Home / MAQOLALAR / SAHOBALAR ASRIDA SUNNAT

SAHOBALAR ASRIDA SUNNAT

Islomning ilk asri dunyo tarixida axloq, insoniy fazilat, marhamat va komillik borasida choʻqqiga chiqib, mislsiz fazilatlar madaniyatini barpo qilgan sahoba naslining kamolotga erishgan davri hisoblanadi.

Islom dini vujudga kelganidan boshlab, moʻmin-musulmonlar, kattayu-kichik sunnatni Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan oʻrgana boshlashdi. Ular Qurʼoni karimdan tortib, Paygʻambarimizning hayotlarida nimani koʻrgan boʻlishsa, barchasini oʻzlariga dastur sifatida qabul qilishdi. Shu bois Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hayotining biror lahzasi ham sahobalarning diqqat-eʼtiborlaridan chetda qolmagan.

Paygʻambarimiz sunnatlarini keyingi avlodga yetkazib berishda sahobalarning oʻrni beqiyos boʻlgan. Sunnatni naql va rivoyat qilish, uni sogʻlom saqlashda sahobalar keyingi ulamolar ustozi boʻlishgan, desak maqsadga muvofiq boʻladi.

Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlik vaqtlarida shariat hukmlarini Qurʼoni karimdan olishardi. Ayrim Qurʼon oyatlari toʻliq tafsilotsiz qisqa bayon yoki aniq boʻlmasdan mutloq boʻlib kelar edi. Masalan, namozning adadi va rakati qanchaligi, qanday oʻqilishi yoki vaqtlari toʻliq tafsilotsiz kelgan. Zakotda mutloq buyruq boʻlib, zakot vojib boʻladigan eng kam chegara keltirilmagan, oʻlchov va shartlari bayon qilinmagandi.

Shuningdek, shart va ruknlarni tushuntiradigan sharhga toʻxtalmasdan koʻp hukmlarga amal qilish mumkin boʻlmagan. Shunda sahobalar hukmlarning tafsilotini bilish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga murojaat qilishgan. Rasululloh esa Rabbisidan yetkazuvchi va shariat maqsadlari, hadlari-yu talablarini yaxshi biluvchi edilar. Allo taolo: “Sizga esa odamlarga nozil qilingan (maʼlumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qurʼonni) nozil qildik” (Nahl surasi, 44-oyat mazmuni) deb, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Qurʼonga tafsir qilib beruvchi va undagi maqsadu belgilarini ochuvchi nisbati bilan Paygʻambarlik vazifalarini eslatgan.

,Sahobalar buyruq va qaytariqlarini oʻzlariga lozim tutishardi. Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomga har bir amal, ibodat va muomalalarida ergashardilar. “Men namoz oʻqiganimni koʻrganlaringdek, namoz oʻqinglar”, (Buxoriy rivoyati) deganlariga quloq tutib, namoz hukmlari, ruknlari va koʻrinishlarini oʻrganishardi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “(Hajga doir) marosimlaringizni mendan olinglar”, (Muslim rivoyati) degan buyruqlariga binoan, sahobalar haj marosimlari, shart va amallari bajarilishini Paygʻambarimizdan oʻrganishardi.

Darhaqiqat, u zot nima qilgan boʻlsa, shuni qilishlari, tark qilganlarining sababini bilmasdan yoki hikmatini soʻramasdan tark qilishlari sahobalarning qanday ergashganlarini koʻrsatadi. Ibn Umar razyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tillo uzuk taqqanlarida sahobalar ham tillo uzuk taqishdi. Keyin Nabiy sollallohu alayhi vasallam uzukni tashlab: “Endi hech qachon uni taqmayman”, deganlarida, odam (sahoba)lar ham uzuklarni tashlashdi” (Buxoriy rivoyati). Abu Said Xudriy razyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalar bilan namoz oʻqiyotganlarida kovushlarini yechib, chap taraflariga qoʻydilar. Qavm buni koʻrib oyoq kiyimlarini uloqtirib yuborishdi. Namoz tugagandan soʻng: “Nima uchun oyoq kiyimingizni uloqtirdingiz”, deb soʻradilar. “Kovushingizni yechganingizni koʻrdik”, deyishdi ular. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jabroil alayhi salom oldimga kelib, kovushlarimda najosat borligi xabarini berdi”, dedilar” (Abu Dovud rivoyati). Ayrim sahobalar Rasulullohning soʻz va amallaridan xabardor boʻlish maqsadida qoʻshnisi bilan kelishib, navbatma-navbat Paygʻambarimizning majlislarida oʻtirishardi. Soʻng Paygʻambarimizdan eshitganlarini bir-biriga soʻzlab berishardi.

Sunnatni toʻliq tushunib, boshqalarga rivoyat qilish Paygʻambarimiz hayot boʻlgan vaqtlaridayoq boshlangandi. Sahobalar bir-birlariga, ayniqsa katta yoshdagi sahobalar yoshlariga Rasululloh sunnatlarini toʻliq, bekamu-koʻst rivoyat qilishgan.

Rasulullohga sahobalar tamoman bogʻlanishgandi. Ular Paygʻambarimizning vafotlaridan keyin sunnatlarini yuzaga chiqarish va asrab-avaylashga astoydil bel bogʻlashdi. Sahobalar bitta hadisni oʻrganish uchun uzoq masofaga safarga chiqishga ham erinishmasdi. Ular hadislarni oʻrganib, yozib olib, keyin odamlarga tarqatishardi.

Sahobalar haqida shunday deyish mumkin: ular shariat yaʼni, Qurʼon va sunnatni saqlab qolish, uni musulmonlar orasida keng tatbiq qilib, keyingi ummatga toʻliq yetkazish uchun yelkalariga tushgan masʼuliyatning kattaligini bilishgan. Sahobalar bu omonatni koʻtara olgan odamlarning yaxshilari va Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan keyin bajara olganlarning eng aʼlolari boʻlishdi. Buning masʼuliyatli ekaniga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Mendan bir oyat (yaʼni ozgina) boʻlsa ham yetkazinglar. Bani Isroil (qabohatlari) haqida gapiringlar, tanglik yoʻq. Kim menga qasddan yolgʻon toʻqisa doʻzaxdagi oʻrindigʻiga joylashaversin” (Buxoriy va Termiziy rivoyati) deganlari, yana “Bizdan bir narsani eshitib, uni xuddi eshitganidek qilib yetkazgan odamni Alloh yorlaqasin, baʼzi yetkazilgan odam eshituvchidan koʻra anglovchiroqdir”, (Termiziy rivoyati) deganlari, shuningdek, “Kim bir hadisni menga nisbat berib gapirsa-da, uning yolgʻonligi bilinsa, oʻsha gapirgan kishi yolgʻonchilarning biridir”, (Muslim rivoyati) singari hadislari misol boʻladi.

Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hadislarni rivoyat qilib, ummatga Allohning dinini yetkazishda juda ehtiyotkor boʻlishgan. Hadislarning sahih va isbotlanganiga katta eʼtibor qaratishgan. Bunga misol qilib quyidagi hadislarni koʻrsatish mumkin: Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Mening sizlarga koʻp hadis aytishimni man qiladigan narsa Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning: “Kim menga yolgʻonni qasd qilsa, doʻzaxdagi oʻrindigʻini olaversin”, deganlaridir”, (Buxoriy, Muslim, Termiziy va Abu Dovud rivoyati) degan. Muhammad ibn Sirindan rivoyat qilinadi: “Anas Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hadis kam aytar, aytganda ham aytib boʻlgach: “yoki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek”, deb qoʻyar edi” (Ibn Moja va Dorimiy rivoyati). Shaʼbiy va ibn Sirindan rivoyat qilinadi: “Ibn Masʼud Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hadis aytsa, kun boʻyi yuzining rangi oʻzgarib yuradi va: “shunday yoki shu kabi (dedilar)”, der edi” (Dorimiy rivoyati). Shaʼbiydan rivoyat qilinadi: “Ibn Umar bilan bir yil birga boʻldim, Rasulullohdan biror hadis aytganini eshitmadim” (Ibn Moja va Dorimiy rivoyati). Abdurrahmon ibn Laylo shunday deydi: “Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sahobalari boʻlgan ansorlarning bir yuz yigirmatasini taniganman. Ularning birortasi hadis aytsa, birodari unga kifoya qilishini xohlardi. Biror narsa haqida fatvo soʻralsa, birodari unga kifoya qilishini xohlardi”. Bir rivoyatda, ulardan biri masala haqida soʻralsa, masalani undan-bunga olib borardi, hatto avvalgi soʻragan kishiga qaytib kelardi” (Ibn Abdulbarrning “Jomiʼ bayonil ilm” asaridan (2/163). Yaʼni soʻragan masalaga javob berishdan oʻzlarini olib qochardi. Soib ibn Zayddan rivoyat qilinadi: “Saʼd bilan Makkaga chiqdim, Madinaga qaytib kelgunimizcha, undan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilib biror hadislarini aytganini eshitmadim” (Ibn Moja va Dorimiy rivoyati). Abdurrahmon ibn Laylodan rivoyat qilinadi: “Zayd ibn Arqamga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hadis aytib berishini aytdik. Shunda u: “Keksaydik va unutdik, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hadis rivoyat qilish qiyin (oddiy narsa emas)”, dedi” (Ibn Moja rivoyati).

Sahobalar Rasulullohning muborak shaxsiyatidan munosib tarzda ibrat olib, hayotlari davomida koʻrsatgan butun xatti-harakatlari, asosan u zotning goʻzal axloqidan andaza olgan fazilat namunalaridir. Zero, qayerda bir goʻzallik boʻlsa, undan bir aks-sado chiqadi. Sahobalar davrida sunnat va hadislarga shunday ehtiyotkorlik bilan eʼtibor berildiki, birinchi oʻrinda omonotdorlik boʻlib, islom shariatidagi bor mukammallik keyingi avlodga yetib borishi lozim edi.

Biz ham sahoba va ularning taʼlim-tarbiyasida ulgʻaygan tobeinlar kabi Rasulullohning buyuk axloqini oʻrganishga talabgor boʻlishimiz zarur. Oradan oʻtgan shuncha asrlarga qaramay ularning hech qachon eskirmaydigan meroslarini oʻrganib, xalqimizga, yoshlarimizga yetkazishimiz kerak.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

MEHR KOʻRSATGAN MEHR KOʻRADI

  Imom Buxoriyning ustozlaridan biri Imom Muhammad ibn Salom Baykandiydan quyidagi hadisi muborak rivoyat qilinadi: …