlgan hodisaga aylanib ulgurdi. Terrorchilik aktlari begunoh insonlarning bevaqt hayotdan koʻz yumishi, jamiyat farovonligiga xizmat qiluvchi moddiy va maʼnaviy boyliklarning yoʻq qilinishi, kishilarning tinch-osuda kundalik hayot tarzi barbod boʻlishiga sabab boʻlmoqda. Ayniqsa, bugungi tahlikali va murakkab zamonda dunyo boʻylab yuz berayotgan keskin vaziyatlar, oʻzaro ziddiyatlar, millatlar va dinlar oʻrtasida turli mojarolarga sabab boʻlishi bilan birga dunyoda oʻrnatilgan mavjud tartibotlarni ham iz­dan chiqarmoqda.

BMTning terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurashga qaratilgan 11 ta Konvensiya, 2 ta protokoli mavjud boʻlib, Oʻzbekiston ularning aksariyatini ratifika­siya qilgan.

BMTning Xavfsizlik kengashi Aksilterror qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekistonning soʻnggi yillarda terrorizmga qarshi kurashdagi xalqaro hamkorligi yuksak baholandi.

Bu jarayon mamlakatimizning mintaqaviy tashkilotlardagi faoliyatida ham yorqin namoyon boʻlmoqda. Jumladan, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Yevroosiyo iqtisodiy hamkorligi tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti kabi bir qator mintaqaviy tashkilotlar doirasida qabul qilingan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashga qaratilgan shartnomalarni bajarishda faol qatnashib kelmoqda. SHHT doirasidagi Aksilterror markazining Toshkent shahrida joylashtirilishi ham respublikamiz ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashdagi faolligining eʼtirofi sanaladi. Respublikamiz AQSH, Rossiya, Xitoy, arab-musulmon davlatlari va Markaziy Osiyo respublikalari kabi qator mamlakatlar bilan bu yoʻnalishda samarali hamkorlik qilib kelmoqda.

Respublikamizda soʻnggi yillarda ekstremizm va terrorizmga qarshi maʼrifiy yoʻl bilan kurash olib borishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu jarayon koʻplab davlatlar va xalqaro tashkilotlar hamda mustaqil ekspertlar tomonidan yuqori baholanmoqda. Aholining huquqiy savodxonligini oshirish, ekstremistik oqimlar safiga adashib kirib qolgan, qilgan ishidan chin dildan pushaymon boʻlganlarga nisabatan kechirimlilik siyosatini olib borish, yoshlarni turli buzgʻunchi oqimlar taʼsiridan asrash boʻyicha targʻibot ishlarini olib borish dolzarb vazifalardan biri etib belgilangan.

Internet orqali targʻib qilinayotgan gʻoyaviy va axborot xurujlaridan himoya qilish boʻyicha tadbirlar koʻlamini yanada kengaytirish, kompleks ilmiy tadqiqotlar va kitoblar tayyorlash, nashr etish, bagʻrikenglik gʻoyasi va tinchlikni mustahkamlash masalasini ilgari surish orqali Islom dinining asl mazmun-mohiyati yuzasidan seminarlar va konferensiyalar tashkil etish, ushbu yoʻnalishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini yanada oshirish maqsadga muvofiq, deb oʻylayman. Shundagina yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va bagʻrikenglik muhitini asrash, uni kelajak avlodlarga ham yetkazish imkoniga ega boʻlamiz.

Davron MAXSUDOV,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori
Manba: “Inson va qonun” gazetasi
2021 yil 20 aprel, №16 (1272)

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …