Home / MAQOLALAR / ISLOM OLAMINING DURDONASI

ISLOM OLAMINING DURDONASI

Jamiyatdagi barcha insonlarning birdamligi, hamjihatligi, ilmga intilishi umumtaraqqiyotni belgilaydi. Mustahkam ilmlarga asoslanmasdan rivojlanish mumkin emas. Buning uchun esa yurtimiz kabi mamlakatlarda asrlar davomida shakllangan va mustahkamlangan qadriyatlar, buyuk ajdodlar merosi alohida oʻrin tutadi.

Mamlakatimizning har bir goʻshasi — shaharlar, qishloqlar, ovullar ulugʻ siymolar, allomalar uchun beshik boʻlgan. Ular yozma manbalarda keltirilganidek, Samarqandiy, Buxoriy, Nasafiy, Shoshiy, Termiziy, Fargʻoniy, Andijoniy, Ustrushoniy, Keshiy, Margʻinoniy, Zamaxshariy kabi koʻpdan-koʻp nisbalar bilan ijod qilgan, olamshumul kashfiyotlarini tarixga muhrlagan. Ularni ilmiy asosda oʻrganish, xalqchil shaklda yoshlarga taqdim etish, keng targʻib qilishni bugun davrning oʻzi talab qilmoqda. Bu borada, ayniqsa, soʻnggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan diniy-maʼrifiy yoʻnalishda ham keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgani diqqatga sazovor. Hayotga tatbiq qilinayotgan barcha islohotlarning bosh maqsadi yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalikni asrash, uni yanada mustahkamlash, kelajagimiz boʻlgan farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizga mos tarzda tarbiyalash, xalqimiz hayotini yanada farovon etish, baxtli yashashini taʼminlashdan iborat.

Davlatimiz rahbari 2017 yil 19 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan tarixiy nutqida: “Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga daʼvat etadi”, degan ulugʻvor soʻzlarni taʼkidladi. Haqiqatan, tinchlik bor joyda ilm rivojlanadi, xotirjamlik hukm surib, taraqqiyot yuksaladi.

BMT anjumanida Oʻzbekiston rahbari jahon hamjamiyatiga mamlakatimizda Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish tashabbusini butun dunyoga eʼlon qildi. Islom sivilizatsiyasi markazi — gʻoyasi va ahamiyatiga koʻra betakror, benazir loyiha. Uni tashkil etishdan maqsad xalqimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosi, azaliy qadriyatlari, betakror sanʼati, osoru atiqalari, obidalarini xalqaro miqyosda targʻib qilishdan iborat.

Maʼlumki, alloma-ajdodlarimiz ilm-fanning barcha sohalari boʻyicha asarlari vositasida mukammal xulosalarni taqdim qilgan. Jumladan, Qurʼoni karim tafsiri yoʻnalishida Mahmud Zamaxshariy va Abu Mansur Moturidiy amalga oshirgan ishlar alohida ahamiyatga ega. Yozma manbalarda “Jorulloh”, yaʼni “Aplohning qoʻshnisi”, deya eʼtirof etiluvchi Zamaxshariy oʻzining “Kashshof” asarini Makka amiri iltimosiga koʻra yozgan. Bu nodir manba asrlar davomida madrasalarda darslik sifatida oʻqitilgan.

Abu Mansur Moturidiyning “Taʼvilotul Qurʼon” nomli asari Qurʼoni karim tafsiri aqida-kalom yoʻnalishidagi noyob gavhardir. Hanafiy olimlar uning vositasida yot gʻoyali destruktiv kuchlarga qarshi kurashgan

Bu asarning tili murakkab, ifodasi aniq. Shu bois, allomaning vafotidan 200 yil oʻtibgina, nasaflik olim Abul Muin Nasafiy ushbu asarga sharh sifatida “Tabsiratul adilla” asarini yozishga jurʼat qildi. Ahamiyatlisi, mazkur asar Imom Moturidiyning vafotidan 1100 yil oʻtib — yangi Oʻzbekistonda, Prezidentimiz tashabbusi bilan Samarqandda tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilindi.

Qayd etish kerakki, ushbu markaz qisqa vaqt ichida amalga oshirgan 30 ga yaqin tarjimalar, tashkil etilgan konferensiyalar xorijning yetakchi ekspertlari, islomshunos olimlari eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda.

Shu oʻrinda mutakallim allomalar toʻgʻrisida toʻxtalish oʻrinli. Chunki Imom Moturidiy ahli sunna eʼtirof etgan moturidiylik mazhabi asoschisi ham hisoblanadi. Shu sababdan u islom olamida “barcha musulmonlar eʼtiqodini tuzatuvchi”, “hidoyatga boshlovchi imom” nomlari bilan shuhrat qozongan. Moturidiylik taʼlimoti bugungi kunda 20 ga yaqin mamlakatda tarqalgan boʻlib, bagʻrikeng gʻoyalari sababidan uning amal qiluvchilari geografiyasi tobora kengayib bormoqda.

Yurtimizda Imom Moturidiy ilmiy merosini zamon talablari darajasida tadqiq qilish, uning taʼlimoti doirasida yaratilgan asarlarni oʻzbek tiliga oʻgirish orqali ulardan keng xalq ommasi, xususan, yoshlarni xabardor etish maqsadida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Moturidiylik taʼlimoti islohotchisi Abul Muin Nasafiy esa “haqiqat qilichi” deya sharaflangan. Bu nom u keltirgan dalillarning kuchliligi, betakrorligi tufayli berilgan. Uning shoh asari “Tabsiratul adilla” (“Dalillar bilan sharhlash”) hamda merosining gultoji “Bahrul kalom” (“Kalom ilmida soʻzlar dengizi”) Prezidentimiz tashabbusi bilan oʻzbek tiliga tarjima qilindi.

Bundan ming yil oldin jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashgan, Movarounnahr mintaqasida diniy eʼtiqod sogʻlomligini taʼminlashda jiddu jahd koʻrsatgan, adashganlarni asl hidoyat yoʻliga boshlagan Abul Muin Nasafiy bobomizning Qarshi shahri yaqinidagi Qovchin qishlogʻida joylashgan ziyoratgohi tubdan taʼmirlanib, har tomonlama obod qilindi. U majmuaga aylantirilib, kutubxona, muzey tashkil etilganini Qashqadaryo aholisi koʻtarinki ruh, alohida gʻurur bilan qabul qildi.

Nasafiyning ilm borasidagi qarashlari ham eʼtiborga molik. Alloma fikricha, ilm jondir. Har bir narsaning javhari, asosi — ilm. Zero, ilmsiz kishi johil, jonsiz tana kabi boʻlib, ayni ilm yuksak insoniylik alomatidir. Mazkur qarash bir muddat avval boshqa bir vatandoshimiz Hakim Termiziy tomonidan “ilm nurdir” tarzida ifoda etilgan boʻlib, bu orqali olimlar nur taratuvchi mayoqqa qiyos qilingan.

Yurtimizda Imom Buxoriy singari hadis ilmi dargʻalari boʻlmish Imom Termiziy, Imom Dorimiy, uchta buyuk muhaddisning, hatto Imom Buxoriyning ustozi Abdulhamid Keshiy kabi ulugʻ ajdodlarimizning ibratlarga toʻla hayoti hamda boy ilmiy merosini tadqiq qilish maqsadida Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Termizda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Ularda faoliyat koʻrsatayotgan mutaxassislar hozirda keng koʻlamli ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirmoqda. Bundan tashqari, ulugʻ muhaddis alloma Imom Termiziy qoʻnim topgan maskan obod qilindi hamda tabarruk qadamjoga aylantirildi.

Dunyo globallashgan, tahlikali davrni boshdan kechirmoqda. Bu har bir insondan ogohlikni, tashqi taʼsirlarga qarshi tura oladigan ilmlarni egallashni talab etadi. Shu maqsadda 2018 yilda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi taʼsis etildi. Islom akademiyasi bugungi kunda talabalarga taʼlim berish — ziyo ulashish bilan bir qatorda yurtimizdagi diniy taʼlim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirmoqda ham.

Yurt allomalari asarlarining dunyoning turli kutubxonalarida saqlanayotgan nodir qoʻlyozma nusxalarini oʻrganish, oʻzbek tiliga tarjima qilish uchun arab tilini bilish barobarida muqaddas islom dini asoslarining nozik jihatlarini anglash ham muhim hisoblanadi. Shu maqsadda Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi faoliyat boshladi. Uning yuksak maqomi qaytarildi. Bu davlatimiz rahbarining Buxoro xalqiga, umuman, xalqimizga ulugʻ tuhfasi boʻldi. Shuningdek, Termiz shahrida Imom Termiziy madrasasi 2020-2021 oʻquv yili uchun talabalarni qabul qildi.

Xalqimizga xos muhim fazilatlardan biri tasavvuf vakillariga ehtirom koʻrsatishdir. Shu sababdan Buxoroda Abdulxoliq Gʻijduvoniy boshlab bergan hamda Bahouddin Naqshband takomiliga yetkazgan xojagon tariqati vakillari — yetti pir allomalari, Termizda Hakim Termiziy asos solgan hakimiylik, Qashqadaryoda rivojlangan Shahobiddin Suhravardiy nomi bilan bogʻliq suhravardiylik, Toshkent shahridagi millat suyuklisi Suzuk ota, Shayx Zayniddin hamda Shayx Xovandi Tohur qarashlari, Xorazm faxri va moʻgʻul bosqinchilariga qarshi mardonavor kurashi orqali vatanparvarlik timsoliga aylangan Najmiddin Kubro va Pahlavon Mahmud, Namangan ahli qadr qiladigan Sulton Uvays Qaraniyning odob-axloqqa doir fikrlari alohida eʼtiborga molik. Bu allomalar qoʻnim topgan goʻshalar, ayniqsa, yetti pir ziyoratgohlari, Suzuk ota, Uvays Karaniy majmualari Prezidentimiz saʼy-harakatlari hamda rahbarligida batamom qayta qurildi.

Ularning har biri — bir olam. Merosi — hikmat. Jumladan, Suzuk ota — Xoʻja Ahmad Yassaviyning nabirasi, Toshkent shahrining faxri. Umrining oxiriga qadar yuzlab shogirdlarga ilm berib, ularni hunarga, halol mehnatga boshlagan. Karomatlar sohibi, aholining dono maslahatgoʻyi, hunarmandlar ustozi, toliblarning pir-murshidi boʻlgan Suzuk ota Toshkentning usta-hunarmandlariga yuksak ehtirom koʻrsatgani uchun tabarruk zot yashagan hudud vafotidan soʻng Suzuk ota nomi bilan tarix sahifalariga muhrlangan.

Suzuk ota toʻquvchilik kasbi bilan shugʻullangan. Aslida, halol mehnati bilan hayot kechirish — paygʻambarlar merosi. Ammo Suzuk ota shu fazilati bilan suzuk — suyukli boʻldi. Shu orqali Toshkent ahliga maʼnaviy muallim sifatida oʻrnak boʻldi. Mutasavvuf olim vafotidan 800 yil oʻtib, u qoʻnim topgan obida — Toshkentning gavhari shahar ahliga, aziz yurtdoshlarimizga hadya etilib, qaytarib berildi.

Yuqorida zikri keltirilgan obidalarning barchasi oʻzlari joylashgan hudud arxitekturasiga xos ravishda qad rostlagani tufayli ham gʻoyat goʻzal va ulugʻvor qiyofa kasb etdi. Bu joziba unga tashrif buyuruvchi har bir inson qalbida shu vatanda yashayotganidan rozilik, muazzam tarixida gʻurur paydo qilayotgani tabiiy.

Tariqat peshvolari — mutasavvuflar ruhiy qarash, hissiy olam vakillaridir. Ulardan meros boʻlib qolgan hikmatlar toabad tarbiya vositasi boʻlib qolaveradi. Jumladan, Uvays Qaraniy paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom bilan zamondosh boʻlsa ham, sahoba hisoblanmaydi. Chunki u zoti sharif bilan uchrashmagan. Shunday ulugʻ maqomdan munis onasining duosini, xizmatini afzal bilgan. Bu amali bilan har zamonu har makonda turli yot gʻoyalar taʼsirida vatanni, ota va onasini tark etayotgan johillar uchun ibrat namunasidir. Vaholanki, Uvays Qaraniy paygʻambar alayhissalom muxlislarining sultoni hisoblanadi. Manbalar shunga dalolat qiladi.

Buyuk mutasavvuflardan Bahouddin Naqshbandning qalb va amal birligi, Soʻfi Ollohyorning eʼtiqod sofligi, Suhravariyning xalq ichida boʻlish, ularning dardi bilan yashash borasidagi gʻoyalarini taʼlim-tarbiya jarayonlariga, ijtimoiy-ilmiy hayotga tatbiq qilish Uchinchi Renessans uchun eshik ochishi, shubhasiz.

Alloma-ajdodlarimiz orasida huquqshunos olimlar ham bisyor. Ayniqsa, Burhoniddin Margʻinoniy va uning “Hidoya” asari alohida qadrlanadi. Ammo Ustrushona(hozirgi Jizzax)dan chiqqan mashhur faqih Majduddin Ustrushoniy hazratlari jahonda ilk bor — bundan salkam 800 yil muqaddam bola huquqlariga bagʻishlangan “Jomiul ahkomis sigʻar”, yaʼni “Bolalar huquqlari toʻplami” asarini yozdi. Vaholanki, Yevropada ushbu yoʻnalishdagi tadqiqotlar XIX asrga kelib Fransiyada paydo boʻldi. Amerikada esa 1908 yildagina yuvenal huquqqa asos solindi. Bolajon xalqimizning asl farzandi Majduddin Ustrushoniyning mazkur asari ilmiy tadqiq asosida omma eʼtiboriga havola qilindi.

Oxirgi yillarda ijtimoiy-diniy sohada amalga oshirilgan keng koʻlamli ishlardan koʻzlangan maqsad — Uchinchi Renessansga munosib boʻlgan xalqqa asli kim boʻlganini namoyon qilish, bildirish, anglatish, shunday buyuk xalqni dunyoga yana bir bor tanitish.

Xalqimiz bejiz “Aslida bori naslida koʻrinadi”, “Oqqan ariq oqmay qolmas”, demagan. Bizning buyuk ajdodlarimiz — toʻlib oqqan daryolarimiz bor. Ularning mahobati qoldirgan benazir ilmiy merosida namoyon. Bugun yangicha — zamonga mos oʻrganish ishlari boshlangan. Eng murakkab asarlarni-da, tadqiq qilishga qodir avlod shakllangan.

Davlatimiz rahbari asos solgan al-Xorazmiy kabi aniq fanlar sohasida shuhrat qozongan allomalar nomi berilgan Prezident maktablari yurtimizni yangicha, davrga mos sohalarda xalqaro maydonga olib chiqadi. Shu yurtning ilmda benazir farzandlari sababidan Buxoro sharif — “sharaflangan”, “quvvatul islom” — “islom dinining kuch-qudrati”, Samarqand “sayqali roʻyi zamin” — “yer yuzining bezagi”, Kesh (hozirgi Shahrisabz) “qubbatul islom” — “islom dinining gumbazi”, Termiz “madinatur rijol” — “mardlar shahri” deya ulugʻlandi. Bugun esa yurtimiz amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasi oʻlaroq, islom madaniyatining poytaxtiga aylandi. Bularning hech biri shunchaki sodir boʻlmadi. Buning mustahkam asosi, teran ildizi bor. U esa Uchinchi Renessans uchun chin maʼnodagi poydevordir.

Islom olamining durdonasi, gavhari boʻlgan yurtimizning oʻtmishi shonli, buguni muazzam va shubhasiz, kelajagi ham buyukdir.

Irgash DAMINOV,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 24 fevral, №39 (295)

Check Also

TARIQATLAR TARIXINI OʼRGANISHDA SFRAGISTIK MATERIALLARNING OʼRNI

Tarixiy manbalar Markaziy Osiyoning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida muhim rol oʻynagan. Bunda Markaziy Osiyoda …