Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Indoneziyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Siti Ruhaini Juhayatin xonim tashrif buyurdi.
Markaz direktori Shovosil Ziyodov yuqori maratabali mehmonni dastlab Markaz muzeyidan oʻrin olgan Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosiga doir eksponatlar va nodir qoʻlyozma nusxalar bilan tanishtirdi.
Juhayatin xonimga Markaz va uning boʻlimlari faoliyati, ilmiy xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoit va pirovardida erishilgan muvaffaqiyatlar hamda Indoneziyadagi yirik ilmiy muassasalar bilan hamkorlik aloqalarining ayni paytdagi holati va istiqbollari haqida soʻzlab berildi.
Joriy yilning iyul oyida Markaz vakillarining Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida Indoneziyaga safari davomida qator nufuzli ilmiy va taʼlim muassasalarida uchrashuvlar tashkil etilgani taʼkidlandi.
Xususan, Jakarta shahridagi Sharif Hidayatullah islom universiteti bilan Anglashuv memorandumi imzolangani, ushbu hujjat ikki mamlakat ilmiy muassasalari oʻrtasida qoʻshma tadqiqotlar, ilmiy maqolalar nashri, professor-oʻqituvchi va izlanuvchilar almashuvi, qoʻlyozmalarni oʻrganish va raqamlashtirish kabi yoʻnalishlarda hamkorlikka huquqiy asos boʻlib xizmat qilishi eʼtirof etildi.
Ikki davlat ilmiy aloqalarida Markazning Imom Buxoriy xalqaro stipendiya dasturi ham muhim oʻrin tutishi alohida qayd etildi. Mehmonga ayni kunlarda bu dastur asosida ilmiy amaliyot oʻtayotgan Raden Intan islom universiteti oʻqituvchisi Damanxuri Armadi tanishtirildi. U qoʻlyozma manbalarni oʻrganib, ilmiy izlanishlarni olib bormoqda. Elchi xonim uning tadqiqotlari va Markazda orttirayotgan taassurotlari bilan qiziqdi. D.Armadi bu yerdagi faoliyatidan mamnuniyat izhor etib, ushbu ilmiy muhit unga katta ilhom bagʻishlayotganini taʼkidladi.
Siti Ruhaini Juhayatin xonim koʻrsatilgan iltifot uchun minnatdorlik bildirib, yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlarning yuksak samarasini alohida eʼtirof etdi va mazkur yoʻnalishda, xususan, Markazning Indoneziyadagi akademik ilm dargohlari bilan hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish va koʻlamini kengaytirish borasida barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyor ekanini bildirdi.
Tashrif yakunida mehmonga Markaz tomonidan nashr etilgan adabiyotlar taqdim etildi.