Home / MAQOLALAR / Mashina haydovchining 66 ta ODOBI (2-qism)

Mashina haydovchining 66 ta ODOBI (2-qism)

MASHINA HAYDOVCHINING 66 ta ODOBI ni ULUGʻ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:

DONO XALQIMIZ MAQOLLARI:

 Ota-ona rozi – Xudo rozi!
 
 Yaxshi oʻgʻil ota molini biylar,
Yomon oʻgʻil ota molini sochar.
 
 Oʻzingga ravo koʻrmaganni
Oʻzgaga ham ravo koʻrma!
 
 Kishining koʻnglini ogʻritma zinhor –
Sening ham koʻnglingni ogʻrituvchilar bor!
 
 Yaxshiga qilsang yaxshilik –
Ham aytadi, ham qaytadi.
Yomonga qilsang yaxshilik –
Na aytadi, na qaytadi.
 
 Koʻza kunda emas, kunida sinadi.
 
 Odob bilan baxt topilar,
Sabr bilan – taxt.
 
 Oshiqmagan olisga yetar.
 
 Sabr – achchiq, mevasi – shirin.
 
 Sabr tagi – rahmon,
Shoshgan ishi – shayton.
 
 Achchiq savol berib,
Shirin javob kutma.
 
 Achchiq til – zahri ilon,
Chuchuk tilga – jon qurbon.
 
 Sabr etgan yetar murodga,
Besabr – qolar uyatga.
 
 Sabr etgan – murodga yetgan.
 
 Yomonlikka yaxshilik – er kishining ishidir.
Yomonlikka yomonlik – har kishining ishidir.
 
 Qargʻishning ikki uchi boʻlar.
 
 Sabrli boʻlsang – oʻzarsan,
Sabrsiz boʻlsang – toʻzarsan.
 
 Uzun til – boshga toʻqmoq,
Boʻyinga – sirtmoq.
 
 Sabrli kishining ishi soz!
 
 Sabrlining boshiga olma bitar,
Sabrsizning boshiga – gʻavgʻo.
 
 Suvsagan oʻlmas, hovliqqan oʻlar.
 
 Soʻragan adashmas, oʻylovchi shoshmas.
 
 Tek yurgan, toʻq yurar.
 
 Toy mingan ot ham minar.
 
 Toqat qilsang, togʻ egilar,
Sabr qilsang – bogʻ egilar.
 
 Toqatliga togʻlar egar boshini,
Betoqatning itlar yeyar loshini.
 
 Chopib borgan yerga,
Yurib borsa ham boʻlar.
 
 Shoshgan ishga shayton qoʻshilar.
 
 Doʻst orttiraman desang –
Shirin suhbat qil!
Dushman orttiraman desang –
Chaqirtikan boʻl!
 
 Shoshgan er uyiga yetolmas,
Shoshgan qiz erga yolchimas.
 
 Shoshganning ishi oʻngmas.
 
 Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqar,
Yomon gap bilan pichoq qinidan chiqar.
 
 Shoshilgan yiqilar,
Shoshmagan oyga chiqar.
 
 Oʻzi sovuqning – soʻzi sovuq.
 
 Hamma yaxshi – men yomon,
Hamma bugʻdoy – men somon.
 
 Oʻziga boqma – soʻziga boq!
 
 Taom lazzati oʻzida,
Odam lazzati – soʻzida.
 
 Har mevaning poʻchogʻi bor,
Har soʻzning oʻlchovi bor.
 
 Tilingda boʻlsa boling –
Kulib turar iqboling.
 
 Yomon til boshga balo keltirar.
Yaxshi til davlat, dunyo keltirar.
 
 Mazlumlar dilini ogʻritma bir zum,
Balki bir kun oʻzing boʻlasan mazlum…
 
 Shoshmasang, tez yetasan,
Shoshgandan oʻzib ketasan.
 
 Yaxshi ot keyin chopar.
 
 Kimki qilsa yomonlik – aslo topmas omonlik.
 
 Qanoat qilsang, qorning toʻyar,
Beqanoat – otini soʻyar.

 

 ULUGʻLARDAN  HIKMATLAR:

 Dovud paygʻambarning oʻttizta oʻgʻillari boʻlibdi…

Bir kuni peshin namoziga odamlar kechika boshlabdi. Dovud paygʻambar orqalariga qarasalar, oʻng tomonlarida oʻn beshta oʻgʻillari, chap tomonlarida oʻn beshta oʻgʻillari oʻtiribdi ekan.

Shunda sal maqtanchoqlikka boʻy oldirib:

–     Oʻzimiz ham bir jamoa ekanmiz-ku, elni kutmasdan namozimizni boshlayveramiz… Xudo xohlasa, oʻttiz oʻgʻlim bor, haq dinni butun elga oʻzim yetkazaman, degan oʻy kelib, namozni boshlab ketibdilar.

…Xudoga Dovud paygʻambarning bu ishlari yoqmadi. Dovud paygʻambar namoz vaqtida “Assalomu alaykum varahmatulloh!” deb, oʻng tomonga salom berganlarida oʻn beshta oʻgʻillari jon topshirdi. Chap tomonga salom berganlarida, qolgan oʻn beshta oʻgʻillari bandalikni bajo keltirdi.

Xatosini uqqan Dovud paygʻambar alayhissalom koʻz yoshlarini daryo qilib, Yaratgandan kechirim soʻradilar…

Rahmi cheksiz Alloh taolo:

–     Oʻttizta oʻgʻlingizni qaytarib beraymi yo oʻttizini oʻrnini bosadigan bitta oʻgʻil beraymi? – deb soʻradi.

–     Sening amring ikki boʻlmaydi… Oʻttiz oʻgʻlimning jonlari jannatda boʻlsin… Menga ularning oʻrnini bosadigan bitta oʻgʻil bersang bas…

–     Aytganingiz boʻlsin! Lekin bolaning umri qisqa boʻladi. Men unga faqat toʻqqiz yil umr beraman.

–     Mayli, shunisiga ham shukr! – deb, Dovud paygʻambar kelasi yil oʻgʻil koʻradilar.

 U bolaning ismi Sulaymon edi. Sulaymon ish buyurishga yarab qolgan paytida Dovud paygʻambar uning qoʻliga qumgʻon (obdasta), yelkasiga sochiq osib:

–     Oʻgʻlim, sen endi bizning uyga kelgan mehmonlarning yosh-mi, qari-mi hammasining qoʻliga suv quyib turgin! Suvni uch marta uzib-uzib quyasan. Toʻrtinchi marta, agar mehmon soʻrasa, quyasan.

–     Ota, nega uzib quyishim kerak?

–     Sababi – oʻlikni yuvishganda suvni uzmay quyadi. Sen axir suvni tirik odamlarga quyasan-da, oʻgʻlim… Ikkisini farqi bor – dedilar.

Dovud paygʻambarga kelgan yosh-qarining hammasi, suv quyib turgan Sulaymonga “Yuzga kir, bolam!”, “Qoʻling dard koʻrmasin!”, “Katta olim boʻlgin!”, “Podsho boʻlgin!”, “Ulugʻ inson boʻlgin!”, “Umring uzoq, rizqing butun boʻlsin!”, deb rahmatlar aytardi.

Bir kuni Sulaymon toʻqqiz yoshga toʻldi.

U paytlarda bolasi toʻqqizga toʻlgach, uni bir qizga unashtirib qoʻyish lozim edi. …Lekin Allohning “bolaga faqat toʻqqiz yil umr beraman” degani Dovud alayhissalomning eslarida edi.

Bir kuni Dovud paygʻambar saharda Allohni zikr qilib oʻtirar edilar… Sulaymonning yoshi toʻqqizdan oshdi. U endi jon taslim qilishi kerak edi. Buning tirik qolganining sababini soʻradi va agar jonini olmaydigan boʻlsa, bolani unashtirish lozimligini aytdi…

Shunda Haq Taolo:

–     Mening ismlarimdan biri – Rahimdur! Minglab odamlar sizning bolangizga uzoq umr tiladi. Men shuncha xalqning duosini qaytara olmayman… Sulaymon uzoq umr koʻradi, U barcha yerdagi maxluqlarni, osmondagi qushlarning va barcha dengizdagi baliqlarning tilini biladigan boʻladi. Barcha odamlar va jinlarga hukmronlik qiladi, – deb javob berdi.

 

Ana shundan boshlab yosh bolalar qariyalarning duosini olsin, deb, toʻy-marosimlarda ularga suv quydirib qoʻyadigan betakror va beqiyos goʻzal urf-odat paydo boʻlibdi…

 «Sunnat ermish, kofir boʻlsa, berma ozor,
Koʻngli qottigʻ, dil ozordin Xudo bezor,
Alloh haqi, ondogʻ qulgʻa sijjin tayyor,
Donolardin eshitib, bu soʻz aydim mano».
(Hoja Ahmad Yassaviy)

 

 «Kimki bir koʻngli buzugʻning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Kaʼba vayron boʻlsa, obod aylagay».
(Alisher Navoiy)

 

 «Agar boʻlsang ipak kabi muloyim,
Muloyim sen boʻlsang, quling boʻlayin.
Qulogʻimga bergan panding olayin,
Kishiga qattiq soʻz aytuvchi boʻlma».
(Maxtumquli)

 «Agarchi ul oyoq ostidadur xor –
Xudo maxluqidur, ogʻritma zinhor!
Takabbur qilmagʻil, ey, bemaʼoniy,
Faloniy oʻgʻlidurman deb faloniy!»

(Soʻfi Ollohyor quddisa sirruhu)

 «Burungʻi holigʻa qilma nazzora,
Ani Tangrim aziz etsa na chora?!?
Ishonma otagʻa, qolma talabdin!
Qiyomatda soʻralmasdir nasabdin».

(Soʻfi Ollohyor quddisa sirruhu)

 

 «Agar sen qiblaga burmasang yuzni,
Besh mahal sajdayu namozing bekor.
Jannatga hech qachon tikmagil koʻzni
Agar bir moʻminga yetkazsang ozor».

(Abdulla Oripov)

 

«Makkaga yetti qat borgancha boʻlur,
Boshini silasang oʻksik insonni».

(Abdulla Oripov).

 

(2 – qism tugadi. Davomi bor…)

Ibrohimjon domla Inomov
Manba:muslim.uz

Check Also

DINIY BAGʻRIKENGLIK VA MILLATLARARO TOTUVLIK – TARAQQIYOT VA FAROVONLIK OMILI

Hozirgi kunda jahonda 1600 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Dunyo xaritasida esa …