Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari ishtirokida diniy-mafkuraviy tahdidlarni bartaraf etish, jamiyatda barqarorlik va maʼnaviy sogʻlom muhitni taʼminlashga qaratilgan davra suhbati oʻtkazildi. Unda boshqarmaning tegishli boʻlimlari mutaxassislari, viloyatdagi taʼlim muassasalari va jamoat tashkilotlari vakillari hamda mazkur yoʻnalishda faoliyat yuritayotgan xodimlar ishtirok etdi.
Markaz ilmiy xodimi U.Muhammadiyev yigʻilganlarga zamonaviy mafkuraviy tahdidlarning xususiyatlari, ularning ijtimoiy tafakkurga taʼsiri, shuningdek, bunday holatlarga islom taʼlimoti va milliy qadriyatlar asosida yondashishning ahamiyati haqida soʻzladi.
Suhbat chogʻida asl islomdan yiroq buzgʻunchi gʻoyalar, yoshlarni radikal kuchlar taʼsiriga tushirish mexanizmlari va bunday holatlarning jamiyat xavfsizligiga tahdidi yuzasidan amaliy tahlillar oʻrtaga tashlandi. Ishtirokchilar xizmat faoliyatida duch kelayotgan holatlar, murakkab masalalar va ularni hal etishdagi tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.
Tadbirda, shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qonunning mazmun-mohiyati muhokama qilindi. Taʼkidlanganidek, Qonun va Konsepsiya fuqarolarning eʼtiqod erkinligini kafolatlagan holda, bu huquq orqali jamiyatda nizo va xatar manbai boʻlishi mumkin boʻlgan oqimlarga huquqiy, maʼrifiy va institutsional cheklovlar qoʻyadi. Bu esa davlatning neytral, lekin masʼuliyatli pozitsiyasini namoyon etadi.
Qayd etilganidek, radikal gʻoyalarga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, taʼlim tizimi mutaxassislari va keng jamoatchilikning hamkorligi markaziy ahamiyat kasb etadi. Bunday muloqotlar ularning amaliy faoliyatini mazmunan boyitish, tahliliy yondashuvni mustahkamlash va hududiy xavfsizlikni taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.