Home / FOTO LAVHALAR / Tafakkurga undaydigan kitoblar taqdimoti

Tafakkurga undaydigan kitoblar taqdimoti

2025-yil 21-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktorining Bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayevning “Fazo-vaqt sinergetikasi” va “Oddiy va ommabop sinergetika” kitoblari taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Tadbir olimning 75-yillik yubileyiga bagʻishlab, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi hamda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi hamkorligida, 21–27-aprel kunlari yurtimiz boʻylab “Oʻzbekiston – kitobxonlar yurti” shiori ostida oʻtayotgan V Respublika “Kitobxonlik haftaligi” doirasida tashkil etildi.

Taqdimotda yurtimiz ilm-fani, madaniyati va taʼlimi sohasining yetakchi namoyandalari, olimlar, professor-oʻqituvchilar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar professor Toʻrayevning mamlakatimiz ilm-fani taraqqiyotida tutgan oʻrni, shu bilan birga, sinergetika kabi murakkab va yangi qarashlarni jamiyat uchun tushunarli, ommabop tarzda bayon eta olish mahorati haqida soʻz yuritdi.

Akademiklar, professorlar, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan taniqli ilm odamlari ustoz faoliyatiga yuqori baho berdi.

Shaxsiy xotiralar va yorqin hissiyotlar bilan boy boʻlgan tabrik nutqlarida professor Toʻrayev bilan hamnishinlik kezlarida boʻlib oʻtgan qiziqarli voqealar, ilmiy bahs va suhbatlar ham eslanib, olim “tinmas izlanuvchi va falsafani tushunarli tilda jamoatchilikka suydirgan inson” sifatida taʼriflandi.

Turon fanlar akademiyasi akademigi, Samarqand sinergetika maktabi asoschisi, Oʻzbekiston oliy taʼlim aʼlochisi B.Toʻrayev yillar davomida toʻplagan falsafiy bilim, tahlil va tajribasini kitoblarida teran fikr va jiddiy nazariy asos bilan uygʻunlashtirgan.

Jumladan, «Fazo-vaqt sinergetikasi” asarida muallif zamonaviy sinergetika nazariyasini falsafiy nuqtayi nazardan tahlil qilgan. Unda vaqt va makon kategoriyalari yangi mantiqiy tizim asosida koʻrib chiqiladi. Olim jamiyatdagi jarayonlarni tabiatdagi tizimlar bilan qiyoslab, ulardagi oʻzaro taʼsir va taraqqiyotni nazariy modellar orqali izohlaydi.

“Oddiy va ommabop sinergetika” esa falsafiy fikrni yoshlar, oʻqituvchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun oson qabul qilishiga moʻljallangan. Bu asarda murakkab ilmiy tushunchalar hayotiy misollar va obrazli ifoda bilan yoritilgan. Muallif nazariy bilimni amaliy fikr bilan uygʻunlashtirib, sinergetik qarashlarni turli hayotiy sohalarda qoʻllash imkoniyatlarini koʻrsatadi. Kitob shu jihati bilan taʼlim tizimida ham foydalansa boʻladigan qoʻllanma tasnifiga ega.

Tadbir ishtirokchilari ushbu asarlarni “inson ongini taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiquvchi”, “fan va falsafa oʻrtasidagi robita”, “zamonaviy tafakkurda yuzaga kelayotgan intellektual boʻshliqni toʻldiruvchi manba” sifatida baholadi.

Taqdimot davomida ZOOM platformasi orqali Samarqand, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Qarshi, Urganch, Nukus, Fargʻona, Namangan va Andijon shaharlaridan onlayn tarzda qatnashchilar soʻzga chiqdi. Bu esa tadbirning respublika miqyosidagi ahamiyatini yanada oshirdi.

Umuman olganda, mazkur anjuman nafaqat bir olimning yubileyiga bagʻishlangan tadbir, balki zamonaviy falsafiy fikrlar, sinergetik yondashuvlar va intellektual muloqot maydoni sifatida ham yuksak ahamiyat kasb etdi.

Tadbir ilmiy-maʼrifiy muhitda, qizgʻin ruhda, mazmunli oʻtdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Qoʻlyozmalar tadqiqi sohasiga oid xalqaro seminar boshlandi

Bugun, 29-aprel kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi …