Home / YANGILIKLAR / Imom Moturidiyning dunyo falsafasi rivojiga qoʻshgan hissasi

Imom Moturidiyning dunyo falsafasi rivojiga qoʻshgan hissasi

Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi koʻmagida yurtimizda diniy-maʼrifiy yoʻnalishda faoliyat koʻrsatayotgan tashkilot va muassasalarning olim va talabalari ishtirokida “Imom Moturidiyning dunyo falsafasi rivojiga qoʻshgan hissasi” mavzuida xalqaro onlayn-seminar tashkil etildi.

Unda Buyuk Britaniyadagi Imom Moturidiy instituti va Ibn Sino kolleji direktori lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan asli oʻzbekistonlik moturidiyshunos olim Otabek Shukurovning ana shu mavzudagi maʼruzasi tinglandi.

Onlayn seminarni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov olib bordi.

Seminar davomida Otabek Shukurov Imom Abu Mansur Moturidiy ilmiy merosini oʻrganish boʻyicha uzoq yillar davomida olib borgan tadqiqotlari bilan oʻrtoqlashdi.

Ochiq va samimiy muloqot tarzida oʻtgan tadbirda olim dunyo kutubxonalarida saqlanayotgan moturidiya taʼlimotiga oid qoʻlyozmalarni jamlash va tadqiq etish, uning koʻpchilikka hali maʼlum boʻlmagan jihatlarini yaqin hamkorlikda oʻrganish lozimligi haqida soʻz yuritdi.

– Imom Moturidiy oʻz asarlarini yozish davomida axloq masalalariga alohida eʼtibor qaratgan, uning “Taʼvilot al-Qurʼon” asari tafsir ilmi rivojida beqiyos ahamiyatga ega, uning “Tavhid” asari esa aqidaviy muammolarni hal etishda qomusiy qoʻllanma boʻlgan, – dedi Otabek Shukurov.

Olimning taʼkidlashicha, bugungi globallashuv davrida alloma qalamiga mansub asarlar yoki ahli sunna val jamoa aqidasiga tegishli boshqa manbalardan xalqimizni, xususan, yoshlarni yaxshiroq xabardor qilish lozim. Bu borada tadqiqot va targʻibot ishlarini kuchaytirish zaruratini islom dini niqobi ostida sodir etilayotgan buzgʻunchi harakatlarning oʻzi koʻrsatib turibdi.

Seminarda olim tadqiqotchilarni qiziqtirgan savollarga ilmiy dalillar bilan atroflicha javob qaytardi.

Shuningdek, kelgusida mavzu yuzasidan yana ilmiy-seminar va konferensiya tashkil etish taklifini bildirdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markaz olimi – yirik anjumanda

Bugun, 24-aprel kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida “Islom dini asl manbalarini talqin qilishdagi …