Home / YANGILIKLAR / Ziyoratgohning yangi majmuasi qurilishi boshlandi

Ziyoratgohning yangi majmuasi qurilishi boshlandi

Davlatimiz rahbari 2019-yili Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini kengaytirish zarurligini ta’kidlagan edi.

– Bu joy Imom Buxoriy bobomizning ilmiga, islom olamidagi maqomiga munosib bo‘lishi kerak. Mamlakatimizda ziyorat turizmining asosi aslida shu yer. Bu maskanga qancha ziyoratchilar kelsayam, qulay sharoit bo‘lishi zarur, – degan edi Shavkat Mirziyoyev o‘shandi.

Shunga muvofiq, majmuaning yangi loyihasi ishlab chiqildi. Prezident huzurida bir necha bor taqdimot qilinib, takomillashtirildi. Jahon tajribasi ham o‘rganildi.

2021-yil muborak Ramazon kunlarida ushbu ziyoratgohning qurilishi boshlandi. Shu munosabat bilan bu yerda nuroniylar va ziyolilar bilan uchrashuv bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev mo‘min-musulmonlarni, butun xalqimizni muborak Ramazon oyi bilan muborakbod etdi.

– Ramazon oyi – ezgu niyatlar ijobat bo‘ladigan muqaddas oy. Bu qurilishni shu oyda boshlayotganimiz ham xayrli, xosiyatli bo‘ladi, qalbimizga taskin beradi. Bu sohada qilayotgan ishlarimizdan maqsad – islomga e’tiqodimizni, alloma bobolarimizga hurmatimizni ilm bilan bildirish. Ajdodlarimizga munosib bo‘lish biz uchun juda katta burch, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 O‘tgan yili pandemiya tufayli Ramazon oyida diniy amallarni uyda bajarishga to‘g‘ri kelgani yodga olindi. Bu yil esa masjidlarimiz ochiq, mo‘min-musulmonlar karantin qoidalariga qat’iy amal qilib, ibodatlarini ado etmoqda. Keksalar, nogiron va yordamga muhtoj insonlar, kam ta’minlagan oilalarga beg‘araz ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Ayniqsa, butun dunyo og‘ir inqirozni boshidan kechirayotgan hozirgi murakkab vaziyatda bu juda muhimligi ta’kidlandi.

– Muqaddas dinimiz bizni insonparvarlikni, tinchlik va osoyishtalikni qadrlab yashashga, mehr-oqibatli bo‘lishga da’vat etadi. Mana shunday tushuncha va qarash bilan har bir oila va mahallada, butun jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga erisha olamiz. Takror aytaman, tinchlik va sog‘lik bo‘lsa, qolgan hamma narsa bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ish o‘rinlarini ko‘paytirib, aholi farovonligini oshirish, turmush sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida so‘z yuritildi.

– To‘rt yillik izlanish, yangilanish va sinovlardan o‘tib, katta tajriba orttirdik. Xalqimizni hayotdan rozi qilishga qaratilgan ishlarimiz bundan keyin ham izchil davom ettiriladi. Ramazon oyining olijanob g‘oyalari, muqaddas amallari ham ana shunday ezgu maqsadlarimizni ro‘yobga chiqarishda mustahkam zamin bo‘ladi, – dedi Prezident.

Qur’on oyatlaridan o‘qilib, duo qilindi.

Davlatimiz rahbari majmuada amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.

Bu yerda katta masjid, to‘rtta simmetrik minora, baland ayvonlar, yo‘ldan kirib kelishda xiyobon bo‘ladi. Ko‘p sonli ziyoratchilarga zamonaviy qulayliklar yaratish uchun 7 ta mehmonxona, 3 ta avtotururgoh va avtobekat, supermarket, bozorcha barpo etiladi. Shuningdek, oshxonalar, hunarmandchilik buyumlari rastasi, hammom, tahoratxona, kushxona qurilishi belgilangan.

Ma’lumki, Prezident tashabbusi bilan 2019-yilda bu yerda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Hadis ilmi maktabi ham tashkil etilgan edi. Qurilajak yangi majmua ular bilan mutanosiblikda ulkan maskan hosil qiladi. Endi bu yerda ziyoratchilar uchun hamma sharoitlar bo‘ladi.

Manba: president.uz

Check Also

“ZARAFSHON VOHASIDA TASAVVUF TAʼLIMOTI TARIXI: NAQSHBANDIYA, YASSAVIYA, KUBROVIYA (XV-XIX ASRLAR)”

DIQQAT, E’LON! ✅ Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari …