Maʼnaviy tarbiya – har bir jamiyat taraqqiyoti va barqarorligi uchun asosiy shartlardan biri hisoblanadi. Insonning maʼnaviy kamoloti uning hayotiga yoʻl-yoʻriq koʻrsatadi, maqsadini belgilaydi va yoʻnalishini aniqlaydi. Xususan, yoshlar tarbiyasida milliy shior va ramzlar muhim maʼnaviy vosita hisoblanadi. Chunki ular yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, millatga sadoqat va xalqqa xizmat qilish tuygʻusini uygʻotadi.
Milliy shiorlar – ruhiy qudrat manbaidir. Chunki, shiorlar jamiyat maʼnaviy qiyofasini belgilaydigan, unga kuch va ruh beruvchi targʻibot vositasidir. Masalan, “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” kabi shiorlar yoshlar qalbida jonkuyarlik, masʼuliyat va sadoqatni mustahkamlaydi.
Shiorlar insonni ulugʻ maqsadlarga chorlaydi, unda ijtimoiy masʼuliyat tuygʻusini kuchaytiradi. Bunday shiorlar radikal gʻoyalarga qarshi maʼnaviy qalqon vazifasini bajaradi.
Milliy ramzlar – birlik va iftixor timsoli sanaladi. Davlat bayrogʻi, gerbi, madhiyasi kabi milliy ramzlar har bir fuqaro qalbida iftixor va birlik tuygʻusini uygʻotadi. Yoshlar bu ramzlarga ehtirom bilan qaraganda, ularda Vatan taqdiri uchun masʼuliyat tuygʻusi kuchayadi.
Milliy ramzlar har bir millat tarixiy merosini, davlatchilik anʼanalari va mustaqillik qadriyatlarini ifoda etadi. Yoshlar bu ramzlar mohiyatini chuqur anglab yetsa, ularga hech qachon yot gʻoyalar taʼsir koʻrsata olmaydi.
Maʼnaviy tarbiyada amaliyot muhim ahamiyatga ega boʻlib, shior va ramzlarni faqat nazariy taʼriflar orqali emas, balki hayotiy misollarda namoyon etish muhim. Bayroq koʻtarilganda yoshlarda iftixor uygʻotish, milliy madhiya ijro etilganda Vatanga sadoqat tuygʻusini kuchaytirish, shiorlar asosida tadbir, uchrashuv va aksiyalar tashkil qilish shular jumlasidandir. Bunday amaliy choralar yoshlar ongida milliy gʻoyalarni mustahkamlaydi.
Milliy shior va ramzlar yoshlarni maʼnaviy tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega. Ular orqali yoshlar Vatanga muhabbat, millatga sadoqat va xalqqa xizmat qilish tuygʻusini oʻz hayotining asosiy maqsadiga aylantiradi.
Demak, milliy shior va ramzlarni yoshlar ongiga chuqur singdirish – bugungi kunda maʼnaviy tarbiyaning eng muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Bu orqali yoshlar turli mafkuraviy tahdidlardan himoyalanadi va jamiyatning kuchli, masʼuliyatli aʼzolari boʻlib yetishadi.
Milliy shiorlar yurtimiz kelajagi boʻlgan yoshlar qalbiga muhrlanishi kerak. Chunki Vatanni el tashkil qiladi, elni esa ezgu gʻoya ruhlantiradi. Har bir yosh milliy shiorlarni hayot falsafasiga aylantirib yashasa, Oʻzbekistonning ertangi kuni yanada porloq va mustahkam boʻladi.