Home / FOTO LAVHALAR / Maʼnaviy yaqinlik – ilmiy hamkorlik poydevori

Maʼnaviy yaqinlik – ilmiy hamkorlik poydevori

19-iyul kuni Samarqand shahrida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, “Falsafiy va sotsial fanlar” elektron jurnali va Toshkent iqtisodiyot universitetining Samarqand filiali hamkorligida oʻtkazilgan SKOPUS-seminarning xalqaro ishtirokchilari Markazda mehmon boʻldi.

Asosan Indoneziya va Ozarbayjondan kelgan SKOPUS faktorli jurnal muharrirlaridan iborat mehmonlar Markaz direktori Bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayev bilan samimiy muloqot qildi.

Unda xalqaro ilmiy jurnallar faoliyati, SKOPUS tizimi orqali ilmiy tadqiqotlarning xalqaro miqyosda baholanish darajasi, shuningdek, ilm-fan va maʼrifatni rivojlantirishda hamkorlik aloqalarini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi. B.Toʻrayev ilm-fan sohasida xalqaro hamkorlikning ahamiyati va Movarounnahrning ilmiy merosini zamonaviy zamon talablari bilan uygʻunlashtirish yoʻllari haqida mulohaza yuritdi.

Mehmonlar oʻz mamlakatlaridagi ilmiy salohiyat va taʼlim jarayonlari bilan oʻrtoqlashib, tajriba almashishning ahamiyatiga alohida toʻxtaldi.

Tashrif davomida mehmonlar Markazning kishini beixtiyor qadimiy ilmiy-maʼnaviy muhitga eltib qoʻyadigan Imom Buxoriy muzeyi bilan tanishdi. Eksponatlar orqali buyuk muhaddis hayoti, ilmiy merosi va oʻlmas maʼnaviy xazinasi haqida batafsil maʼlumot oldi.

Muloqot va muzeydan olingan ilmiy-maʼrifiy taassurotlar mehmonlarda oʻzaro mushtarak ilmiy qadriyatlarga qiziqish va hurmatni yanada oshirdi. Bunday muloqotlar, fikr almashuvlari va maʼnaviy yaqinlik asosida ilmiy hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, xalqaro miqyosda yakdil va bardavom hamkorlik muhitini shakllantirishga zamin yaratishi taʼkidlandi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Maʼrifiy sayohat va ilmiy muloqotlar

Avval xabar berganimizdek, shu kunlarda Turkiyaning Anqara shahridagi Islom tafakkuri institutida “Movarounnahr toʻrtinchi yozgi seminarlari” …