Home / MAQOLALAR / ROVIYLARNI TANIMOQCHI BOʻLSANGIZ, “TARIXUL KABIR”GA BOQING

ROVIYLARNI TANIMOQCHI BOʻLSANGIZ, “TARIXUL KABIR”GA BOQING

Imom Buxoriy hazratlari ilmning bir necha yoʻnalishlarida koʻp kitob yozgan. U kishining mashhur va hajmi juda katta boʻlgan asarlaridan biri “Tarixul kabir”dir. Bu islom olamida yozilgan kitoblarning ulugʻrogʻi va roviylar tarixi haqida eng birinchi taʼlif etilgan asarlardan biridir. Imom Buxoriydan keyin kelgan har qanday kishi bu kitobga boqadi. Abu Abbos ibn Said: “Agar bir kishi oʻttiz mingta hadis yozsa ham Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning “Tarix” kitobidan behojat boʻlmaydi”, degan. Shuning uchun ham bu kitob “Sahihul Buxoriy”ning yozilishiga zamin boʻlgan deyiladi. Bu “Sahihul Buxoriy”ning tushunarsiz joylarini anglatadigan, shifrlarini ochadigan va ishoralarini aniqlab beradigan kalitdir.

Imom Buxoriyning “Tarixul kabir” asarini juda koʻplab ulamolar oʻrgangan va shu haqida risolalar yozgan. Muhammad Havo oʻzining “Manhajul Imomil Buxoriy fil jarh vat taʼdil” nomli risolasida, Doktor Odil Abdushakur Zarqiy oʻzining “Tarixul Buxoriy” kitobida, Muhammad Abdulkarim Ubayd oʻzining “Taxrijul ahadisil marfuʼatil musnada fit tarixil kabir” nomli kitobida, Ahmad Abdulloh oʻzining “Manhajul Imomil Buxoriy fit taʼlil fit tarixil kabir” nomli risolasida va Fotima Zahro Avotiy oʻzining “Imom Buxoriyning “Tarixul kabir” va Ibn Abu Hotimning “al-Jarh vat taʼdil” kitoblarini orasini taqqoslash” haqidagi bahsida oʻrgangan.

Imom Buxoriyning “Tarixul kabir” asari sahobalar, tobeinlar va oʻz ustozlarigacha boʻlgan hadis roviylarining tarjimai hollarini jamlagan kitobdir. Imom Buxoriyning oʻzi bu kitobni boshlashi haqida gapirib bergan. U kishi: “Men haj qilib boʻlganimda, akam onamni olib uyga qaytdi. Men hadis oʻrganish uchun qoldim. Oʻn sakkiz yoshga toʻlganimda, “Qazoya as-sahoba vat tobeʼiyn va aqoviluhum” kitobini yozdim. Oʻsha payt Ubaydulloh ibn Musoning davri edi. Men “Tarix” kitobimni oydin kechalarda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlari yonida yozgandim. “Tarix” kitobimdagi har bir ismning qissasi bordir. Lekin men kitobni uzun qilib yuborishni xohlamaganim uchun qissalarni keltirmadim”, degan. Maʼlumki, Imom Buxoriy oʻzining “Tarix” kitobini uch bosqichda yozgan. “Tarixus sagʻir”, “Tarixul avsat” va “Tarixul kabir”.

Imom Buxoriyning eng birinchi yozgan va eng katta kitoblaridan biri “Tarixul kabir”dir. Bu kitobni muhaddis Nishopurga kelganida oldiga kelib taʼlim olgan shogirdlaridan biri Abu Ahmad Muhammad ibn Sulaymon ibn Foris Nishopuriy va boshqalar Imom Buxoriyning oʻzidan rivoyat qilganlar.

Muhaddis “Tarixul kabir”ni hijriy 212 yilda yoza boshlagan. Bu kitob Imom Buxoriyning zamonidayoq tarqalgan edi. Buning isboti Xatib Bagʻdodiy Imom Buxoriydan rivoyat qilgani.

Imom Buxoriy bunday degan: “Isʼhoq ibn Rohavayh mening “Tarix” kitobimni Xurosonning amiri Abdulloh ibn Tohir (hijriy 182-230 y.)ning oldiga olib kirib: “Ey, moʻminlar amiri! Sizga sehrni koʻrsatayinmi?”, dedi. Shunda Abdulloh ibn Tohir kitobga qarab taajjublandi va: “Bu kitobning yozilishiga fahmim yetmadi”, dedi”. Bu gap kitobning ahamiyati va ilmiy qiymati qanchalar yuqori ekanligini bildiradi.

Isʼhoq ibn Rohavayh Imom Buxoriyning vafotidan oʻn sakkiz yil oldin hijriy 238 yilda vafot etgan. Bu maʼlumot bizga Imom Buxoriy oʻzining “Tarixul kabir” kitobini hijriy 238 yildan oldin yozib boʻlganini bildiradi.

Ammo bu kitobda oʻsha vaqtdan keyin vafot etgan baʼzi kishilarning tarjimai holi borligi yuqorida zikr qilingan gap bilan qarama-qarshi boʻlib qolmaydi. Ehtimol, Isʼhoq ibn Rohavayning qoʻlidagi nusxa kitobning oxirgi nusxasi boʻlmagandir. Chunki, “Tarixul kabir”ning yozilishi oʻzining oxirgi bezagi bilan chiqquncha uch bosqichda davom etgan. Shu bilan birga, kitobning nomini Imom Buxoriyning oʻzi “Tarix” deb nomlagan. Imom Buxoriy: “Agar baʼzi ustozlarimga yozgan kitoblarim koʻrsatilsa, ular mening “Tarix”ni qanday qilib yozganimni tushunmaydi. Men “Tarix” kitobimni uch marta yozdim”, degan. Yaʼni, Imom Buxoriy oʻzining “Tarixul kabir” kitobini yozib boʻlib, odamlar uchun kitobat qilgan. Soʻngra oʻsha nusxaga qoʻshimchalar qoʻshib, toʻldirib borib, kitobni ikkinchi marta kitobat qilgan. Yana qoʻshimchalar qoʻshib, toʻldirib borgan. Hatto, uni uchinchi marta kitobat qilgan. Demak, “Tarixul kabir” kitobi ham mukammal bir kitob holiga kelguncha mana shu uch bosqichni bosib oʻtgan.

Shu bilan birga, Imom Buxoriy oʻzining barcha asarlarining yozish uslublarini bayon qilib bergan. Imom Buxoriy barcha kitoblarini bir necha martadan yozgan. Bir marta yozib qoʻyish bilan kifoyalanib qolmagan.

Doktor Ahmad Abdulloh oʻzining doktorlik ishida “Imom Buxoriy oʻzining “Tarixul kabir” kitobini yozishda oʻzoq vaqt davom etgan”, deb aytadi. Buning isboti Imom Buxoriy bu kitobida hijriy 249 yilda vafot etgan roviylarning tarjimai holini ham keltirgan.

Doktor Odil Abdushakur Zarqiy “Tarixul kabir” kitobining ikkita nusxasi keng tarqalgan deb aytadi. Birinchisi Shayx Abdurahmon Yamaniyning tahqiqi bilan Hindistonning “Dairotul maʼorif” nashriyotida chop etilgani. Ikkinchisi Mustafo Abdulqodir Atoning tahqiqi bilan Saudiya Arabistonining “Daru Toviq an-najah” nashriyotida bosmadan chiqqani.

“Tarixul kabir” kitobida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Imom Buxoriygacha boʻlgan davrda yashab oʻtgan oʻn toʻrt mingga yaqin roviyning tarjimai holi keltirilgan. Shundan mingga yaqin roviyning tarjimai holi “Tarixul kabir”ning soʻngida alohida juz qilib keltirilgan “Kunyalar” nomli kitobida bayon etilgan. Imom Buxoriyning “Tarixul kabir” kitobi hadis roviylarining ismlarini jamlagan eng birinchi kitobdir.

Imom Buxoriyning nomi “Sahihul Buxoriy”ga bogʻlangani maʼlum. Lekin “Tarixul kabir” asari ulamolarning oldida katta ahamiyatga egadir.

Roviylarning tarjimai holi haqida mana shu tartibda kitob yozganlarning avvalgisi Imom Buxoriydir.

Imom Abu Ahmad Hokim Kabir (vaf. 378 h.): “Muhammad ibn Ismoilning “Tarixul kabir” kitobi biror kitob oʻtib ketolmaydigan kitobdir”, degan. Ibn Rajab Hanbaliy: “Imom Buxoriyning koʻplab kitoblari bor. U kishi “Sahihul Buxoriy” va “Tarixul kabir” kitoblarini yozish bilan barcha insonlardan oʻzib ketdi”, degan.

Bu kitob hadis ilmining ikkita asosiy ruknini, yaʼni, ilmi rijol (hadis roviylarining tarjimai holi haqidagi ilm) va ilmi ilal (hadis illatlari haqidagi ilm)ni oʻrab olgan. Ibn Rajab bu kitob haqida: “Bu biror kitob oʻtib ketolmaydigan katta kitobdir. Bu kitob tarixlar, illatlar va ismlarning barchasini toʻplovchidir”, degan. Kitobning voqeligi ham bu eʼtirofni qoʻllab-quvvatlaydi. Bu kitobda 6095 ta hadis matni zikr etilgan.

Xatib Bagʻdodiy “Bagʻdod tarixi”da Abu Abbos ibn Saidning: “Agar bir kishi oʻttiz mingta hadis yozsa ham Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning “Tarix” kitobidan behojat boʻlmaydi”, degan soʻzini keltirgan.

Imom Zahabiy “Siyaru aʼlomin nubalo” kitobida Abu Sahl Shofeʼiyning ushbu gapini keltiradi: “Oʻttizdan koʻproq misrlik ulamodan eshitgan edim. Ular: “Bizlarning bu dunyodagi ehtiyojimiz Muhammad ibn Ismoilning kitobini oʻqishdir”, deganlar”.

Xatib Bagʻdodiy va Imom Zahabiyning gaplari bu kitobning qiymati naqadar ulugʻligini anglatadi. Demak, hadis ilmi bilan shugʻullanadigan barcha toliblar buni oʻqishi va unga murojaat qilishi lozim boʻladi.

Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

MAʼRIFATLI AYOLNING TAʼSIRI ASRLARGA TATIYDI!

Hayotda insonning begʻaraz yordamchilari juda koʻp boʻladi. Masalan, jazirama issiqda daraxtning soyasi yo zilol chashmaning …