Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi xalqaro qozoq-turk universiteti delegatsiyasi tashrif buyurdi.

Mehmonlar dastlab Markaz muzeyi bilan tanishtirilib, ularga Imom Buxoriy hazratlarining hayoti va ilmiy merosi haqida batafsil maʼlumot berildi. Delegatsiya aʼzolari muzeydagi nodir qoʻlyozmalar, tarixiy eksponatlar va Markazda yaratilgan zamonaviy ilmiy muhitdan katta taassurot oldi.

Shuningdek, mehmonlarga Markazning ilmiy-tadqiqot ishlari, qoʻlyozmalarni raqamlashtirish, xalqaro konferensiyalar va ilmiy dasturlar haqida maʼlumot taqdim etildi.

Qoʻshni yurt olimlari Oʻzbekistonning diniy-maʼrifiy sohada olib borayotgan islohotlariga, ochiqlik va bagʻrikenglik siyosatiga, ilmiy tadqiqotlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitga yuksak baho berib, kelgusida oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish niyatini bildirdi.

Muloqot chogʻida qoʻshma loyihalarni koʻpaytirish va koʻlamini oshirish yuzasidan takliflar oʻrtaga tashlandi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






