(Bir hadis sharhi)
Baʼzan odamlar Qurʼonning turli qiroatlarini eshitganda, oʻzi bilmay turib, ularni xato deb baholaydi. Oqibatda tortishuvlar yuzaga keladi.
Qurʼoni karim Alloh taoloning kalomidir. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Jabroil alayhissalom orqali nozil qilingan. Alloh taolo arab qabilalarining anglashi yengil boʻlishi va Kitobning ilohiy moʻjizaligini namoyon etish uchun uni bir necha harfda (qiroatda) nozil qilgan.
عَنِ ابْنِ مَسْعُودٍ رضى الله عنه قَالَ: سَمِعْتُ رَجُلاً قَرَأَ ، وَسَمِعْتُ النَّبِىَّ صلى الله عليه وسلم يَقْرَأُ خِلاَفَهَا فَجِئْتُ بِهِ النَّبِىَّ صلى الله عليه وسلم فَأَخْبَرْتُهُ فَعَرَفْتُ فِى وَجْهِهِ الْكَرَاهِيَةَ وَقَالَ: كِلاَكُمَا مُحْسِنٌ ، وَلاَ تَخْتَلِفُوا ، فَإِنَّ مَنْ كَانَ قَبْلَكُمُ اخْتَلَفُوا فَهَلَكُوا.
Ibn Masʼud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishining qiroat qilayotganini eshitdim. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning u (oyat soʻzlari)ni boshqacha qiroat qilayotganlarini eshitgan edim. Shunda uni Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga olib borib, u zotga bor gapni aytib berdim. Shu payt yuzlarida norozilikni payqadim. U zot: “Ikkingiz ham toʻgʻri qilgansiz. Ixtilof qilmang, chunki sizdan oldingilar ixtilof qilib, halokatga uchragan”, dedilar” (Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisda Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu bir odamning – baʼzilar Ubay ibn Kaʼb degan – Qurʼon oyatini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan tinglagan qiroatiga oʻxshamagan tarzda oʻqiyotganini eshitgan. Ikkisi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday qiroatda oʻqitganlarini daʼvo qilib, tortishib qolgan. Shunda Ibn Masʼud roziyallohu anhu oʻsha odamni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib borgan. Har biri u zotga oʻrgangan qiroatida tilovat qilib koʻrsatgan. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ikkingiz ham toʻgʻri qilgansiz”, deganlar. Yaʼni, ikkingiz ham toʻgʻri oʻqidingiz, ikki qiroat ham joiz. Soʻng ogoh etib: “Ixtilof qilmang, chunki sizdan oldingilar ixtilof qilib, halokatga uchragan”, deganlar. Yaʼni, avvalgi qavmlar ogʻir oqibatga olib boradigan ixtiloflarga berilib ketgan. Bu ixtiloflar nafs istaklariga koʻra muqaddas kitoblardagi soʻzlarni oʻzgartirishgacha borib yetgan.
Shariat ittifoq va birlikka daʼvat qiladi, tafriqa (firqalanish) va boʻlinishni qattiq man etadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam goʻyo bunday demoqdalar: Qurʼonni oʻqing va maʼnosiga muvofiq birlikda boʻling. Qandaydir shubha kelib chiqib, ixtilofga olib borsa, oʻsha shubhani yigʻishtiring va odamlarni birlikka yetaklaydigan ochiq maʼnoga qayting. Ilgarigi ummatlar kabi halokatga eltuvchi ixtilofga tushmang.
Qurʼon qiroatida ixtilof qilish mumkin emas. Chunki har bir qiroat Allohdan nozil qilingan va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonidan oʻrgatilgan. Qiroatdagi ruxsat berilgan turlilik Qurʼonning maʼnosiga daxl bermaydi. Demak, Qurʼonning bir oyati yo soʻzi bir necha qiroatda oʻqilishi mumkin. Ulardan birortasini inkor qilgan kishi Qurʼonni inkor qilgan boʻladi.
Ixtilofning oldini oladigan yana bir chora – yetarlicha ilm olmagan kishi Qurʼon haqida, jumladan, qiroat toʻgʻrisida oʻz fikri bilan soʻz yuritishi mumkin emas. Qurʼon qiroati sunnat bilan sobit boʻlgan. Shuning uchun bahstalab vaziyat yuzaga kelganda oʻzaro tortishmasdan, ilmliroq kishidan soʻrash lozim.
Maʼlumki, Qurʼoni karim islomning boshlangʻich davrida hijoz shevasiga (Makka, Madina va Toif aholisining lahjasiga) mos holda nozil qilingan. Hudaybiya sulhidan soʻng turli arab qabilalari islomga kira boshladi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir necha marta Allohdan odamlar uchun Qurʼonni turli lahja va shevalarga mos holda oʻqishni yengil qilishni soʻraganlar. Turli arab qabila va urugʻlari oʻz shevasiga gʻurur bilan bogʻlangan edi, shuning uchun bu yengillik ularga Qurʼon maʼnolarini yaxshiroq anglash imkonini berardi. Alloh taolo u zotning iltijosidan ham ortiqroq yengillik inʼom etib, Qurʼoni karimni yetti harfda nozil qildi.
Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jabroil menga (Qurʼonni) bir harfda oʻqitdi. Men undan ziyoda qilishni soʻrayverdim, nihoyat, yetti harfga yetdi”, dedilar” (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).
“Harf” – qiroat ilmi istilohida biror soʻzning muayyan shakllarda oʻqilishi. Shuningdek, umumiy bir uslubda oʻqish ham “harf” deyiladi. “Yetti harf” haqida ulamolar turli fikrlarni aytgan. Baʼzilar yetti harfdan murod oʻsha paytdagi arab lahjalariga moslik boʻlganini taʼkidlagan. Ayrimlar buni qiroatdagi ixtilof (turli joiz shakl)lar yetti turkumga boʻlinishi bilan izohlagan. Boshqalar aynan muayyan adad emas, balki koʻplik, yaʼni bir necha turdagi qiroat nazarda tutilganini aytgan. Yana baʼzilar yetti qiroatning aynan oʻzi emasligini aytgan.
Umuman, bu haqda qirqdan ziyod fikr aytilgan. “Harf” nima ekani haqida biror hadis yo rivoyat yoʻq. Shuning uchun allomalarning fikrlari ijtihodiy sanalib, umuman olganda, Qurʼon kalimalarini oʻqishdagi turlilik maʼlum va mashhur, eng muhimi, mumkindir. Bu biror ixtilofga asos boʻlmasligi kerak.
Bu – Qurʼonning har bir soʻzi turlicha oʻqiladi va har kim, oʻz xohishiga koʻra, soʻzlarni oʻz lahjasidagi maʼnoga oʻzgartirishi mumkin, degani emas, albatta. Qaysi turda boʻlsa ham, qiroat faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan tinglangan va u zot oʻqib bergan shakllardan biriga mos boʻlishi kerak.
Demak, ilmli mutaxassis (qori) biz odatlangan, oʻqib-oʻrgangan, oʻzimiz anʼanaviy hisoblagan qiroatdan farqli tarzda tilovat qilsa, bu xato emas, sahih rivoyat asosidagi qiroat boʻladi. Uning harfi – biz odatlangandan boshqacha, xolos.
Qiroat bobida “toʻgʻri-notoʻgʻri” deb tortishish ilmsizlik oqibati boʻlib, bu xususda tortishish fitnaga, fitna esa halokatga olib boradi. Shuning uchun moʻmin kishi qiroatlardagi farqni inkor etmasligi, balki uni Allohning hikmati sifatida qabul qilishi kerak ekan.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






