Home / YANGILIKLAR / Uygʻonish, yasharish, poklanish va ezgulik bayrami

Uygʻonish, yasharish, poklanish va ezgulik bayrami

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Navroʻz ayyomi munosabati bilan “Uygʻonish, yasharish, poklanish va ezgulik bayrami” nomli tadbir tashkil etildi.

Markaz direktori Sh.Ziyodov jamoa aʼzolarini bayram bilan muborakbod etib, azal-azaldan xalqimizning ezgu va goʻzal qadriyatlarini, uning olijanob orzu-intilishlarini oʻzida mujassam etib, qadim ajdodlarimizdan bizga oʻlmas meros sifatida bezavol oʻtib kelayotgan Navroʻzi olam mustaqillik yillarida mamlakatimizda yashayotgan millati, tili va dinidan qatʼi nazar, barcha vatandoshlarimiz orziqib kutadigan, tom maʼnodagi umumxalq bayramiga aylanganini taʼkidladi.

Ota-bobolarimiz yangi yilning bejiz bahorgi teng kunlikdan belgilamagan. Bu shunchaki navbatdagi mavsum muqaddimasi emas, balki hayotning mutlaqo yangi pallasi boshlanadigan ayyomdir. Shu kundan eʼtiboran tabiat uygʻonib, dehqon yerga urugʻ qadaydi, doshqozonlarda sumalak qaynaydi, rango-rang xalq oʻyinlari koʻzni quvontira boshlaydi. Inson borki, ongu shuurida ham, jismu tanida ham oʻzgacha kayfiyat his etadi. Yaratuvchanlikning yangi uygʻongan ruhi har birimizni yangi marralarga, keng ufqlarga chorlaydi. Bu porloq kunlar har bir hamyurtimizni oʻziga xos xayrli amallarga ilhomlantiradi.

Markaz jamoasi qadim anʼanalarimizni, xalq oʻyinlarini yana bir bor yodga olib, maʼsum bolalikning begʻubor tasavvurlarini xotirasida qaytadan jonlantirib, bir-birini samimiy qutlar ekan, butun mamlakatimizga tinchlik, har bir goʻshaga qut-baraka, har bir vatandoshga salomatlik va baxt-saodat tiladilar.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Targʻibot tadbirlari boshlandi

Oʻtayotgan haftada Samarqand viloyatidagi mahalla va taʼlim muassasalarida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” shiori ostida keng …