Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi bilan hamkorlikda “Oʻrta Osiyo qoʻlyozmalari kodikologiyasi elementlari” mavzusida oʻtkazilayotgan seminar-trening bugun – 30-aprelda ham davom etdi.
Mamlakatimizning turli burchaklaridan taʼlim, fan va madaniyat muassasalari olim va tadqiqotchilari, Markaz ilmiy xodimlari va Fransiya, Turkiya hamda Qirgʻizistondan kelgan olimlar ishtirokida oʻtgan anjumanda murabbiy Mari Eftimiyu qadimiy qoʻlyozmalar uchun foydalanilgan qogʻozlarning tayyorlanishi, bu jarayon natijasida qolgan izlar, qogʻoz tarkibi, tikilishi, muqovalash shakllari, qaysi davrga mansubligini oʻrganish haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, Oʻrta Osiyo qoʻlyozmalariga xos boʻlgan talablarning tavsifi, ularning vujudga kelish tarixi va bugungi kundagi restavratsiya ishlariga ham alohida eʼtibor qaratdi.
Kunning ikkinchi yarmida seminar oʻz ishini Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasida davom ettirdi. Uning asosiy qismida muzeyning restavrator xodimlari qoʻlyozmalarni tiklash boʻyicha tajribalarini bayon qildi. Ishtirokchilar muzey faoliyati va unda saqlanayotgan eksponatlar va qoʻlyozmalar bilan yaqindan tanishdi.
Ishtirokchilarga tashkilotchilarning tegishli sertifikatlari topshirildi.